Elchilar “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, xorijdagi vatandoshlarimiz muammosi yechimi bo‘yicha ishlashi shartligi qayd etildi

17

Fuqarolarimizning xorijiy davlatlarda o‘tkazilayotgan turli reydlarda huquqlari buzilayotgani haqidagi xabarlar jamoatchilikda jiddiy norozilik uyg‘otmoqda.

Aksariyat holatlarda Tashqi ishlar vazirligi rasmiy nota berish bilangina cheklanib qolmoqda.

–Elchi va konsullar har bir holat yuzasidan malakali yuridik yordam ko‘rsatib, xorijdagi fuqarolarimizning huquq va manfaatlarini himoya qilishi shart,– dedi Prezidentimiz.

Bundan tashqari, xorijdagi yoshlarimiz yoki talabalarning turli oqimlarga qo‘shilib qolayotgani barchani jiddiy tashvishga solishi kerakligi ta’kidlandi.

Bundan buyon elchilar “kabinet diplomatiyasi”dan voz kechib, xorijdagi vatandoshlarimiz ishlayotgan qurilish maydoniga, yotoqxonaga, talabalar auditoriyasiga borib, ularning muammosini o‘rganib, yechimi bo‘yicha ishlashi shartligi qayd etildi.

Mutasaddilarga xorijda og‘ir vaziyatga tushib qolgan fuqarolarimiz uchun bepul koll-markaz tashkil etib, murojaatlarini tegishli vazirliklar bilan tezkor hal qiladigan tizim yaratish topshirildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

O‘zA