O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT

17

18 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

O‘n ikkinchi yalpi majlisning birinchi ish kunini senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonunni muhokama qilishdan boshladi.

So‘zga chiqqanlar mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yuksaltirish, shu jumladan, aholining hayoti uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirish, xalq turmush farovonligini oshirish, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport hamda boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha izchil islohotlar amalga oshirilayotganini ta’kidlab o‘tdi.

Joriy yilda hududlarda dolzarb ijtimoiy muammolarni, mahalla infratuzilmasi bilan bog‘liq muhim masalalarni hal etish hamda boshqa sohalarni rivojlantirish yuzasidan Prezidentning qator farmon va qarorlari qabul qilingan.

Amalga oshirilayotgan tadbirlarning o‘z vaqtida moliyalashtirilishini ta’minlash va qo‘shimcha xarajatlar manbalarini aniqlash zarurati yuzaga kelgani qayd etildi.

Ushbu qonun bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasidagi tadbirlarni moliyalashtirish hamda ko‘p kvartirali uylarda va ijtimoiy soha muassasalarida energiya samaradorligini yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, byudjet mablag‘larining maqsadli, samarali sarflanishini oshirish, byudjet intizomini mustahkamlash doirasida mablag‘larning bir qismini maqbullashtirish va ularni qo‘shimcha xarajatlarga yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.

Senatorlar 2025 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.

Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.

Shundan so‘ng “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, mazkur qonunning maqsadi 2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjetini shakllantirish va ijro etish bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Senatorlar ta’kidlaganidek, 2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetida aholi turmush darajasini yaxshilash, xalq farovonligini yuksaltirish, “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish va atrof-muhitni muhofaza qilish, fuqarolarning sog‘liqni saqlash tizimi bilan qamrovini kengaytirish va sifatli ta’limga ega bo‘lish kabi ijtimoiy soha maqsadlariga ustuvorlik berilgan.

Jumladan, Davlat byudjeti xarajatlarining qariyb 55 foizi yoki 220,0 trillion so‘mi ijtimoiy sohaga yo‘naltirilmoqda. Davlat byudjeti xarajatlari tarkibida ta’lim sohasi uchun 100 trillion so‘m nazarda tutilgan, tibbiyot sohasiga esa 49 trillion so‘m yoki joriy yilga nisbatan 11,4 foizga oshirilmoqda.

Qonunga asosan kelgusi yilda inflyatsiya darajasi 7 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

2026 yilda Davlat byudjeti xarajatlari 402,6 trillion so‘mni, daromadlari esa 368,9 trillion so‘mni tashkil etmoqda. Davlat maqsadli jamg‘armalari daromadlari esa 78,6 trillion so‘m, xarajatlari 74,4 trillion so‘m (byudjetlararo transfertlar hisobga olinmagan holda) miqdorida rejalashtirilmoqda.

Xususan, mazkur qonunda 2026 yilda konsolidatsiyalashgan byudjet daromadlari 515,8 trillion so‘m, xarajatlar esa 567,6 trillion so‘m miqdorida shakllantirilgan. Bunda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3 foizdan oshmasligi vazifasi nazarda tutilgan.

Muhokama jarayonida senatorlar byudjet daromadlarini oshirish va byudjet mablag‘laridan maqsadli foydalanishga alohida e’tibor qaratdi.

Senatorlar o‘z chiqishlarida 2026 yilda makroiqtisodiy siyosat sohasida ustuvor etib belgilagan vazifalarni bajarish, ijtimoiy muammolarni hal qilish, mahallalar infratuzilmasini takomillashtirish va davlat dasturlarida nazarda tutilgan boshqa muhim tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligini qayd etdi

Senatorlar qonunni ma’qulladi.

Yalpi majlisda “Soliq va byudjet siyosatining 2026 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ham muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yilga mo‘ljallangan soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shu jumladan, amaldagi qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish, Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

2026 yilda ham soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foiz, foyda solig‘ining bazaviy stavkasi – 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i – 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi – 1,5 foiz, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i – 0,95 foiz, ijtimoiy soliq – 12 foiz(byudjet tashkilotlari – 25 foiz), aylanmadan olinadigan soliq – 4 foiz miqdorida  o‘zgarishsiz qolmoqda.

Bundan tashqari, Soliq kodeksida qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz zanjirini yaratish, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, mazkur qonun mebelsozlik va zargarlik sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlarning eksportini kengaytirish, aholi daromadlarini oshirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga ham yo‘naltirilgan.

