Sirdaryo sanoat, servis va turizm markaziga aylanmoqda

13

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 dekabr kuni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bilan tanishish hamda kelgusidagi vazifalarni faollar ishtirokida belgilab olish uchun Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbari safarining birinchi manzili Sirdaryo tumanidagi “River Med Pharm” korxonasi bo‘ldi.

Mazkur korxona mamlakatimizda infuzion dori vositalarini ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchilardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan infuzion eritmalarning 20 foizi aynan ushbu korxonaga to‘g‘ri keladi.

Bunday dori vositalari bemor hayoti uchun eng muhim tibbiy mahsulotlardan biri sanaladi. Ularni tayyorlash oddiy tabletkalar ishlab chiqarishdan ancha murakkab. Chunki bu turdagi eritmalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri qon tomirlariga yuboriladi. Demak, ular mutlaq steril sharoitda, yuqori aniqlik va xalqaro standartlarga to‘liq javob bergan holda ishlab chiqarilishi shart.

Loyihaning umumiy qiymati 30 million dollardan ortiq bo‘lib, hozirgi kunda korxonada 750 nafar odam doimiy ish bilan ta’minlangan. Korxona yiliga 135 milliard so‘mlik qiymatda 70 turdagi, umumiy hisobda 114 million dona dori vositalarini ishlab chiqarmoqda. Mahsulotlarning 20 foizi eksport qilinayotgani korxonaning xalqaro raqobatbardoshligini ko‘rsatadi.

Noyabr oyida loyihaning ikkinchi bosqichi ishga tushirilib, ishlab chiqarish quvvatlari yanada kengaytirildi. Korxona 30 million dona infuzion eritmalar, 70 million donadan ortiq quruq antibiotiklar va qariyb 20 million dona ko‘z-burun tomchilarini ishlab chiqaradi.

Davlatimiz rahbariga korxona mahsulotlari va navbatdagi rejalari haqida ma’lumot berildi.

Kelgusida korxonada ishlab chiqariladigan mahsulot turlari 200 xilga yetkaziladi. Bu bosqichda shisha va plastik idishlardagi in’eksiya uchun eritmalar, shuningdek, tabletka hamda kapsulalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Ish o‘rinlarining soni mingtagacha oshiriladi.

Prezidentimiz shu yerda viloyat faollari va nuroniylar bilan muloqot qildi.

Iqtisodiyot, sanoat, qishloq xo‘jaligi, yoshlar tarbiyasi va hududning kelajagiga oid muhim masalalar yuzasidan ochiq suhbat bo‘ldi. Davlatimiz rahbari odamlardagi tashabbuskorlik islohotlar samarasini oshirishda hal qiluvchi omil ekanini ta’kidladi.

– O‘zgarishlar, avvalo, mahallalarda sezilishi kerak. Sizlar odamlar bilan doimiy muloqotda bo‘lib, yoshlarga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishingiz zarur. Hammamiz uyg‘oq va faol bo‘lsak, harakatlarimiz, olib borayotgan islohotlarimiz albatta natija beradi. Sirdaryoga katta rejalar bilan kelganmiz. Sizlarni eshitib, bamaslahat bu rejalarni amalga oshiramiz, – dedi davlatimiz rahbari.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan “Invest Asia” korxonasida bo‘ldi.

Korxona qadoqlash mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha Markaziy Osiyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. Hozirda ichki bozordagi polipropilen qop va yumshoq konteynerlarning 60 foizi, stretch plyonkalarning 40 foizi aynan shu korxona hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Majmua 60 gektar maydonda barpo etilgan bo‘lib, hozirgi paytda 2,5 mingga yaqin ish o‘rni yaratilgan.

Qadoqlash mahsulotlari oziq-ovqatdan tortib, farmatsevtika, sanoat, qurilish va maishiy kimyogacha bo‘lgan ko‘plab sohalar uchun zarur. Ularning sifati mahsulotning xavfsiz saqlanishi, transportirovkasi va bozorga o‘z vaqtida yetkazilishiga bevosita ta’sir qiladi. Shuning uchun ham bunday mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish import xarajatlarini kamaytiradi, ichki bozor barqarorligini ta’minlaydi va ishlab chiqaruvchilar uchun xarajatlarni sezilarli qisqartiradi.

