O‘zbekiston Prezidenti Davlat Ermitajiga tashrif buyurdi

Sankt-Peterburgdagi norasmiy uchrashuvning madaniy dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar rahbarlari bilan birgalikda “Ermitaj” davlat muzeyiga tashrif buyurdi.
Yetakchilar noyob san’at asarlari va madaniyat yodgorliklari to‘plangan ushbu dunyodagi eng yirik muzeylaridan birining ekspozitsiyasi bilan tanishdilar. Tashrif chog‘ida Rossiya va Yevropa tarixi hamda badiiy merosining asosiy bosqichlarini aks ettirgan Bosh muzey majmuasi zallari bilan tanishildi.


Delegatsiyalar rahbarlari Aleksandr zalida bo‘lib, badiiy kumush ekspozitsiyasini ko‘zdan kechirdilar, shuningdek, tantanali marosimlar va rasmiy tadbirlarni o‘tkazish uchun mo‘ljallangan Piketlar zali va Gerblar zaliga tashrif buyurdilar.
Qimmatbaho metallardan tayyorlangan betakror buyumlar saqlanuvchi Oltin xazina, afsonaviy “Tovus” mexanik soati joylashgan Kichik Ermitajning Pavilonlar zali mehmonlarda alohida qiziqish uyg‘otdi.


Tashrif davomida madaniy muloqotni mustahkamlash, tarixiy merosni asrab-avaylash va Hamdo‘stlik davlatlari o‘rtasida gumanitar hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

