O‘zbekiston velosport federatsiyasi Osiyo velosport konfederatsiyasi bilan hamkorlik bitimini imzoladi

Oliy Majlis Senati Raisi, O‘zbekiston velosport federatsiyasi raisi Tanzila Norboyeva Osiyo velosport konfederatsiyasining yangi saylangan prezidenti Dato Amarjit Singx bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston velosport federatsiyasi va Osiyo velosport konfederatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida mamlakatimizda velosport davlat siyosati darajasida qo‘llab-quvvatlanayotgani, zamonaviy infratuzilma yaratilgani hamda sportchilarning xalqaro maydondagi natijalari izchil o‘sib borayotgani qayd etildi.

Xususan, milliy va paravelosport terma jamoalarining Olimpiya o‘yinlari va jahon musobaqalaridagi ishtiroki mamlakatning yuqori salohiyatini namoyon etayotgani ta’kidlandi.
Tomonlar Hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bitim doirasida O‘zbekistonda mintaqaviy o‘quv-trening markazi tashkil etish, xalqaro musobaqalarni Konfederatsiya taqvimida kengaytirish, mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni amalga oshirish, shuningdek, ayollar va paravelosportni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarni faollashtirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova,
O‘zA