Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi tanqidiy ruhda boshlandi

27

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida davlat va jamiyat xavfsizligiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid qilayotgan uyushgan jinoyatchilik, narkojinoyatlar, kiberjinoyatlar va yashirin iqtisodiyot bo‘yicha ta’sirchan choralarni belgilash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi tanqidiy ruhda boshlandi.

–Bu muammolarning har biri alohida-alohida xavfli. Lekin ular bir bo‘lib harakat qilayotgani yanada jiddiy tahdidni yuzaga keltiradi, – dedi Prezidentimiz.

Yig‘ilish Toshkent shahrida o‘tayotgani bejiz emas. So‘nggi to‘qqiz yilda poytaxtning doimiy aholisi 1 millionga ko‘paydi, transport vositalari 2 karra ortib, 800 mingga yetdi. Kuniga yana 1 million odam keladi, 350 ming transport kirib-chiqadi.

42 ta maktab, 426 ta bog‘cha, qariyb 36 million kvadrat metr savdo ob’ekti va 145 ming xonadonli uy-joy qurildi. Poytaxt iqtisodiyoti 367 trillion so‘mdan, uning jon boshiga yillik hajmi esa 116 million so‘mdan oshdi.

Ya’ni Toshkent shahri nafaqat vazirliklar joylashgan ma’muriy hudud, balki respublikaning iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy markazi sifatidagi o‘rnini yanada mustahkamladi. Bir so‘z bilan aytganda, poytaxtda iqtisodiy rivojlanish darajasi sezilarli oshdi.

Qayerda hayot sifati yaxshilansa, daromad ko‘paysa, o‘sha yerda “yengil pul topish” harakatida bo‘lgan jinoiy tuzilmalar ham faollashadi. Jinoyatning yangi usul va vositalari ham, eng avvalo, shu yerda paydo bo‘ladi.

O‘zA