Markaziy bank 4 ta bankka jarima qo‘lladi

12

Markaziy bank matbuot xizmatining xabar berishicha, joriy yil noyabr oyida o‘tkazilgan tekshiruvlar yakunlariga ko‘ra qator moliya tashkilotlariga nisbatan choralar ko‘rildi.

Ma’lum qilinishicha, prudensial talablar va qonunchilik hujjatlariga rioya etilmagani sababli 1 ta mikromoliya tashkiloti va 1 ta to‘lov tashkiloti ogohlantirildi. Shuningdek, Markaziy bank talablari hamda AML/SFT qoidalari buzilgani uchun 4 ta bankka jarima sanksiyalari qo‘llanildi.

Markaziy bankning Bank nazorati qo‘mitasi tomonidan 2025 yil noyabr oyida 6 marta yig‘ilish o‘tkazilib, ularda jami 41 ta masala ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Xususan, ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 31 ta masala ko‘rib chiqildi.

Shu bilan birga, kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga doir 10 ta masala muhokama qilindi. Ular Markaziy bank ko‘rsatmalari va prudensial me’yorlarga rioya etilishi, banklar va mikromoliya tashkilotlarida o‘tkazilgan inspeksiya natijalari, bank xizmatlari iste’molchilari huquqlarini himoya qilish hamda jinoiy daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish masalalarini o‘z ichiga oldi.

Inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 1 ta mikromoliya tashkiloti va 1 ta to‘lov tashkiloti ogohlantirildi, 4 ta bankka esa jarima sanksiyalari qo‘llanildi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA