Dunyo tan olgan tinchlik formulasi: Markaziy Osiyoda mustahkam do‘stlik tantanasi

11

Markaziy Osiyo mintaqasi bugun dunyo hamjamiyati diqqat markazida turibdi. Bu e’tibor nafaqat geosiyosiy jarayonlar, balki mintaqada qaror topgan mutlaqo yangi siyosiy muhit — o‘zaro ishonch va yaqin hamkorlik tamoyillari bilan bog‘liq. Rossiya Federatsiyasiga amaliy tashrif doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonga Lev Tolstoy nomidagi Xalqaro tinchlik mukofotining topshirilishi mintaqadagi ushbu ijobiy evrilishlarning yuksak e’tirofi bo‘ldi.

Ushbu nufuzli mukofotning berilishi bejiz emas. Zero, 2025 yilning 31 mart kuni Xo‘jand shahrida imzolangan Davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi to‘g‘risidagi shartnoma va Abadiy do‘stlik deklaratsiyasi mintaqa tarixida yangi sahifa ochdi. O‘n yillar davomida yechimini kutib yotgan, ba’zan ziddiyatlarga sabab bo‘lgan chegara masalalarining muloqot va o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda hal etilishi jahon diplomatiyasi uchun kamyob hodisadir. Bu jarayonda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mintaqaviy siyosati “muzlarni eritish” va qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishda asosiy drayver vazifasini o‘tadi.

Xalqaro ekspertlarning fikricha, Xo‘jand kelishuvlari nafaqat uch davlat, balki butun Yevroosiyo qit’asi uchun barqarorlik kafolatidir. Siyosiy tahlilchilar ta’kidlaganidek, O‘zbekistonning tashabbuskorligi tufayli Markaziy Osiyo “muammolar hududi”dan “imkoniyatlar makoni”ga aylandi. Iqtisodiy ko‘rsatkichlar ham buni yaqqol tasdiqlamoqda: so‘nggi yillarda mintaqa ichidagi tovar aylanmasi bir necha barobarga ortdi, qo‘shma sanoat zonalari va yirik transport koridorlari ishga tushdi. Bugun O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston iqtisodiyoti bir-birini to‘ldiruvchi yagona zanjir sifatida shakllanmoqda, bu esa millionlab insonlarning farovonligini oshirishga xizmat qilyapti.

Lev Tolstoy nomidagi mukofotning insonparvarlik g‘oyalariga asoslangani ham chuqur ma’noga ega. Bu mukofot uch davlat yetakchilarining nafaqat siyosiy vakolatlarini, balki ularning o‘z xalqlari tinchligi va kelajak avlodlar omonligi yo‘lidagi yuksak mas’uliyatini ifodalaydi. Xalqaro hamjamiyat tan olganidek, Xo‘jand deklaratsiyasi xalqaro huquq ustuvorligining namunasi bo‘lib, umumiy va barobar xavfsizlikni ta’minlashning eng maqbul yo‘li muloqot va yaxshi qo‘shnichilik ekanini isbotladi. Birodar xalqlar o‘rtasidagi tarixiy rishtalarning qayta tiklanishi, madaniy-gumanitar aloqalarning kengayishi esa mintaqaning ma’naviy birligini yanada mustahkamlamoqda.

Bugun Markaziy Osiyo o‘z taqdirini o‘z qo‘li bilan belgilamoqda. O‘zbekistonning tinchliksevar tashqi siyosati va mintaqaviy integratsiya borasidagi qat’iy qadamlari “Abadiy do‘stlik” tamoyilini shunchaki shior emas, balki kundalik hayotning real haqiqatiga aylantirdi. Xo‘jand kelishuvlari va unga berilgan xalqaro e’tirof mintaqaviy hamkorlikning qaytmas tus olganidan va oldinda hali ulkan bunyodkorlik ishlari kutayotganidan dalolat beradi.

A.G‘afforov,

O‘zA