Toshkent shahridagi barcha tuman soliq inspeksiyalarining boshliqlarini ishdan olib, vazifasini bajaruvchi qilib qo‘yish topshirildi

18

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Shayxontohur tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i X.Mullajonov va Toshkent shahar soliq boshqarmasi boshlig‘i Y.Nasimdjanovni ishdan olish, faoliyatini o‘rganib, qonun ustuvorligini ta’minlash topshirildi.

Soliq qo‘mitasi raisiga Toshkent shahridagi barcha tuman soliq inspeksiyalarining boshliqlarini ishdan olib, vazifasini bajaruvchi qilib qo‘yish topshirildi.

Qo‘mita raisi F.Po‘latov va qo‘mitaga tayinlangan komplayens bo‘yicha yangi o‘rinbosar A.Soliyevga korrupsiyaga murosasiz muhitni yaratish, Toshkent shahri soliq rahbarlarining lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqib, ularning o‘rnini vatanparvar, yangilikka intilib ishlaydigan shijoatli yoshlar bilan to‘ldirish vazifasi qo‘yildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning shahar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari A.G‘aniyev qo‘shtirnoq ostidagi “tadbirkor”larga soliqdan qochishda yo‘l ko‘rsatib yurgani uchun uni bugunning o‘zida ishdan olish topshirildi.

A.Soliyev va Toshkent shahar hokimiga komplayens bo‘yicha o‘rinbosar etib tayinlangan M.Mirhamidov poytaxtda yashirin iqtisodiyotga qarshi murosasiz muhit yaratishga mas’ul bo‘lishi belgilandi.

O‘zA