Qayd etilganidek, qonun amaliyotga tatbiq etilishi natijasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga imkon beradigan soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinishi nazarda tutilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mikrofirma va kichik korxonalarga soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarima miqdori pasaytirilib, oxirgi uch oy ichida soliq hisobotlari o‘z vaqtida taqdim etib kelgan soliq to‘lovchilarga keyingi hisobotni 5 ish kunigacha kechiktirgan taqdirda ma’muriy jarima qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, bir kalendar oyda bir nechta soliq turlari bo‘yicha hisobotlar o‘z vaqtida taqdim etilmagan taqdirda, barcha hisobotlar uchun faqat bitta jarima qo‘llash mexanizmi joriy etilmoqda.

Senat a’zolari o‘z chiqishlarida iqtisodiyotning turli soha
va tarmoqlariga, jumladan, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, mahalliy sanoat, oziq-ovqat, media va aloqa kabi sohalariga bir qator soliq va bojxona imtiyozlari berilayotganligini ta’kidladi.

Shuningdek, mazkur qonun xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun belgilangan stavkaga nisbatan 0,5 dan 1,2 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni hamda lazerli tekislash lozim bo‘lgan sug‘oriladigan yerlar lazerli tekislanmagan taqdirda, ushbu yerlar uchun foydalaniladigan suv hajmi bo‘yicha soliq stavkalariga nisbatan 1,2 gacha oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llash vakolatini bermoqda.

Senatorlar ushbu qonun tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama rag‘batlantirishini, teng va adolatli raqobat muhitini ta’minlashini, ma’muriy jarimalar yukini yengillashtirishi hamda yashirin iqtisodiyotning ulushini qisqartirishga qaratilganini ta’kidladi.

Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.

Parlament yuqori palatasi a’zolari “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama etdi.

Muhokama mobaynida fuqarolarni byudjet jarayoniga jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish orqali byudjet mablag‘larini taqsimlashda shaffoflikni ta’minlash, ularning maqsadli sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi qayd etildi. Bundan tashqari, qonunda byudjet mablag‘laridan foydalanishda rahbarlarning vakolatlarini kengaytirish hamda moliyaviy mustaqilligini ta’minlash ham nazarda tutilmoqda.

Ta’kidlaganidek, mazkur qonun asosida byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida hisobot turlari kengaymoqda. Davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot tarkibiga byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari ijrosi hamda davlat qarzi to‘g‘risidagi hisobotlar kiritilmoqda.

Qonun bilan amaldagi qonunchilikka byudjet jarayonini takomillashtirishga, byudjet intizomiga rioya etilishiga doir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Tuman va shaharlar hokimliklari zimmasiga har chorakda jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha ma’lumotlarni rasmiy veb-saytlariga hamda “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirish majburiyati yuklanmoqda.

Shu bilan birga, byudjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlarning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida har chorak yakunida eshitib borish amaliyoti joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjet ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot hamda Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining yarim yillik ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar Qonunchilik palatasining qarori bilan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Shuningdek, Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining birinchi chorak va 9 oylik hisobotlari esa Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitasi qarori asosida qabul qilinishi nazarda tutilmoqda.

O‘z navbatida, byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan xarajatlar smetasiga yiliga ko‘pi bilan to‘rt marta o‘zgartirish kiritish amaliyotiga chek qo‘yilmoqda.

Senatorlar ushbu qonun mamlakatimizda fuqarolarni byudjet jarayoniga keng jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish, byudjet mablag‘larini taqsimlashda shaffoflikni ta’minlash,  mablag‘larning maqsadli sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qilishini alohida ta’kidladi.

Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.

Shuningdek, 12-yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini ta’minlashga hamda qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda soliq yukini izchil pasaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Shuningdek, soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirish orqali iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga ham alohida e’tibor berilmoqda.

Muhokama davomida senatorlar tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bozorda teng sharoitlar va adolatli raqobat muhitini ta’minlash zarurligiga alohida urg‘u berdi. Bundan tashqari, yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish chora-tadbirlari doirasida qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritish zarurati yuzaga kelayotgani qayd etildi.

Bugungi kunda respublikada faoliyat ko‘rsatmayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar jami tadbirkorlar tarkibida hisobga olinishi iqtisodiy va statistik ko‘rsatkichlarning noto‘g‘ri shakllanishiga olib kelmoqda. Bundan tashqari, bu ular tomonidan to‘lanadigan soliqlar bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarini belgilash va tushumlarni ta’minlashda salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Mazkur qonun bilan yakka tartibdagi tadbirkorlarni davlat reyestridan chiqarish tartibini belgilash iqtisodiy va statistik ko‘rsatkichlarning to‘g‘ri shakllanishiga olib keladi.

Senatorlar qonun moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmayotgan tadbirkorlik sub’ektlarini tugatish tartibini soddalashtirishga xizmat qilishi haqida fikr bildirdi. Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka kiritilayotgan tuzatishlar natijasida ishlab chiqarish yuqori texnologiyalar asosida rivojlanishi hamda yaylov xo‘jaliklarining moliyaviy ahvoli yaxshilanishiga e’tibor qaratdi.

