Prezidentimiz qo‘shni davlatlar bilan yagona energetika bozorini yaratish bo‘yicha sheriklik mustahkamlanganini qayd etdi

9

Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi ob’ektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida nutq so‘zladi.

–Yaqinda Braziliyada o‘tgan COP-30 iqlim konferensiyasida biz o‘z tashabbusimiz bilan Parij bitimi doirasida muhim majburiyatni zimmamizga oldik. Ya’ni 2035 yilgacha zararli gazlar emissiyasini 50 foizga qisqartirishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik, – dedi Prezidentimiz.

Bu borada Jahon banki bilan dunyoda ilk innovatsion “ICRAFT” loyihasi boshlandi. Uning doirasida O‘zbekiston tomonidan kamaytirilgan 23 million tonna issiqxona gazi hisobga olindi. Xalqaro darajada uglerod birliklari savdosini amalga oshirishga kirishildi.

Shu yilning o‘zida 17 ta yirik sanoat korxonasi “yashil” energiya bo‘yicha xalqaro sertifikatlar tizimiga o‘tdi. Kelgusi ikki yilda bunday korxonalarning soni 100 taga yetkaziladi.

Prezidentimiz qo‘shni davlatlar bilan yagona energetika bozorini yaratish bo‘yicha sheriklik mustahkamlanganini qayd etdi.

–Mintaqamizning gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanib, birgalikda boshqarish maqsadida kelgusi yili Qirg‘iziston va Qozog‘iston bilan “Qambar-ota GES-1” loyihasini moliyalashtirishga kirishamiz.

Shu o‘rinda Yevropaga elektr energiyasini eksport qilish bo‘yicha “yashil yo‘lak” loyihasi doirasida yaqindan hamkorlik qilayotgan Ozarbayjon va Qozog‘iston rahbariyatining qat’iy sa’y-harakatlarini alohida e’tirof etmoqchiman,– dedi Prezidentimiz.

O‘zA