Yangi Toshkentning ilk energetika quvvatlari barpo etilmoqda

3

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent hududida qurilayotgan energetika ob’ektlari bilan tanishdi.

Trigeneratsiya texnologiyasi shaharni markazlashgan sovitish va isitish bilan ta’minlash uchun zamonaviy yechim bo‘lib, an’anaviy quvvatlarga nisbatan 2 baravargacha kam energiya sarflaydi. Oddiy issiqlik markazlari yoki sovitish tizimlarida ishlab chiqarish jarayonlari alohida-alohida amalga oshiriladi. Trigeneratsiyada esa bularning barchasi yagona texnologik zanjir asosida birlashtiriladi.

Hozirgi paytda Yangi Toshkentda aynan shu texnologiyaga asoslangan stansiyaning asosiy bino va inshootlarining qurilishi jadal ketmoqda. Loyiha doirasida talab etiladigan asosiy asbob-uskunalar xalqaro energiya samaradorlik talablariga to‘la mos keladi.

Birinchi bosqichda issiqlik uchun 75 megavatt, sovitish tizimi uchun esa 100 megavatt quvvat yaratiladi. Shu bilan birga, 17 megavatt miqdorda qo‘shimcha elektr energiyasi ham ishlab chiqariladi.

Prezidentimiz Yangi Toshkentning birinchi nimstansiyasida olib borilayotgan ishlar bilan ham tanishdi.

Nimstansiya quvvati 100 megavattga teng bo‘lib, Yangi Toshkentning dastlabki bosqichdagi ehtiyojlarini ta’minlaydi. Loyiha Xitoyning “Haocheng Industry Group Limited” kompaniyasi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilmoqda.

E’tiborlisi, ushbu ob’ekt O‘zbekistondagi birinchi yopiq turdagi nimstansiya hisoblanadi.

Bunday tipdagi inshootlar an’anaviy ochiq nimstansiyalarga nisbatan bir qator ustunliklarga ega. Avvalo, ular shahar ichidagi muhitga mos loyihalanadi va hudud arxitektura qiyofasini buzmasdan joylashtiriladi. Shuningdek, bunday nimstansiyalarning shovqin darajasi an’anaviylariga qaraganda ikki baravar past bo‘ladi. Bundan tashqari, ochiq turdagi inshootlarga nisbatan uch barobar kam maydon talab qiladi. Bu yangi qurilayotgan Yangi Toshkent kabi murakkab muhandislik konsepsiyasiga ega shaharda juda katta afzallik hisoblanadi.

Prezidentimiz mazkur ob’ektlar bilan tanishar ekan, ularning texnik imkoniyatlari, iqtisodiy samarasi va Yangi Toshkent uchun strategik ahamiyatini alohida qayd etdi. Loyihaning yanada samarali ishlashi va kelgusidagi bosqichlarini tez hamda sifatli amalga oshirish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi.