Energetikadagi katta loyihalar: investorlar nega aynan O‘zbekistonni tanlayapti?

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi energetika quvvatlari va infratuzilma ob’ektlarini ishga tushirish, shuningdek, navbatdagi loyihalar qurilishini boshlashga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.
Marosimda hamkor mamlakatlar energetika vazirlari va kompaniyalar rahbarlari ham so‘zga chiqdi.
Ushbu yirik xalqaro tadbir ishtirokchisi bo‘lgan O‘zbekiston – Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, “ACWA Power” kompaniyasi rahbari Muhammad Abunayyan quyidagi fikrlarni bildirdi.
– Har gal aziz diyorim, ikkinchi Vatanim sifatida e’zozlaydigan O‘zbekistonga tashrif buyurganimda xursand bo‘laman. Davlat rahbari bilan muloqot qilish men uchun nafaqat sharaf, balki strategik ahamiyatga ega voqelikdir. U zotga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Har doim yuksak diplomatik e’tibor va samimiy munosabat bilan qabul qiladilar.
Bu uchrashuv ham mamlakatning yangi siyosiy yo‘nalishi – “Yangi O‘zbekiston” strategiyasining amaliy namunasi bo‘ldi. Olib borilayotgan islohotlar, davlat boshqaruvidagi ochiqlik, global maydondagi faol pozitsiya mamlakatning mintaqadagi nufuzini sezilarli oshirdi. Tadbirda jahonning turli davlatlaridan kelgan investorlar, nufuzli kompaniyalar va zamonaviy texnologiyalarning namoyishi bu siyosat samarasi ekanini yana bir bor tasdiqladi. Bu O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda eng barqaror, eng istiqbolli va eng ishonchli investitsiya makoniga aylanganidan dalolatdir.
Prezident Janobi oliylari bilan muloqot davomida yana bir bor guvoh bo‘ldimki, u kishi hech qachon faqat o‘tmishdagi yutuqlar bilan cheklanib qolmaydilar. Prezident doimo kelajakni ko‘radi, strategiya yaratadi, katta geoiqtisodiy maqsadlarni belgilaydi. Saudiya Arabistoni bilan barcha yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada kengaytirish zarurligini ta’kidlagani ham juda ahamiyatli. Bu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy jihatdan ham yangi bosqichga ko‘tarilayotganining isbotidir.
Uchrashuvimiz odatdagidek, juda samarali va mazmunli kechdi. Strategik ko‘rsatmalar berildi, yirik loyihalarni jadal amalga oshirish, ikki mamlakat o‘rtasida investitsiya oqimini oshirish bo‘yicha yangi siyosiy-iqtisodiy vazifalar qo‘yildi.
E’tiborli jihatlardan biri valiahd shahzodamiz, Bosh vazir Muhammad bin Salmon va Prezidentingiz o‘rtasidagi juda samimiy, ishonchli va siyosiy jihatdan o‘ta muhim aloqalardir. Bu do‘stlik mintaqa geosiyosiy arxitekturasida hal qiluvchi o‘ringa ega bo‘lgan strategik sheriklikni shakllantirmoqda.
Agar 2021 yilga nazar tashlasak, ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiyalar deyarli mavjud emasdi. Bugun esa bu ko‘rsatkich juda yuqori. Bu siyosiy-iqtisodiy ittifoqning yangi bosqichini belgilamoqda. Bu galgi uchrashuv natijasida mavjud raqamni yanada oshirish maqsadi qo‘yildi. Bu esa ikki davlat munosabatlari qay darajada strategik ahamiyat kasb etayotganini yaqqol ko‘rsatadi.
Kompaniyalarimiz loyihalarining O‘zbekistonning energiya xavfsizligi, barqaror rivojlanish strategiyasi, kadrlar tayyorlash va inson kapitalini oshirishga qo‘shayotgan hissasi borligidan xursandmiz. Bu loyihalar faqat biznes emas, bu ikki davlatning siyosiy irodasi, kelajakka qaratilgan strategik sheriklik mahsulidir.
Biz uchun O‘zbekistonda bo‘lish, bu yurtga investitsiya kiritish sharaf va ishonchdir. Chunki bu mamlakat noyob rivojlanish modelini tanlagan, zamonaviy islohotlarni amalga oshirayotgan va xalqaro hamkorlikka ochiq davlatdir.
Ikrom AVVALBOEV, O‘zA