O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammitidagi nutqi

22

Hurmatli Bosh vazir xonim oliyalari!

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Yaponiya Bosh vaziri, Takaichi xonim oliyalariga “Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” birinchi sammiti yuksak darajada tashkil etilgani, go‘zal va jo‘shqin Tokioda ko‘rsatilayotgan samimiy mehmondo‘stlik uchun bildirilayotgan chuqur minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Ta’kidlashni istardimki, bundan 20 yil yil muqaddam aynan Kunchiqar yurt ilk bor “Markaziy Osiyo plyus” muloqotining tashabbuskori bo‘lgan edi. Ushbu qaror strategik jihatdan naqadar muhim va to‘g‘ri bo‘lganini vaqtning o‘zi ko‘rsatmoqda.

Ushbu sammitimiz, hech shubhasiz, tarixiy ahamiyatga ega va hamkorligimizda yangi sahifa ochmoqda.

Bizning Yaponiya bilan yaqin savdo va madaniy aloqalarimiz Buyuk ipak yo‘li davridan rivojlana boshlaganini qayd etishni istar edim. Yaponiyaning qadimiy poytaxti – Nara shahri, Siz tug‘ilgan maskan, hurmatli Bosh vazir xonim, ushbu yo‘ldagi eng muhim markazlardan biri bo‘lgan.

Bizni o‘xshash an’ana va urf-odatlar, ma’naviy, madaniy va oilaviy qadriyatlar ham yaqinlashtirib turadi.

Bularning barchasi Markaziy Osiyo va Yaponiya o‘rtasida ko‘pqirrali hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam asos hisoblanadi.

Hurmatli Takaichi xonim!

Biz Markaziy Osiyo mamlakatlari mustaqillikka erishganidan keyingi davr mobaynida Yaponiya ishonchli hamkorimiz bo‘lib kelayotganini, mintaqa ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, infratuzilma, sanoat va energetika bazasini modernizatsiya qilish, fan va ta’lim hamda kadrlar salohiyatini mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shayotganini yuksak qadrlaymiz.

Shu sababli Markaziy Osiyo davlatlari Yaponiyaning mintaqa hayotida yanada keng va faol ishtirok etishidan manfaatdor. Va bu borada bizda taqdim etadigan takliflar bor.

Mintaqamiz tabiiy resurslarga boy, jahondagi transport, savdo va energetika yo‘nalishlari chorrahasida joylashgan. Markaziy Osiyo mamlakatlari iqtisodiyoti o‘sishi 5-6 foizni tashkil etmoqda va bu sur’at yaqin yillarda ham saqlanib qoladi.

Bugungi kunda mintaqada kechayotgan yaqinlashish va integratsiyaning faol jarayonlari Yaponiya bilan kooperatsiya uchun qulay sharoit yaratmoqda.

Hurmatli Bosh vazir xonim, Markaziy Osiyo bilan strategik munosabatlarni rivojlantirish borasidagi qat’iy intilishingiz uchun yana bir bor minnatdorlik bildiraman.

Ishonchim komil, birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan yangi marralarga erishamiz. Donishmand yapon xalqi aytganidek, “agar kuchlar birlashtirilsa, tog‘larni ham o‘z o‘rnidan siljitish mumkin”.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

Bugun mamlakatlarimiz o‘rtasida sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha ilgari surilgan muhim tashabbuslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlayman.

Hamkorligimizni strategik muhim yo‘nalishlarda mustahkamlashga qaratilgan Tokio deklaratsiyasi qabul qilinganini olqishlayman.

O‘z navbatida, “Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” formatida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha qarashlarimizni bayon etishni istar edim.

Birinchidan, sammitlarni davlat rahbarlari darajasida har ikki yilda bir marta o‘tkazishni taklif etamiz. Bu hamkorligimizga qo‘shimcha kuchli turtki bag‘ishlashga xizmat qiladi. Navbatdagi bunday uchrashuvlarimizdan birini O‘zbekistonda qabul qilishga tayyormiz.

Yaponiyaning adliya va huquq sohasida hamkorlik bo‘yicha yangi doimiy mexanizmni yaratish va kelgusi yili Tokioda adliya vazirlarining birinchi uchrashuvini tashkil etish borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Ikkinchidan, “Markaziy Osiyo – Yaponiya 2040” hamkorlik strategiyasini ishlab chiqish tarafdorimiz.

Ushbu hujjatga mintaqa mamlakatlarining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish va ularni global iqtisodiy jarayonlarga chuqur integratsiya qilish bo‘yicha aniq dastur va loyihalarni kiritish mumkin bo‘ladi.

