O‘zbekiston Prezidenti Yaponiya iqtisodiyot, sanoat va savdo vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi

28

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tokioga rasmiy tashrifi doirasida 19 dekabr kuni Yaponiya iqtisodiyot, sanoat va savdo vaziri Ryosey Akazavani qabul qildi.

O‘zbekiston – Yaponiya strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda qo‘shma loyihalarni ilgari surishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari Yaponiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari jadal o‘sib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi. So‘nggi yillarda qo‘shma korxonalar soni 10 baravar, amalga oshirilayotgan loyihalarning umumiy qiymati esa 20 milliard dollardan oshdi.

Savdo va investitsiya aloqalarini mustahkamlash, muqobil energetika, karbonsizlantirish, o‘ta muhim xomashyo kabi ko‘plab sohalarda sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Qo‘shma dastur va loyihalarni ilgari surish uchun vazirlar darajasida savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiya tuzish muhim ekani ta’kidlandi.

Yaponiya tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) va MDH mamlakatlari bilan savdo bo‘yicha assotsiatsiyasining (ROTOBO) faol ishtirokida ishbilarmonlik aloqalarini yanada mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish yuzasidan kelishuvga erishildi.