O‘zbekiston Prezidenti Xalqaro avtomobil federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish rejalarini qo‘llab-quvvatladi

32

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 dekabr kuni Xalqaro avtomobil federatsiyasining (FIA) Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Bosh assambleyasida ishtirok etish uchun mamlakatimizda bo‘lib turgan ushbu nufuzli tashkilotning prezidenti Muhammad bin Sulaym boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda delegatsiya tarkibida FIA Senati prezidenti Karmelo Sans de Barros hamda mobillik va turizm bo‘yicha vitse-prezidenti Tim Shirman ham ishtirok etdilar.

Avtosportni tartibga soluvchi va yo‘l harakati xavfsizligini targ‘ib qiluvchi ushbu global tashkilot bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Muhammad bin Sulaym O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan professional va ommaviy sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, aholi o‘rtasida jismoniy faollikni oshirish hamda barkamol avlodni tarbiyalashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi.

Mamlakatimizda avtomobil sportining kartingdan tortib, to “Formula” poygalarigacha bo‘lgan barcha yo‘nalishlarini rivojlantirishda yaqindan hamkorlik qilish muhimligi qayd etildi.

FIA universitetining imkoniyatlaridan foydalangan holda o‘zbekistonlik poygachilar, karting haydovchilari, muhandislar, konstruktor va mexaniklarni tayyorlash, O‘zbekistonda zamonaviy avtosport infratuzilmasini yaratish, piyoda va transport vositalari harakati xavfsizligini ta’minlash dasturlarini amalga oshirishga ko‘maklashish hamda mazkur xalqaro tashkilot shafeligida xalqaro musobaqalar, avvalo, “Formula-1” bosqichlarini o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida mamlakatimiz yetakchisi Xalqaro avtomobil federatsiyasi bilan hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, O‘zbekistonda avtosportni xalqaro standartlarga muvofiq ommalashtirishga qo‘shgan katta shaxsiy hissasi uchun FIA rahbariga davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordenini topshirdi.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston 2019 yildan buyon federatsiyaning faol a’zosi hisoblanadi. O‘tgan yili Samarqandda FIAning 120 yilligiga bag‘ishlangan navbatdan tashqari Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tgan edi. Bu yilgi tadbir doirasida 12 dekabr kuni “Humo Arena” majmuasida yuqori martabali xorijiy mehmonlar va chempion poygachilar ishtirokida eng namunali sportchilar va jamoalarni taqdirlash marosimi o‘tkaziladi.