Yangi g‘oya va takliflar ishlab chiqish, hamkorlikning keng ko‘lamli kun tartibini shakllantirish uchun mamlakatlarimizning yetakchi tahlil tuzilmalari ishtirokida Ekspertlar forumini ta’sis etish muhimdir. Muzokaralar uchun platforma taqdim etish va forumning ilk majlisini kelgusi yili Toshkentda chaqirishga tayyormiz.

Uchinchidan, Yaponiya moliya institutlarining Markaziy Osiyoda savdo-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashni kengaytirishini olqishlaymiz.

Ishonaman: Markaziy Osiyoning boy tabiiy va kadrlar resurslarini Yaponiyaning sanoat va texnologik salohiyati bilan birlashtirib, bir-birimizni to‘ldirish va kuchaytirish bo‘yicha samaraga erisha olamiz.

Shu munosabat bilan Markaziy Osiyoning infratuzilmalari va sanoatini rivojlantirish investitsiya jamg‘armasini ta’sis etishni taklif qilamiz. Uning bazasida mintaqada yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish uchun Yaponiya investitsiyalari, texnologiyalari, muhandislik standartlari va ekspertizasini jalb etishga qaratilgan “Sifatli infratuzilma” bo‘yicha dasturni ishga tushirish mumkin.

Shuningdek, Yaponiya texnoparklarining Markaziy Osiyo tarmog‘i – sanoat kooperatsiyasi, mahalliylashtirish va texnologiyalar transferi mintaqaviy platformasini yaratishni taklif etamiz. Texnoparklar tarmog‘ini mintaqadagi har bir mamlakatning xomashyo va sanoat sohasidagi imkoniyatlaridan kelib chiqib, taqsimlash mumkin.

To‘rtinchidan, bugun raqamli transformatsiya iqtisodiy o‘sish va barqarorlikning hal qiluvchi omiliga aylanib bormoqda.

Yaponiya kompaniyalari raqamli iqtisodiyot segmentlari – sanoatni avtomatlashtirish, robototexnika, boshqaruvning intellektual tizimlari, yangi avlod bulutli va telekommunikatsiya platformalari sohalarida jahonda yetakchidir.

“Markaziy Osiyo – Yaponiya” raqamli xabi – raqamli yechimlar, sun’iy intellekt, “buyumlar interneti”, kiberxavfsizlik va innovatsion iqtisodiyot sohalarida ko‘ptomonlama hamkorlik platformasini yaratishni taklif etamiz.

Beshinchidan, Yaponiya zamonaviy va ishonchli transport infratuzilmasini yaratishda katta tajribaga ega bo‘lib, mintaqada tranzit va logistika tarmog‘ini rivojlantirishda muhim sheriklardan biriga aylanishi mumkin.

Biz tezyurar poyezdlar va avtomobil yo‘llarini barpo etish, transport yo‘laklarini raqamlashtirish, aeroportlar va logistika markazlarini qurish loyihalariga Yaponiya investitsiyalari, texnologiyalari va ekspertlari ko‘magini jalb etishdan manfaatdormiz.

Bu borada Toshkent yangi xalqaro aeroportini qurishda “Sojitz LLC” kompaniyasi bilan muvaffaqiyatli hamkorligimizni ta’kidlashni istar edim.

Oltinchidan, Yaponiya zararli gazlarni atmosferaga chiqarishni to‘liq bartaraf etishga erishish borasidagi vazifalarni amalga oshirishda jahondagi yetakchi davlatdir.

Biz O‘zbekistonda zaharli gazlarni chiqarishni 2035 yilga borib 50 foizga qisqartirish, 2030 yilgacha umumiy generatsiyada “yashil” energiya ulushini 54 foizga yetkazishni maqsad qilib qo‘yganmiz.

Energetik o‘tish va “yashil” energetikani rivojlantirish bo‘yicha samarali issiqlik stansiyalari, quyosh va shamol energiya qurilmalarini barpo etish, kogeneratsiya, yo‘qotishlarni qisqartirish, zararli gazlarni ushlab qolish va foydalanish texnologiyalarini joriy etish kabi aniq loyihalarni birgalikda ishlab chiqishni taklif etamiz.

Toshkentda Qayta tiklanadigan energetika sohasida mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha mintaqaviy markazni tashkil etish taklifini ilgari suramiz.

Yettinchidan, mamlakatlarimiz tomonidan qabul qilingan Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturini amalga oshirishda o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish muhim, deb hisoblaymiz. Ushbu dastur Yaponiyaning “Yashil transformatsiya” tashabbusi bilan uyg‘undir.

