Sud-ekspertlik faoliyatida kasbiy sirni saqlash prinsipi belgilanmoqda

11

Sud ekspertlari odil sudlovni amalga oshirishda, adolatni qaror toptirishda muhim vakil hisoblanadi. Shu bois ularning huquqlarini, maqomini, moliyaviy mustaqilligini mustahkamlash dolzarb ahamiyatga ega.

Shu maqsadda ishlab chiqilgan “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan nodavlat sud ekspertlarining huquqiy maqomi belgilanmoqda. Ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi muassasa (tashkilot)larning o‘z faoliyat yo‘nalishi bo‘yicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishiga ruxsat berish nazarda tutilyapti.

Shuningdek, advokatning so‘roviga asosan hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida davlat va nodavlat sud ekspertlari tomonidan tadqiqotlar o‘tkazish va ekspertlik fikrini berish tartiblari belgilanmoqda.

Qonunchilik palatasi majlisida mazkur qonun loyihasi ko‘rib chiqilar ekan, deputat Davron Aripov loyihani takomillashtirish jarayonlari haqida batafsil ma’lumot berdi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasi deputatlar tomonidan berilgan takliflardan kelib chiqib, sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishda kasbiy sirni saqlash prinsipi bilan to‘ldirildi. Asosiy tushunchalar qismidagi ayrim tushunchalar chiqarib tashlandi, ayrim tushunchalar esa kiritildi.

Shuningdek, Adliya vazirligi huzuridagi Ekspert-malaka komissiyasining nodavlat sud ekspertlari qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilishi yoki aralashishi taqiqlanishi nazarda tutilgan norma bilan boyitildi.

Bundan tashqari, sud ekspertizasini to‘xtatib turish asoslari va muddatlarini qonun darajasida aniq belgilash maqsadida alohida “Sud ekspertizasi o‘tkazishni to‘xtatib turish asoslari va muddatlari” nomli modda bilan to‘ldirildi.

Qayd etilganidek, protsessual qonunchilikda advokat so‘roviga asosan qo‘shimcha va qayta sud ekspertizasini o‘tkazishga nisbatan cheklovlar nazarda tutilmagani sababli qonun loyihasidan advokatlarga nisbatan mavjud cheklovlar chiqarib tashlandi. Shuningdek, qonunchilik hujjatlarida ruxsat etilgan hollarda xorijiy davlatlarning sud-ekspertlik tuzilmalari hamda ularning sud ekspertlari O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatishi mumkinligi to‘g‘risidagi norma kiritildi.

Ta’kidlanganidek, qonun loyihasidagi normalar sud ekspertlari faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlashga, ekspertiza xulosalarining ishonchliligini yanada oshirishga va odil sudlovni ta’minlashga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi bo‘yicha o‘rtaga tashlangan savollarga batafsil javob berildi. Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilinib, Senatga yuborildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA