Senat yalpi majlisida qanday masalalar ko‘rib chiqildi? (+video)

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Ikki kun davom etgan majlisda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarib borgan majlisning birinchi kunida 2026 yilga mo‘ljallangan davlat byudjeti masalasi e’tibor markazida bo‘ldi.
Majlisning ikkinchi kunida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan bog‘liq masala qizg‘in muhokama qilindi. Yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq, endilikda mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari xalqning haqiqiy “ovoziga” aylantiriladi. Hududiy boshqaruv “aholi manfaatlariga xizmat qilish” tamoyili asosida yo‘lga qo‘yiladi.
Bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bilan bog‘liq qonun muhokamasi paytida raqamli makonda tarqatilayotgan uyatsiz foto va videolar bola taqdiriga chuqur salbiy ta’sir ko‘rsatishi qayd etildi. Shu bois, bolalar uchun Internetda xavfsiz muhit bo‘lishi shartligi, ularning sha’ni, daxlsizligi va kelajagi har qanday layk yoki foyda orttirish istagidan ustun turishi kerakligi ta’kidlandi.
Yong‘inlarning oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan qonun muhokamasi paytida Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonov qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytirilishini qayd etdi.
Majlisda atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilish, Uy-joy kodeksini tasdiqlash, “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati kotibiyati to‘g‘risidagi nizomni ratifikatsiya qilishga oid qonunlar ko‘rib chiqildi.
Vazirlar Mahkamasiga boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masalasi hamda davlat organlariga yuborilgan qator parlament so‘rovlari natijalari muhokama qilindi. Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi tarkibiga o‘zgartirishlar kiritildi.
Yalpi majlis yakuniga yetdi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
Doniyor Yoqubov (video), Anvarxo‘ja Ahmedov (montaj), O‘zA