2025 yil uchun mo‘ljallangan davlat byudjetiga o‘zgartirishlar kiritilmoqda
Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining “2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Erkin Gadoyev ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash davlat byudjetiga qo‘shimcha yuklamalarning oshishiga sabab bo‘layotganini ta’kidladi.
Barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, inflyatsiya va tashqi salbiy omillarning milliy iqtisodiyotga ta’sirini yumshatish maqsadida aholining zaif ijtimoiy qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va kambag‘allik darajasini qisqartirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni davom ettirish tadbirlari byudjet xarajatlari kutilgandan yuqoriroq bo‘lishiga ehtiyoj tug‘dirgan.

Qonun mamlakatimizni ijtimoiy, iqtisodiy rivojlantirish, hududlardagi dolzarb ijtimoiy muammolarni hal qilish yuzasidan qabul qilingan Prezident farmon va qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Amalga oshirilayotgan tadbirlarning o‘z vaqtida moliyalashtirilishini ta’minlash va qo‘shimcha xarajatlar manbalarini aniqlash zarurati yuzaga kelgani qayd etildi.

Qonun bilan “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasidagi tadbirlarni moliyalashtirish hamda ko‘p kvartirali uylarda va ijtimoiy soha muassasalarida energiya samaradorligini yaxshilash bilan bog‘liq tadbirlar uchun qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, byudjet mablag‘larining maqsadli, samarali sarflanishini oshirish, byudjet intizomini mustahkamlash doirasida mablag‘larning bir qismini maqbullashtirish va ularni qo‘shimcha xarajatlarga yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.
Senatorlar 2025 yil uchun Davlat byudjeti to‘g‘risidagi qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhokama yakunida senatorlar qonunni ma’qulladi.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat),
O‘zA