37 ta “og‘ir” tumanda oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida kreditlar 12 foizdan beriladi

8

Joriy yilda kichik va o‘rta biznesni rivojlantirishga 140 trillion so‘m kredit ajratilishi belgilangan.

–Ochiq aytish kerak, hozir banklar taklif qilayotgan kreditlar barcha tuman va shaharlar uchun bir xil. Endi o‘zingiz ayting, Olmazor bilan Bo‘zatovdagi imkoniyat va sharoitni taqqoslab bo‘ladimi?  

Lekin oilaviy tadbirkorlik uchun ikkala tumanga bir xil, 17,5 foizli kredit ajratilyapti. Endi 37 ta “og‘ir” tumanda ushbu dastur doirasida kreditlar 12 foizdan beriladi, – dediPrezidentimiz.

Barcha tumanda oilaviy tadbirkorlik bo‘yicha imtiyozli kreditning eng ko‘p miqdori 1,5 karra ko‘payib, 50 million so‘mga yetkaziladi. Bunda import qilingan va sertifikatli naslli chorva uchun 100 million so‘mgacha kredit beriladi. Uy mehmonxona, kichik hajmli muzlatkich, mahsulotni saqlash va qayta ishlash mini texnologiyasi uchun 150 million so‘m garovsiz kredit ajratiladi.

Chegara va anklav hududda joylashgan 562 ta mahalladagi tadbirkorlik loyihalarining kredit miqdori 1 milliard so‘mgacha oshiriladi.

Buning uchun joriy yilda oilaviy tadbirkorlik dasturlariga reja qilingan 3,6 trillion so‘mga qo‘shimcha yana 2 trillion so‘m resurs yo‘naltirilishi belgilandi.

Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirish uchun bu yil banklar 17 trillion so‘mlik kredit ajratadi. Bu jarayonda mahsulot yetishtirishga olingan kreditning 4 foizi, uni qayta ishlash loyihasida esa 6 foizi qoplab beriladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

O‘zA