Tashqi ishlar vazirligining strategik tahlil va rejalashtirish salohiyatini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.
Ikki va ko‘p tomonlama siyosiy-diplomatik aloqalarni kengaytirish, Yangi O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qiladi. 2035-2036 yillarda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy bo‘lmagan a’zoligiga O‘zbekiston nomzodi ilgari surilmoqda.
Barcha diplomatlarimiz joriy yilda ham xalqaro aloqalar jadvalida yuqori faollikni saqlab qolish, tashqi siyosiy kun tartibi yanada sermazmun bo‘lishi uchun jiddiy sa’y-harakat qilishi zarurligi ta’kidlandi.
Oliy darajadagi tashriflarga bir oy qolganda emas, ancha oldin tayyorgarlik ko‘rish, puxta ishlanmagan shartnomalar ertaga istiqbolsiz loyihaga aylanishi yoki investorlar yillar davomida sarson bo‘lib yurishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi qayd etildi.
Dunyoda o‘z ovozi va salohiyatiga ega bo‘lgan Buyuk Britaniya, Ispaniya, Indoneziya, Avstraliya, Braziliya, Kanada kabi yirik davlatlar bilan oliy darajadagi tashriflar hanuzgacha amalga oshirilmagani, aloqalar sust bo‘lib qolayotgan davlatlar bilan hamkorlikni jonlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmaganiga e’tiroz bildirildi.
Oliy darajadagi xorijiy tashriflarga tayyorgarlik sifatini oshirish, Tashqi ishlar vazirligining strategik tahlil va rejalashtirish salohiyatini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.
O‘zA