Poytaxt – davlatning siyosiy, ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilish va kelgusi yilga yangi marralarni belgilab olishga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
— Poytaxt – davlatning siyosiy, ma’muriy, iqtisodiy va madaniy markazi. Poytaxtni boshqarish, rivojlantirish va muhofaza qilish bo‘yicha o‘ziga xos yondashuvlar bo‘lishi kerak, – dedi davlatimiz rahbari.
Shuning uchun Toshkent shahar kengashiga orttirib bajarilgan daromadning mahalliy byudjetga qaytariladigan qismidan 20 foizini tumanlarga taqsimlash vakolatini berish taklif qilindi. Shuningdek, Toshkent shahar va tuman hokimlariga mahalliy kengashlar bilan kelishgan holda bo‘sh mablag‘larni depozitga qo‘yishga ruxsat etiladi.
Umuman, Toshkent shahri faoliyatining huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy asoslarini belgilovchi “O‘zbekiston Respublikasi poytaxtining maqomi to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish vaqti kelgani ta’kidlandi.
“Mahalla yettiligi”ning samarasini oshirishda poytaxt yetakchi bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.
2026 yildan Toshkent shahrida yangi tizim joriy qilinadi – “mahalla yettiligi” to‘liq shahar hokimligi ixtiyoriga o‘tadi. Hokim o‘rinbosarlariga “mahalla yettiligi”ning har bir a’zosiga yangicha yondashuv asosida KPI ishlab chiqib, tizimdagi ortiqcha hisobotlar kabi byurokratiyani yo‘qotish topshirildi.
— “Yettilik” hisobotlar bilan emas, balki odamlarning og‘irini yengil qilish bilan shug‘ullanishi zarur, – dedi Prezidentimiz.
Yig‘ilish davomida poytaxt va uning tumanlari hokimlarining hisobotlari tinglandi, tadbirkorlar bilan muloqot qilindi.
O‘zA