Senatning o‘n ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi

7

Bugun, 2025 yil 18 dekabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n ikkinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis kun tartibiga jamiyat hayoti, iqtisodiy islohotlar, ijtimoiy soha, qonunchilikni takomillashtirish hamda parlament nazoratiga oid masalalar kiritilgan.

Majlisda asosiy e’tibor “2026 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi hamda 2025 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish haqidagi qonunlarga qaratiladi.

Shuningdek, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib qator qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq qonunlar ko‘rib chiqiladi.

Byudjet jarayonini takomillashtirish, tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali bandlikni oshirish, qo‘shilgan qiymati yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishga doir o‘zgartirishlar kiritishga oid qonunlarni muhokama qilish rejalashtirilgan. “Huquqiy eksperiment to‘g‘risida”gi qonun ham ko‘rib chiqiladi.

Hakamlik sudlari faoliyatini takomillashtirish, atom energiyasidan tinchlik maqsadida foydalanish, mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini rivojlantirish, bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, atrof-muhit, hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilishga oid qonun hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar ham muhokama markazida bo‘ladi.

Parlament yuqori palatasi a’zolari “Markaziy Osiyo – Xitoy” formati kotibiyati to‘g‘risidagi nizomni ratifikatsiya qilish masalasini ham ko‘rib chiqadi.

Senatorlar Vazirlar Mahkamasiga boshqaruv servis kompaniyalari va uy-joy mulkdorlari shirkatlari tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati yuzasidan parlament so‘rovi yuborish masalasi hamda davlat organlariga yuborilgan qator parlament so‘rovlari natijalarini muhokama qiladi.

Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!

N.Abduraimova,

N.Haydarov (surat),

O‘zA