Senatorlar mazkur qonunni ma’qulladi.

Yalpi majlisda “Huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda yangi tartib-taomillarni hayotga joriy etishdan oldin ularni cheklangan holda (muayyan hududda yoki shaxslar, tashkilotlar doirasida) huquqiy eksperiment (tajriba-sinov) tarzida qo‘llash amaliyoti kengayib bormoqda.

Huquqiy eksperiment tushunchasi, uni o‘tkazish va natijalarini rasmiylashtirish masalalari “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan, lekin uni o‘tkazish bilan bog‘liq ijtimoiy-huquqiy munosabatlar kompleks tartibga solinmagan.

Ushbu qonun qator huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda huquqiy eksperimentning maqsadi, asosiy tushunchalar, prinsiplar, vakolatli organlar, huquqiy eksperimentni o‘tkazish shartlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy eksperimentda ishtirok etishi va boshqa masalalar nazarda tutilmoqda.

Huquqiy eksperiment faqatgina O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Prezident farmonlari va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan o‘tkazilishi aniq belgilanmoqda.

Senatorlar ushbu qonunning hayotga tatbiq etilishi huquqiy eksperimentni tashkil etish va o‘tkazish, eksperimental huquqiy normalarni joriy etish bo‘yicha yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash hamda jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda fuqarolarning hayoti va farovonligini yaxshilashga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.

Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama etildi.

Qayd etish lozimki, bugungi kunda jahonda texnologiya rivojlanishi bilan turli elektron uskunalar, jumladan, portativ lazerli nur tarqatgichlar ham keng ommalashmoqda. Bu qurilmalar arzon, oson yetib boriladigan va ko‘p hollarda ko‘ngilochar yoki ta’lim maqsadlarida ishlatiladi.

Biroq ulardan noqonuniy yoki nomuvofiq foydalanilishi jamoat xavfsizligiga jiddiy tahdid solishi mumkin.

Xususan, samolyotlarning uchishi yoki qo‘nishi paytida ularning ekipajiga lazer nurlarini yo‘naltirilishi qo‘nish yoki parvoz jarayonida ekipaj diqqatini chalg‘itib, halokat xavfini oshiradi.

Bundan tashqari, jamoat xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlariga lazer nurlari yo‘naltirilishi natijasida ko‘zning vaqtincha ko‘rmay qolishiga, bu esa sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan tartibsizliklarning oldini olishda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Ko‘pgina xorijiy davlatlarda lazer qurilmalarining foydalanishini cheklovchi va nazorat qiluvchi qonunlar qabul qilingan.

Mamlakatimizda ham jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ushbu turdagi qurilmalarni nazorat qilish, ularni litsenziyalash va noqonuniy foydalanish holatlarini jazolash bo‘yicha choralar qatorida mazkur qonun qabul qilinmoqda.

Qonun bilan amaldagi qonunchilikka mahalla huquq-tartibot maskanlarining hamda tayanch punktlarining tarkibini, ularda xizmat qiluvchi inspektorlarning vakolatlarini aniqlashtirishga, patrul-post xizmati saf bo‘linmalarining mansabdor shaxslari tomonidan tuzilgan ma’muriy bayonnomalarni ko‘rib chiqish hamda jazo chorasini qo‘llash vakolatiga ega shaxslarni aniqlashga, shuningdek, portativ lazerli nur tarqatgichlarning qonunga xilof muomalasi uchun javobgarlik belgilashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senat a’zolarining fikricha, qonunning qabul qilinishi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda jamoat tartibini saqlash ishlari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Senatorlar qonunni ma’qulladi.

Shundan so‘ng “Hakamlik sudlari faoliyati yanada takomillashtirilishi hamda byudjet intizomi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar inson huquqlarini ishonchli himoya qilish, sud hokimiyatining nufuzini oshirish va sudlarning chinakam mustaqilligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Hakamlik sudlari nizolarni muqobil hal etish mexanizmi sifatida fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadi. Biroq tahlillar ushbu sudlar faoliyatida qator tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatgan.

Xususan, 2021-2023 yillarda ayrim hududlarda hakamlik sudlari tomonidan davlat organlari ishtirok etgan ishlar bo‘yicha qabul qilingan 47 ta qaror vakolatli sudning ijro varaqasi berilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijro etilgan. 2019-2023 yillarda esa Davlat byudjetidan 222,2 milliard so‘mni undirish haqida 870 ta noqonuniy qaror qabul qilingan.

Ayrim hakamlik sud sudyalarining malakasi yetarli emasligi, sudlar faoliyatini tashkil etishdagi talablarning qayta ko‘rib chiqilmaganligi, nazorat mexanizmlarining yo‘qligi ushbu muammolarga olib kelayotganligi qayd etildi.

