Sanoat ob’ekti tabiiy hududga salbiy ta’sir qilsa, faoliyati taqiqlanadi

25

Ekologik toza hududlarning huquqiy maqomini belgilashga qaratilgan qonun loyihasi parlament quyi palatasining majlisida muhokama qilindi. Mazkur qonun loyihasi ekologik toza hududlarning maqomini va rejimini belgilashga hamda mazkur hududlarda plastik mahsulotlarning muomalasini tartibga solishga qaratilgan.

Ta’kidlanganidek, loyihada ekologik toza hududlardagi faoliyati natijasida oqova suv hosil qiluvchi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning ishlab chiqarish ob’ektlari hamda avtomobil yuvish shoxobchalari oqova suvlarni tozalash inshootlari bilan jihozlanishi nazarda tutilmoqda.

Tegishli ravishda tozalangan oqova suvlarni oqizib yuborish uchun ularni chiqarib yuborish tarmoqlariga ulash yoki ularda oqova suvlarni to‘plash uchun muqobil inshootlar qurish, aylanma suv ta’minoti joriy etish va ulardan samarali foydalanish shartligi belgilanmoqda.

Shuningdek, tabiiy ob’ektlar va majmualarga salbiy ta’sir qiluvchi sanoat ob’ektlarining qurilishi va faoliyat ko‘rsatishi taqiqlanyapti. Qolaversa, tabiiy organik polimer mahsulotlardan tashqari bir martalik plastik mahsulotlar muomalada bo‘lishini cheklash nazarda tutilmoqda.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida deputatlarning takliflari inobatga olindi. Jumladan, deputatlarning taklifi bilan ekologik toza hududlarga avtotransport bilan kirishga oid norma loyihadan chiqarib tashlandi.

Qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash, kurort va ekoturizm salohiyatini oshirish, bioxilma-xillikni muhofaza qilish hamda mamlakatimizning xalqaro ekologik nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.

Muhtarama Komilova,

O‘zA