Toshkent shahrida yashirin va kuzatilmaydigan iqtisodiyot 60 trillion so‘mga yetgan, bu byudjet yiliga 7,5 trillion so‘mni yo‘qotyapti degani
Birgina aksiz solig‘i to‘lovchilar ishlab chiqarish va realizatsiya hajmini yashirgani oqibatida 66 milliard so‘m soliqdan qochilgan.
Yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish va soliq ma’murchiligi bo‘yicha poytaxt soliq organlarining ishi mutlaqo qoniqarsiz ekani qayd etildi.
Masalan, qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lovchilarning qariyb 30 mingi QQSning biror so‘mini to‘lamagan. Yoki savdo, servis va umumiy ovqatlanishdagi kassa apparatining to‘rtdan biri ishlatilmayapti.
Ayrim soliq boshliqlari tushumni ko‘paytirish o‘rniga qo‘shtirnoq ichidagi “tadbirkor”larga “homiylik” qilish bilan bandligi ko‘rsatib o‘tildi. Masalan, shaharda o‘tkazilgan tekshiruvlarda 70 milliard so‘m soliq hisoblanmasdan qolgani aniqlangan. So‘nggi ikki yilda shahar soliq idoralarining 19 nafar xodimi korrupsiya bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortilgan, byudjetga 27 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
O‘tgan hafta Mirzo Ulug‘bek tumani soliq inspeksiyasining boshlig‘i D.Usmanov ishdan olinib, jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U inspeksiya binosining bir qismini shaxsiy maqsadda ijaraga berib, 315 million so‘mni o‘zlashtirgan, ish faoliyatida guruhbozlikka va maishatbozlikka berilgan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
O‘zA