Senat: byudjet mablag‘larini taqsimlashda shaffoflikni ta’minlash zarur

10

Senat yalpi majlisida “Byudjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Muhokama mobaynida fuqarolarni byudjet jarayoniga jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish orqali byudjet mablag‘larini taqsimlashda shaffoflikni ta’minlash zarurligi qayd etildi.

Qonunda byudjet mablag‘laridan foydalanishda rahbarlarning vakolatlarini kengaytirish hamda moliyaviy mustaqilligini ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur qonun asosida byudjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida hisobot turlari kengaymoqda. Davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot tarkibiga byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg‘armalari ijrosi hamda davlat qarzi to‘g‘risidagi hisobotlar kiritilmoqda.

Qonun bilan amaldagi qonunchilikka byudjet jarayonini takomillashtirish, byudjet intizomiga rioya etilishiga doir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Tuman va shaharlar hokimliklari zimmasiga har chorakda jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirish bo‘yicha ma’lumotlarni rasmiy veb-saytlariga hamda “Ochiq byudjet” axborot portaliga joylashtirish majburiyati yuklanmoqda.

Shu bilan birga, byudjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlarning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida har chorak yakunida eshitib borish amaliyoti joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasining konsolidatsiyalashgan byudjet ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot hamda Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining yarim yillik ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar Qonunchilik palatasining qarori bilan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining birinchi chorak va 9 oylik hisobotlari esa Qonunchilik palatasining mas’ul qo‘mitasi qarori asosida qabul qilinishi nazarda tutilmoqda.

O‘z navbatida, byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilar tomonidan xarajatlar smetasiga yiliga ko‘pi bilan to‘rt marta o‘zgartirish kiritish amaliyotiga chek qo‘yilmoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun mamlakatimizda fuqarolarni byudjet jarayoniga keng jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish, byudjet mablag‘larini taqsimlashda shaffoflikni ta’minlash, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova,

N.Haydarov (surat), O‘zA