2026 yilda jismoniy shaxslar daromad solig‘i, yuridik shaxslar mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi qancha bo‘ladi?

22

Senat yalpi majlisida “Soliq va byudjet siyosatining 2026 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama etildi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yilga mo‘ljallangan soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari, shu jumladan, amaldagi qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti bitimlariga muvofiqlashtirish, Prezidentimizning tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti doirasida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

2026 yilda soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari qo‘shilgan qiymat solig‘i 12 foiz, foyda solig‘ining bazaviy stavkasi – 15 foiz, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i – 12 foiz, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi – 1,5 foiz, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i – 0,95 foiz, ijtimoiy soliq – 12 foiz (byudjet tashkilotlari – 25 foiz), aylanmadan olinadigan soliq – 4 foiz miqdorida  o‘zgarishsiz qolmoqda.

Soliq kodeksida qo‘shilgan qiymat solig‘ining uzluksiz zanjirini yaratish, aholining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash nazarda tutilmoqda.

Mazkur qonun mebelsozlik va zargarlik sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, mahsulotlarning eksportini kengaytirish, aholi daromadlarini oshirish hamda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlashga ham yo‘naltirilgan.

Qonun amaliyotga tatbiq etilishi natijasida tadbirkorlarga qulay sharoitlar yaratishga imkon beradigan soliq majburiyatlarini bajarish bo‘yicha tegishli huquqiy munosabatlar tartibga solinishi nazarda tutilmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda mikrofirma va kichik korxonalarga soliq hisobotlarini o‘z vaqtida taqdim etmaganlik uchun jarima miqdori pasaytirilib, oxirgi uch oy ichida soliq hisobotlari o‘z vaqtida taqdim etib kelgan soliq to‘lovchilarga keyingi hisobotni 5 ish kungacha kechiktirgan taqdirda ma’muriy jarima qo‘llanilmasligi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, bir kalendar oyda bir nechta soliq turlari bo‘yicha hisobotlar o‘z vaqtida taqdim etilmagan taqdirda, barcha hisobotlar uchun faqat bitta jarima qo‘llash mexanizmi joriy etilmoqda.

Senat a’zolari o‘z chiqishlarida iqtisodiyotning turli soha va tarmoqlari, jumladan qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, mahalliy sanoat, oziq-ovqat, media va aloqa kabi sohalariga bir qator soliq va bojxona imtiyozlari berilayotganini ta’kidladi.

Qonun xalq deputatlari mahalliy kengashlariga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun belgilangan stavkaga nisbatan 0,5 dan 1,2 gacha bo‘lgan kamaytiruvchi va oshiruvchi koeffitsiyentlarni hamda lazerli tekislash lozim bo‘lgan sug‘oriladigan yerlar lazerli tekislanmagan taqdirda, ushbu yerlar uchun foydalaniladigan suv hajmi bo‘yicha soliq stavkalariga nisbatan 1,2 gacha oshiruvchi koeffitsiyent qo‘llash vakolatini bermoqda.

Senatorlar ma’qullagan qonun tadbirkorlik sub’ektlarini har tomonlama rag‘batlantirish, teng va adolatli raqobat muhitini ta’minlash, ma’muriy jarimalar yukini yengillashtirish hamda yashirin iqtisodiyotning ulushini qisqartirishga qaratilgan.

N.Abduraimova,

N.Haydarov (surat), O‘zA