O‘zbekiston Prezidenti Tinchlik kengashi Nizomini imzoladi

17

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSH Prezidenti Donald Trampning taklifiga binoan 21-22 yanvar kuni Amerika yetakchisi tashabbusi bilan tashkil etilgan Tinchlik kengashi nizomini imzolash marosimida ishtirok etish uchun amaliy tashrif bilan Shveysariyada bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari 22 yanvar kuni Davos shahrida Tinchlik kengashi Nizomini imzolash marosimida ishtirok etdi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp raisligida o‘tgan tadbirda Argentina, Armaniston, Bahrayn, Bolgariya, Indoneziya, Iordaniya, Marokash, Mo‘g‘uliston, Ozarbayjon, Paragvay, Pokiston, Qatar, Qozog‘iston, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Vengriya va boshqa davlatlar rahbarlari, bosh vazirlari va tashqi ishlar vazirlari ham qatnashdi.

Tinchlik kengashining tashkil etilishi O‘zbekiston tashqi siyosatining tinchlikni ta’minlash borasidagi tashabbuslari va ko‘p qirrali hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ustuvor vazifalariga mosdir. Yangi tuzilma BMTning Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasi bilan qo‘llab-quvvatlangan G‘azo sektoridagi mojaroni tugatish bo‘yicha kompleks rejani amalga oshirish doirasida shakllantirilmoqda.

Tinchlik kengashi mojaroning keskinlashuv xavfini kamaytirish, G‘azo sektorida iqtisodiy va ijtimoiy tiklanish uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratilgan. Bu farovon iqtisodiyot va tinch-osoyishta hayotga ega Yangi G‘azoni barpo etish, istiqbolda Falastin davlatini tuzish imkoniyatini vujudga keltirmoqda.

Kengash tarkibidan jahonning turli mamlakatlaridan nufuzli va ta’sirga ega yetakchilar o‘rin oldi.

Kengash Nizomini imzolab, O‘zbekiston uni ta’sis etgan davlatlardan biriga aylandi. Bu mamlakatimizning kengash faoliyatida izchil ishtirok etishga hamda barcha ta’sischi davlatlar va xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikda uning vakolatlarini hayotga tatbiq etishda amaliy hissa qo‘shishga tayyorligini anglatadi.

Tinchlik kengashi Nizomini imzolash marosimi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban o‘rtasida muloqot bo‘lib o‘tdi.

Yetakchilar do‘stona ruhda o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Ko‘p tomonlama, shu jumladan,   Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi hamkorlik istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Prezidenti “Blackrock” kompaniyasi direktorlar kengashi a’zosi va katta boshqaruvchi direktori Adebayo Ogunlesi bilan uchrashdi.

Ushbu yetakchi kompaniya bilan investitsiyaviy hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va ilgari erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

“Blackrock” kompaniyasining mamlakatimizdagi ustuvor loyihalarda ishtirok etish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Kompaniyaning O‘zbekistondagi bir qator korxonalar kapitaliga kirish, qo‘shma investitsiya mexanizmlarini ishlab chiqish va mamlakat investitsiya muhitini yaxshilash uchun xalqaro ekspertizani jalb qilish bo‘yicha tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.

Davosdagi tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mazkur yetakchi moliya instituti bilan strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va hamkorlikni kengaytirishning amaliy jihatlari muhokama qilindi.

Bankning mamlakatimiz bilan hamkorligi barqaror strategik tusga ega. O‘zbekiston YeTTBning mintaqadagi eng yirik hamkori bo‘lib qolmoqda. Bankning investitsiyalari hajmi qariyb 7 milliard dollarga yetdi.

2025 yilda amaliyotlar, shu jumladan, xususiy sektorga yo‘naltirilgan mablag‘larning hajmi 1 milliard dollardan oshdi.

YeTTBning “yashil” energiyani rivojlantirish, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, ekologik dasturlarni amalga oshirish, moliya bozorini isloh qilish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi yuqori baholandi.

Joriy yil uchun hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, xususiy sektor va infratuzilmani rivojlantirish, temir yo‘l transportini raqamli transformatsiya qilish hamda boshqa masalalar belgilab olindi.

Ayollar va yoshlarni zamonaviy kasblar va biznesga o‘qitish bo‘yicha dasturlarni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Davosdagi tadbirlar doirasida Prezident Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, Serbiya Prezidenti Aleksandr Vuchich, AQSH savdo vaziri Govard Latnik, Buyuk Britaniyaning sobiq Bosh vaziri, Global o‘zgarishlar instituti raisi Toni Bler bilan ham suhbatlar o‘tkazdi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Швейцарияга amaliy tashrifi yakunlandi.

 O‘zA