Bir manba, ikki natija: Toshkentda ikki mingga yaqin ob’ektni issiqlik bilan ta’minlaydigan markaz ishga tushdi

0

Prezident tashrifidan so‘ng…

Qish. Tun. Ko‘p qavatli uyda elektr va issiqlik ta’minoti bir vaqtning o‘zida uzilib qolgan palla. Shaharga ertaklardagidek yulduzli, lekin juda sovuq parda tashlagan. Ayozning zo‘ridan borliq chirsillab ketayotganday tuyuladi.

Uchinchi qavatning derazasi. Telefonining chirog‘ini yoqib olgan onaxon pardani sekin surib, oynadan tashqariga mo‘ralaydi. Uncha katta bo‘lmagan bu oilada cholu-kampir o‘g‘li, kelini va uch yashar nevarasi bilan yashaydi.

Issiqlik tizimi to‘xtagani uchun batareyalar muzlagan. Ona go‘dagini bag‘riga bosganicha shkafni titkilaydi. Yana qalinroq kiyim izlaydi.

– Bu sharoitda duo qilishdan boshqa nima qilishni bilmaysan, – deydi otaxon oshxonadagi lippillagan gazni biroz balandlatishga urinib. – Hovli bo‘lsa edi, pechkaga  o‘tin qalasang. Gurillatib yoqsang. Shunaqa kutilmaganda bo‘ladigan sovuqlardan eson-omon o‘tib olsang. Ha, mayli, mushkulimiz oson bo‘lsin…

Bu manzarani bir maqola sabab, shunchaki, to‘qimadik. O‘shanda 2023 yilning yanvari edi. Toshkentda ko‘p xonadonlar anomal sovuqdan, buning ortidan yuzaga kelgan shu kabi muammolardan qiynalgan edi.

O‘tgan mavsumlarda issiqlik ta’minotida vujudga kelgan ana shunday holatlar chuqur tahlil qilindi. Muammolarni bartaraf etish bo‘yicha bosqichma-bosqich chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Murakkab vaziyatlarning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida esa bir vaqtning o‘zida elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqaradigan bir qator zamonaviy kichik kogeneratsiya qurilmalari ishga tushirildi.

Yunusobod tumanidagi 4-issiqlik markazi hududida davlat-xususiy sheriklik asosida barpo etilgan, quvvati 100 MVt bo‘lgan mazkur loyiha ana shunday muhim tashabbuslardan biri sanaladi. Bu loyiha Xitoyning nufuzli “CNTIC” kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. U 3,5 gektar maydonga joylashdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 dekabr kuni shu loyiha faoliyati bilan tanishgan edi. Bugun “Prezident tashrifidan so‘ng…” ruknida ushbu tashabbusning ahamiyatiga alohida to‘xtalamiz.

Elektr va issiqlik ta’minotining to‘satdan uzilishi birinchi navbatda bolalar va keksalar uchun jiddiy xavf tug‘diradi. Boshqacha aytganda bu faqat texnik muammo sanalmaydi. U ijtimoiy xavfsizlik masalasi sirasiga ham kiradi. Yangi barpo etilgan katta kogeneratsiya markazi aynan shu xavfsizlikni ta’minlaydigan loyihalar qatorida turadi.

Shu o‘rinda kogeneratsiya nimasi bilan ahamiyatli, u qanday ishlaydi degan savolga xalqona tarzda javob beramiz.

Bunda gaz yonadi, lekin issiqliq va kuch shunchaki yo‘qolmaydi.

Odatiy issiqlik markazlari yoqilg‘ini faqat issiqlikka aylantiradi.Elektr stansiyalari esa aksincha bo‘ladi. Faqat elektr olinadi. Issiq esa shunchaki havoga ketadi.

Kogeneratsiyada ikkalasi bir vaqtda olinadi. Yoqilg‘i odamlar uyini isitish bilan birga elektr ishlab chiqaradi. Ikki tomonlama foyda bo‘layotgani uchun uning samaradorligi juda yuqori.

Ushbu loyihaga 65 million dollarlik to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritilgan. Bu biznes uchun ham, energiya siyosatini diversifikatsiya qilish uchun ham muhim. Uskunalar Buyuk Britaniyaning “Rolls-Royce” kompaniyasi tomonidan yetkazilgani esa sifat, ishonch va xizmat muddati bo‘yicha yuqori standartni ta’minlaydi.

Markazning ishga tushishi bilan poytaxtning ma’lum hududlarida issiqlik ta’minoti barqarorligi ta’minlanmoqda. Qozonxonalardan iste’molchilargacha bo‘lgan issiqlik ta’minoti infratuzilmasi rekonstruksiya qilindi. Issiqlik magistrallari yangilandi. Tarmoqlar izolyatsiyali quvurlar bilan almashtirildi. Bu esa turli darajadagi energiya yo‘qotishlarining oldini olish imkonini beradi.

– Bu yerda yil davomida 876 million kilovatt-soat elektr energiyasi va deyarli 858 ming gigakaloriya issiqlik ishlab chiqariladi, – deydi markaz rahbari Bekzod Bo‘ronboyev. – Bu raqamlar faqat texniq quvvatni bildirmaydi. Buning natijasida yiliga 35 million kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Endi poytaxtning Yunusobod, Olmazor, Shayxontohur, Mirzo Ulug‘bek va Yakkasaroy tumanlarida joylashgan jami 1 ming 846 ta ob’ekt doimiy issiqlik energiyasi bilan ta’minlanadi. Ularning 1 ming 400 tasi aholi xonadoni, qolgan qismi esa ijtimoiy soha ob’ektlaridir. Shuningdek, 292 ming xonadon barqaror elektr energiyasi bilan qamrab olinadi.

Loyiha ishga tushishi bilan issiqlik energiyasi ishlab chiqarish uchun sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlari qirq besh foizgacha kamaydi. Atmosferaga chiqadigan ifloslantiruvchi moddalar miqdori sezilarli darajada qisqarib, oqova suv tashlamalari yuzaga kelmaydi. Yana bir muhim jihati, mazkur markaz faoliyati natijasida 50 kishining doimiy bandligi ta’minlandi.

Dunyo tajribasida kogeneratsiya bir qator rivojlangan davlatlarda asosiy energetika modellaridan biriga aylangan. Chunki bu tizim shahar miqyosida issiqlik barqarorligini ta’minlashda eng samarali hisoblanadi.

Masalan, Kopengagenda issiqlik magistrallaridagi yo‘qotishlar 5 foizdan oshmaydi. Buning zamirida aynan kogeneratsiya texnologiyasi yotadi. Yaponiyada esa xonadonlar darajasida ham kichik kogeneratsiya qurilmalari qo‘llaniladi. Bu energiya madaniyatning mustahkam qismi ekanini ko‘rsatadi.

Toshkentda ishga tushirilgan yangi markaz ana shu sinovdan o‘tgan xalqaro tajribalar qatoriga kiradi. Uning ishi nafaqat texnik samara, balki ijtimoiy barqarorlik ham beradi.

Ikrom AVVALBOEV,

O‘zA muxbiri