42 ta yangi quvvat va infratuzilma ob’ektlari ishga tushiriladi, yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga start beriladi

5

Xalqaro kongress markazida Prezident Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi ob’ektlar va loyihalarni ishga tushirish marosimida nutq so‘zlamoqda.

Bugungi marosimda qariyb 11 milliard dollarlik 42 ta yangi quvvat va infratuzilma ob’ektlari ishga tushiriladi, yana 21 ta yangi loyiha qurilishiga start beriladi.

Xususan, hududlarimizda jami 3 ming 500 megavattli 16 ta quyosh, shamol, issiqlik va gidro stansiya foydalanishga topshiriladi. Ular to‘liq quvvatda ishlay boshlagach, yiliga 15 milliard kilovatt-soat elektr generatsiya bo‘ladi. Natijada kelgusi yilda “yashil” energiya ishlab chiqarish hajmi 23 milliard kilovatt-soatga yetkaziladi.

–E’tibor bering, bu – O‘zbekiston aholisining yillik elektr energiya iste’moli to‘liq qoplanadi, deganidir,– dedi Prezidentimiz.

Eng muhimi, “toza” energiya hisobiga tabiiy gaz sarfi salkam 7 milliard kub metrga kamayadi. Atmosferaga 11 million tonna zararli moddalar chiqishining oldi olinadi.

1 ming 245 megavattli 10 ta energiya saqlash tizimi ham ishga tushirilmoqda. Bu energiya eng ko‘p iste’mol qilinadigan tig‘iz vaqtlarda qo‘shimcha 1,5 milliard kilovatt-soat elektr energiyasini tarmoqqa uzatish imkonini beradi.

Foydalanishga topshirilayotgan 11 ta yirik podstansiya va 420 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoqlar tizimning barqaror ishlashiga xizmat qiladi.

O‘zA