Zamonaviy turar joy majmuasining qurilishi bilan tanishildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbari Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida ta’kidlaganidek, joriy yilda 8 million 100 ming kvadrat metr ko‘p qavatli uylar qurilib, aholiga topshirilmoqda. Umuman, so‘nggi to‘qqiz yilda 210 million kvadrat metrli turar joy va noturar joy ob’ektlari foydalanishga topshirildi.

Yangi Toshkentda ham keng ko‘lamli uy-joy qurilishi boshlab yuborilgan. Birinchi bosqichda 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma barpo etilishi belgilangan. Loyiha to‘liq yakunlanganda esa Yangi Toshkent 2 million nafar odam yashaydigan ulkan megapolisga aylanadi.

Ularning uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash borasidagi birinchi qadam “Sharq bahori” turar joy majmuasidir. Majmua mintaqamizdagi eng yirik uy-joy loyihalaridan biri hisoblanadi. 95 gektar hududda 15 mingga yaqin xonadondan iborat ko‘p qavatli uylar quriladi.

Bugunga qadar bu yerda 18 million kvadrat metrdan ortiq qurilish ishlari bajarildi. Bunda “A+” energiya tejamkorlik toifasidagi zamonaviy materiallar qo‘llanmoqda.

Majmuada 15 mingdan ortiq daraxt va ko‘chatlardan iborat yashil hudud tashkil qilish ham rejalashtirilgan. Shuningdek, avtonom isitish va sovitish tizimlari bo‘ladi, tom qismlari to‘liq quyosh panellari bilan qoplanadi.

Aholining shaxsiy transport vositalarini saqlashi uchun uylarning yer osti qismlarida avtoturargohlar tashkil etiladi. Majmuadan 5-10 daqiqalik masofada bog‘, metro bekati, ma’muriy binolar va ijtimoiy muassasalar qayd rostlaydi.

Prezidentimiz tayyor xonadonlardan biriga kirib, sharoitlar bilan tanishdi, Yangi Toshkent aholi uchun har tomonlama qulay uy-joy qurishda butun mamlakatimizga namuna va tajriba maktabi bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.