Hozirgi vaqtda 287 ta hakamlik sudi va 1,5 mingdan ortiq hakamlik sudyalari faoliyat yuritadi, ularning ko‘pchiligi turli sohalarda asosiy ish joyiga ega bo‘lib, professional tayyorgarlik darajasi yuqori emas.

Mazkur qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Byudjet, Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslarga, shuningdek, “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlarga muhim o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Jumladan, hakamlik sudini tashkil etish hamda sudyalik vazifasini bajarish uchun qo‘shimcha talablar belgilanmoqda, hakamlik sudyalarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish tartibi kengaytirilmoqda, davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan hakamlik bitimlarini tuzganlik uchun ma’muriy javobgarlik qo‘llash nazarda tutilmoqda.

Byudjet kodeksiga g‘aznachilikda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan shartnomalar asosida tovar, ish va xizmatlarni qabul qilib olganlik holati byudjet intizomini buzish sifatida belgilanmoqda.

Ta’kidlaganidek, qonunning qabul qilinishi hakamlik sudlari faoliyati ochiqligi va samaradorligini oshiradi, Davlat byudjetidan noqonuniy chiqimlarning oldini oladi, adolatli qarorlarni qabul qilishga xizmat qiladi hamda davlat manfaatlarining ishonchli himoyasini ta’minlaydi.

Muhokamadan so‘ng senatorlar qonunni ma’qulladi.

Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qizg‘in muhokama qilindi.

Muhokama jarayonida mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasida, ayniqsa, nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va ularga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Xususan, so‘nggi vaqtlarda nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar doirasi tobora kengayib bormoqda hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand ayrim toifalari huquqlarining kafolatlari kuchaytirilmoqda.

Mazkur qonun bilan nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘rsatiladigan kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanadigan ota-ona tomonidan har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 million so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritilishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosida uch yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’ektlari ham barcha turdagi soliqlarni 2030 yil 1 yanvarga qadar to‘lashdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda, ijtimoiy soliq bundan mustasno.

Shuningdek, jamoat transportidan bepul foydalanuvchi fuqarolar toifasi ham kengaymoqda.

Senatorlar o‘z chiqishlarida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlarni yo‘llanma bo‘yicha davlat tashkilotlariga ishga joylashtirish belgilanayotganini alohida ta’kidladi.

Muhokama jarayonida ushbu qonun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamining kengayishiga, aholining ijtimoiy ehtiyojmand ayrim toifalariga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishiga hamda ularning ishga joylashishga doir huquqlari kafolatlanishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Senatorlar qonunni ma’qulladi.

Yalpi majlisda “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Bugungi kunda butun dunyoda aholi va sanoatda elektr energiyasiga bo‘lgan talab  tobora ortib bormoqda. Ekspertlarning fikricha, O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyot, aholi soni va turmush farovonligining o‘sishi natijasida elektr energiyasiga bo‘lgan ehtiyoj 2030 yilga kelib 120-125 milliard kVt/soatga yetadi.

Mamlakatimizda Prezidentimiz mavjud ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirishga va yangilarini tashkil etish bo‘yicha olib borayotgan faol investitsiya siyosati, shuningdek, aholining hayot darajasi va sifatini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar yildan-yilga ehtiyoj ortib borayotgan energiya resurslarini ishonchli manbalar bilan ta’minlashni talab qilmoqda.

Atom energetikasini rivojlantirish O‘zbekistonning barqaror energetika tizimini yaratish, sanoatni rivojlantirish va mintaqaviy taraqqiyot uchun muhim omildir. Katta va kichik reaktor bloklarining uyg‘un faoliyati tarmoq barqarorligini ta’minlab, qayta tiklanuvchi manbalarni samarali integratsiyalash imkonini beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 maydagi qaroriga muvofiq Energetika vazirligi huzuridagi Atom energetikasini rivojlantirish agentligi qayta tashkil etilib, kengaytirilgan ustuvor yo‘nalishlar, vazifa hamda funksiyalarga ega bo‘lgan va to‘g‘ridan-to‘g‘ri Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiritilgan Atom energiyasi agentligining faoliyati samarali tashkil etildi.

Mazkur qonun atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida samarali va xavfsiz foydalanish, davlat organlari vakolatlarini aniqlashtirish, sohadagi huquqiy bazani xalqaro standartlarga muvofiqlashtirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Qonunda atom energiyasi sohasidagi vakolatli organi sifatida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi belgilab qo‘yilmoqda. Davlat organlarining vakolatlari va javobgarligi ham mustahkamlanmoqda.

Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi atom energiyasi sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga, mamlakatimizda yadro xavfsizligi va radiatsiya muhofazasini ta’minlashga hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish va mamlakatimizning yadro xavfsizligi bo‘yicha nufuzini oshirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

 

O‘zbekiston Respublikasi 

Oliy Majlisi Senatining

Axborot xizmati