“Kaykovus” kanali bo‘yida savdo, servis va dam olish infratuzilmasi rivojlantiriladi

Poytaxt, viloyat markazlari va yirik tuman-shaharlardagi jozibador biznes muhiti barqaror tadbirkorlar sinfining shakllanishiga xizmat qilmoqda.
Masalan, respublikadagi jami sanoatning 62 foizi, xizmatlarning 57 foizi tadbirkorlik salohiyati yuqori 50 ta tuman-shaharga to‘g‘ri keladi. Uch yil oldin ushbu tumanlarda mahalliy byudjetning qo‘shimcha daromadi jami 875 milliard so‘m bo‘lgan. Endi esa ularga 8,5 barobar ko‘p, ya’ni 7 trillion 400 milliard so‘m qo‘shimcha mablag‘ tushadi.
Shu bois, 50 ta tuman hokimi imkoniyatini ishga solib, infratuzilmani yaxshilash orqali daromadni ko‘paytirish bo‘yicha qattiq ishlashi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Bu borada poytaxtdagi 12 ta tumanda biznes reja ishlab chiqilib, byudjetga yana 5,5 trillion so‘mlik tushum manbasi aniqlandi. Masalan, Olmazor tumanida joriy yil mahalliy byudjetga qo‘shimcha 525 milliard so‘m kelib tushishi kutilmoqda.
Masalan, “Kaykovus” kanalining 2 kilometr qismi Eski shahar hududidagi 8 ta mahalladan o‘tgan. Endi ushbu 8 ta mahalladagi hokim yordamchilari bitta “loyiha guruhi”ga birlashib, yaxlit konsepsiya asosida kanal bo‘yida savdo, servis va dam olish infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha ishlaydi.
Xuddi shu tartibda turizm, ta’lim, tibbiy xizmatlar, renovatsiya, ko‘l bo‘yi, gavjum ko‘chalar kabi yo‘nalishlarda ham hokim yordamchilaridan iborat “loyiha guruhlari” tashkil qilinadi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
O‘zA