Mintaqada havo sifatini yaxshilash bo‘yicha atmosferaga chiqarilayotgan gazlarni monitoring qilish, filtrlash va kamaytirish, aholi uchun yanada barqaror va xavfsiz ekologik muhitni yaratish uchun ilg‘or yechimlarni qo‘llashga qaratilgan qo‘shma dasturni ishga tushirish, Iqlim o‘zgarishi bilan kurashish va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida, Orolbo‘yi ekologik muammolarini hal qilishga ko‘maklashish va suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha loyihalarni qamrab oladigan qo‘shma harakatlar dasturini qabul qilish, Muloqot doirasida atrof-muhitni muhofaza qilish idoralari rahbarlarining yangi shakldagi uchrashuvlarini tashkil etishni taklif etamiz.

Sakkizinchidan, Yaponiyaning seysmik xavfsizlik sohasidagi ulkan tajribasini hisobga olib, Seysmik barqarorlikni baholash va oshirish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirish tarafdorimiz.

Maqsad – yapon ekspertlarini jalb etgan holda Markaziy Osiyoning yirik shaharlarini kompleks seysmik tekshiruvdan o‘tkazish, seysmik barqarorlikni oshirish yuzasidan “yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqish, Yaponiya modeli asosida oldindan ogohlantirish tizimlarini ishga tushirishdir.

Toshkent shahrida Yaponiya standartlari va protokollari bo‘yicha muhandislar, arxitektorlar, qutqaruv xizmatlarini tayyorlash uchun Mintaqaviy malaka oshirish markazini ochishni taklif etamiz.

To‘qqizinchidan, Yaponiyaning ta’lim va malakali kadrlar tayyorlash sohasidagi ko‘magini yuksak baholaymiz. Ta’lim, ilmiy va akademik almashuvlarni bundan buyon ham kengaytiramiz va qo‘llab-quvvatlaymiz.

O‘zbekistonda kelgusi yili “Markaziy Osiyo plyus Yaponiya” formatida ta’lim vazirlarining birinchi yig‘ilishini, shuningdek, mintaqadagi yetakchi universitetlar rektorlarining ilk forumini o‘tkazishni taklif etamiz.

Yoshlar hamjamiyatlari o‘rtasida uzoq muddatli aloqalarni shakllantirish, ularning ijodiy, texnologik va professional salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan Yoshlarni rivojlantirish mintaqaviy tarmoq dasturlarini qabul qilish tarafdorimiz.

Madaniyat, san’at va turizm festivallarini doimiy o‘tkazib borish xalqlarimiz o‘rtasida do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Osakadagi “EKSPO” Butunjahon ko‘rgazmasida O‘zbekiston paviloni Oltin mukofotga sazovor bo‘lganini mamnuniyat bilan qayd etishni istar edim. Biz bunday tadbirlarda bundan buyon ham faol ishtirok etamiz.

Hurmatli sammit ishtirokchilari!

Bizning uchrashuvimiz jahon siyosatida jiddiy o‘zgarishlar kechayotgan, geosiyosiy ziddiyatlar kuchayayotgan va yirik davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch zaiflashayotgan davrda o‘tmoqda.

Bunday sharoitda tinchlikni saqlash va barqarorlikni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirish alohida ahamiyatga egadir.

Afg‘oniston o‘zaro hamkorligimizning yana bir muhim yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Uni tinch, barqaror va bunyodkor rivojlanish sari borayotgan mamlakat sifatida ko‘rish borasidagi bizning intilishlarimiz yakdildir.

Afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘p yillardan buyon yetakchi donor va sherik mamlakatlar qatorida bo‘lib kelayotgan Yaponiyaning izchil pozitsiyasini yuksak baholaymiz.

Ishonchim komilki, bizning birgalikdagi harakatlarimiz va umumiy hissamiz ushbu mamlakat aholisi turmush darajasini yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlanish, shuningdek, Afg‘onistonni mintaqaviy iqtisodiy loyihalarga faol jalb etishga xizmat qiladi.

Hurmatli do‘stlar!

So‘zimning yakunida kun tartibidagi barcha masalalar bo‘yicha qarorlarni qo‘llab-quvvatlashimni bildiraman.

Aminmanki, bugun ilgari surilgan tashabbuslarning ro‘yobga chiqarilishi muloqotimiz rivojiga amaliy hissa qo‘shadi, mamlakatlarimiz va xalqlarimiz farovonligi yo‘lidagi hamkorlikning salmoqli salohiyatidan unumli foydalanishga xizmat qiladi.