Huquqiy eksperiment qanday tartibda o‘tkaziladi?

7

Yangi tartib-taomillarni hayotga joriy etishdan oldin ularni cheklangan holda huquqiy eksperiment tarzida qo‘llash amaliyoti kengayib bormoqda.

Huquqiy eksperiment tushunchasi, uni o‘tkazish va natijalarini rasmiylashtirish masalalari “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan. Lekin, uni o‘tkazish bilan bog‘liq ijtimoiy-huquqiy munosabatlar kompleks tartibga solinmagan.

Shu maqsadda ishlab chiqilgan “Huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi qonun Senat yalpi majlisida muhokama qilindi.

Qonun qator huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, unda huquqiy eksperimentning maqsadi, asosiy tushunchalar, prinsiplar, vakolatli organlar, huquqiy eksperimentni o‘tkazish shartlari, shuningdek, fuqarolik jamiyati institutlarining huquqiy eksperimentda ishtirok etishi va boshqa masalalar nazarda tutilmoqda.

Huquqiy eksperiment faqatgina O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Prezident farmonlari va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan o‘tkazilishi aniq belgilanmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun huquqiy eksperimentni tashkil etish va o‘tkazish, eksperimental huquqiy normalarni joriy etish bo‘yicha yagona huquqni qo‘llash amaliyotini ta’minlash hamda jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda fuqarolarning hayoti va farovonligini yaxshilashga xizmat qiladi.

N.Abduraimova,

N.Haydarov (surat),

O‘zA