O‘zbekiston Prezidenti MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi

1

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 dekabr kuni Sankt-Peterburgdagi “Ermitaj” davlat muzeyida MDH davlatlari rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etdi.

Tadbirda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin, Belarus Respublikasi Prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan ham qatnashdilar.

Uchrashuvda joriy yildagi birgalikdagi ishlarning asosiy yakunlari sarhisob qilindi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi. Shuningdek, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.

O‘zaro tovar ayirboshlashni oshirish uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, transport sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, o‘zaro investitsiyalar o‘sishini rag‘batlantirish va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, energetika va raqamlashtirishda sheriklikni mustahkamlash, fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida qo‘shma loyihalarni kengaytirish, shuningdek, hududlar o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.

Hamdo‘stlik mamlakatlari o‘rtasida madaniy va gumanitar almashinuvlarni davom ettirish, xususan, yoshlarning ijodiy, innovatsion va intellektual salohiyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash zarurligi qayd etildi.