Sirdaryoning rivojlanish formulasi: agrar an’anadan innovatsion iqtisodiyot sari yo‘l

Prezident tashrifidan so‘ng…
Sirdaryo viloyati haqida gapirganda ko‘z oldimizda nimalar gavdalanadi? Viloyat hududini kesib o‘tgan asosiy avtomobil yo‘li. Yo‘l chetiga terib qo‘yilgan tarvuz-qovunlar, ochiqko‘ngil va mehnatkash xalq. Oxiri ko‘rinmaydigan paxta dalalari, katta-kichik ariqlar, yarimcho‘l yaylovlar…
Tasavvurimizga shu tarzda oddiygina joylashgan viloyatning bugungi imkoniyatlari, iqtisodiy qudrati aslida ancha yuqori.

Sirdaryo mamlakatimizda juda katta hududga ega emas. Shunday bo‘lsa-da, agrar salohiyati, suv resurslarini boshqarish tajribasi va markaziy yo‘llar kesishgan nuqtada joylashgani uni strategik maydonga aylantirgan. Shuningdek, yirik majmualar, qayta ishlash korxonalari, yangi energiya ob’ektlari vazminlik bilan o‘sib bormoqda.
Bu o‘zgarishlar xalqning kundalik hayotda ko‘rinmoqda. To‘g‘ri, Sirdaryo viloyati uzoq yillar davomida iqtisodiyoti faqat agrar tarmoqqa tayanib kelgan hududlar qatoriga kirar edi. Sanoat bazasi kam, tadbirkorlik sektori sust bo‘lgan bu hudud so‘nggi sakkiz yilda tamoman boshqa qiyofaga o‘zgargani rost.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 dekabr kuni bu viloyatga tashrif buyurgan edi. Davlat rahbari erkin iqtisodiy sanoat zonalaridagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi. Mahallalarda bo‘lib, aholi bilan muloqot qildi. Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida esa hududning istiqboliga aloqador tashabbuslar ilgari surildi. Bugun “Prezident tashrifidan so‘ng…” ruknida shular haqida gurunglashamiz.
So‘nggi sakkiz yilda Sirdaryoga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar ko‘lamining sur’ati o‘sdi. Bu hududda biznes yuritish sharoiti yaxshilangani bilan bog‘liq.
Shu o‘rinda mavzuga doir ba’zi raqamlarga to‘xtalamiz. Bu davr mobaynida viloyatga 4 milliard dollar investitsiya kiritildi. Shu investitsiya hisobidan esa 187 ta yirik ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi. Natijada 120 mingdan ortiq inson ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Sirdaryo tumanidagi “River Med Pharm” korxonasi viloyatdagi ana shunday muhim va istiqbolli loyihalardan biri sanaladi.
Mazkur korxona mamlakatimizda infuzion dori vositalari ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan infuzion eritmalarning 20 foizi aynan ushbu korxonaga to‘g‘ri keladi.

Bunday dori vositalari bemor hayoti uchun eng muhim tibbiy mahsulotlardan biri sanaladi. Ularni tayyorlash oddiy tabletkalar ishlab chiqarishdan ancha murakkab. Chunki bu turdagi eritmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri qon tomirlariga yuboriladi. Demak, ular mutlaq steril sharoitda, yuqori aniqlikda va xalqaro standartlarga to‘liq javob bergan holda ishlab chiqarilishi shart.
Bunday sifat talablari korxonaning texnologik imkoniyatlari, modernizatsiya va yuqori malakali mutaxassislar tayyorgarligini talab qiladi. Shu bois mamlakatda bu mahsulotlarni mahalliy ishlab chiqarish importga bog‘liqlikni kamaytirish va tibbiyot muassasalarini barqaror ta’minot bilan ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi.
– Loyihaning umumiy qiymati 30 million dollardan ortiq bo‘lib, hozirgi kunda 750 nafar odam doimiy ish bilan ta’minlangan, – dedi korxona direktori Jahongir Kuduzov. – Davlatimiz rahbari bu yerdagi mahsulotlar bilan tanishdi. Yaqin istiqbolda amalga oshiriladigan navbatdagi bosqich haqida ma’lumot berdik.

Muloqotda biz Prezidentning rag‘bati va ishonchini his qilib turdik. Bu hammasidan muhim. Yiliga 135 milliard so‘mlik qiymatda 70 turdagi, umumiy hisobda 114 million dona dori vositalarini ishlab chiqaramiz. Mahsulotlarimizning 20 foizi eksport qilinayotgani ishimizning xalqaro raqobatbardoshligini ko‘rsatadi. Kelgusida korxonada ishlab chiqariladigan mahsulot turlari esa 200 xilga yetkaziladi. Bu bosqichda shisha va plastik idishlardagi in’eksiya uchun eritmalar, shuningdek, tabletka va kapsulalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Yana bir muhim tomoni, ish o‘rinlari soni mingta bo‘ladi.
Ta’kidlanishicha, loyihaning ikkinchi bosqichida quvvat yanada kengaytiriladi. Buning natijasida umumiy yillik hajm 245 milliard so‘mga yetkaziladi. Korxona 30 million dona infuzion eritmalar, 70 million donadan ortiq quruq antibiotiklar va qariyb 20 million dona ko‘z-burun tomchilarini ishlab chiqaradi.
Loyihaning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi mamlakat farmatsevtika sohasidagi import o‘rnini bosish, aholini barqaror va sifatli dorilar bilan ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Bunday loyihalarning amalga oshishi Sirdaryoda uchun tasodifiy emas. Ular uzoq muddatli iqtisodiy strategiyaning natijasidir. Prezident tashrifi esa bu jarayonlarga qo‘shimcha jadallik berdi. Hududning kelgusi rivojlanishi uchun aniq maqsadlar belgilandi.
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbiri