Tokio sammiti: Markaziy Osiyo–Yaponiya muloqotida yangi sahifa
“Markaziy Osiyo + Yaponiya” dialogi — mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim muloqot platformasi hisoblanadi. Ushbu format siyosiy munosabatlarni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlash hamda mintaqaviy va global kun tartibidagi masalalar bo‘yicha pozitsiyalarni muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.
Yaqin kunlarda Tokio shahrida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan birinchi sammit kunchiqar yurt va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi sheriklikni institutsional jihatdan yangi bosqichga olib chiqishi kutilmoqda.
Mazkur tashabbus Yaponiya tashqi ishlar vaziri Y. Kavaguchi tomonidan 2004 yil 26 avgust kuni Toshkent shahriga amalga oshirgan tashrifi chog‘ida ilgari surilgan hamda muntazam va tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish, mintaqaning barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish, umumiy manfaatlarga asoslangan hamkorlikni kengaytirishni ko‘zda tutadi.
Dialog doirasida o‘tgan yillar davomida tashqi ishlar vazirlari darajasidagi uchrashuvlar, yuqori mansabdor shaxslar yig‘ilishlari va sohaviy tadbirlar o‘tkazilib kelindi. Birinchi sammit esa mazkur formatni eng yuqori darajaga olib chiqadigan tarixiy voqea bo‘ladi.
Qolaversa, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchilari va Yaponiya Bosh vaziri ishtiroki kutilayotgan tadbir davomida siyosiy ishonchni mustahkamlash, iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish, transport-logistika bog‘liqligini rivojlantirish, energetika, ekologiya, raqamli texnologiyalar hamda inson kapitalini rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi.
Ta’kidlanishicha, sammit yakunida tomonlar mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, xalqaro huquq tamoyillariga sodiqlik, barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, o‘zaro manfaatli loyihalarni ilgari surish borasida umumiy pozitsiyani tasdiqlashlari kutilmoqda.
O‘zbekiston uchun sammitning ahamiyati
Mazkur sammit mamlakatimiz uchun ham muhim strategik ahamiyat kasb etadi. Yangi O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirish, Yaponiya bilan innovatsiyalar, investitsiyalar va texnologiyalar sohasidagi munosabatlarni kengaytirish yo‘lidagi sa’y-harakatlari mintaqada barqaror taraqqiyot, iqtisodiy o‘sish va o‘zaro manfaatli sheriklikni ta’minlashga qaratilgan muhim strategik yo‘nalish sifatida namoyon bo‘lmoqda.
O‘zbekiston tomoni transport va logistika yo‘laklarini rivojlantirish, yashil energetika, kadrlar tayyorlash, shuningdek, ekologik muammolarni, xususan, Orolbo‘yi mintaqasidagi vaziyatni yumshatish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni ilgari suradi.
Umuman olganda, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” birinchi sammiti davlatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik tarixida muhim bosqichdir. Qolaversa, mintaqaviy birdamlikni mustahkamlash, uzoq muddatli strategik sheriklikni rivojlantirish hamda barqaror va xavfsiz kelajak sari birgalikdagi sa’y-harakatlarni jadallashtirishga xizmat qiluvchi muhim siyosiy maydon sifatida tarixga muhrlanadi.
Musulmon Ziyo, O‘zA