“Invest Asia” korxonasining yana bir muhim jihati uning mamlakatda bioaksal yo‘naltirilgan polipropilen plyonka ishlab chiqaradigan yagona korxona ekanidir. Bu plyonka turi eng ommabop qadoqlash materiallaridan biri bo‘lib, qattiq va yengilligi bilan ajralib turadi.

Joriy yilning o‘n oyida korxonada 1,9 trillion so‘mlik mahsulot tayyorlangan, 23 million dollarlik eksport amalga oshirilgan. Avstriya, Germaniya, Italiya, Xitoy va AQSH kabi davlatlarda ishlab chiqarilgan yuqori texnologiyali uskunalardan foydalanilmoqda.

Prezidentimiz korxonada amalga oshirilayotgan texnologik jarayonlarni ko‘zdan kechirdi, ishchilar bilan muloqot qildi. Kelgusi rejalar bilan tanishdi.

Shuningdek, yil yakuniga qadar bu yerda Markaziy Osiyodagi eng yirik spanbond va meltblaun – noto‘qima mato ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi kutilmoqda.   Bunday matolar tibbiyot, qurilish, maishiy kimyo va qishloq xo‘jaligida keng qo‘llaniladi.

Barcha loyihalar to‘liq quvvatga chiqqach, ish o‘rinlarining soni 10 mingtaga yetishi, polimerni qayta ishlash quvvati 280 ming tonnagacha oshishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari shu yerda viloyatda yirik loyihalarni amalga oshirayotgan va yangi tashabbuslar bilan chiqayotgan xorijiy investorlar bilan ham muloqot o‘tkazdi. Hudud iqtisodiyoti, aholi bandligi va turmush darajasini oshirishga xizmat qiladigan har bir loyiha davlat tomonidan, albatta, qo‘llab-quvvatlanishi ta’kidlandi.

Investorlar mamlakatimizdagi tadbirkorlik va investitsiya muhitini yuqori baholab, biznes uchun yaratilgan keng imkoniyatlar hamda amaliy ko‘mak uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdilar.

Davlatimiz rahbari Sirdaryo viloyatiga tashrifi davomida Guliston shahri Bo‘ston mahallasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlarini borib ko‘rdi.

Bo‘ston mahallasi joriy yil obod mahallaga aylandi. Hududdagi barcha ko‘p qavatli uylar ta’mirlandi, hudud obodonlashtirildi. Mahalla markazining yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Prezident dastlab shu yerda mahalla faollari, nuroniylar va yoshlar bilan  samimiy muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvda mamlakatning barcha hududlarida quyi bo‘g‘indagi muammolarni hal etish, mahallalarni obod qilish va aholining turmush sharoitini yaxshilashga qaratilgan islohotlar samarasi Sirdaryoda ham o‘z aksini topayotgani ta’kidlandi.

– Mahalla – jamiyatning yuzi. Mamlakatdagi barcha o‘zgarishlar, avvalo, shu yerda o‘z ifodasini topadi. Biz shunday tizim yaratdikki, ilgari jiddiy deb hisoblagan ko‘plab masalalarimizga yechimni aynan mahallaning o‘zida topyapmiz. Bu institutga e’tiborni yanada kuchaytirishda davom etamiz, – dedi Prezidentimiz.

Hududdagi 48 ta ko‘p qavatli uy joriy ta’mirlandi, tashqi qismi bazalt bilan qoplandi. Issiqlik ta’minotini yaxshilash maqsadida 18 milliard so‘m hisobiga zamonaviy qozonxona va 3,3 kilometr issiqlik tarmoqlari qurildi.

Ko‘p qavatli uylarda 23 ta individual issiqlik punktlari o‘rnatilib, “ёпиқ” tizim tashkil etildi. Mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan hududdagi 800 ta xonadonli 20 ta ko‘p qavatli uyning ichki issiqlik tizimlari qayta tiklandi. 1 ta bog‘cha markazlashgan issiqlik energiyasi va issiq suv bilan ta’minlandi.

Yangi qozonxona qurilishi natijasida 144 ming kilovatt-soat elektr va 627 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi.

Prezidentimiz ko‘p qavatli uylarda yashovchi aholi uchun qulay shart-sharoit yaratishga qaratilgan bu ishlarni davom ettirish, qozonxonalarni qurish va ulardan foydalanishda zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash, malakali mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerning o‘zida “yettilik” vakillari va nuroniylar bilan mahalla hamda viloyat hayotida bo‘layotgan o‘zgarishlar xususida suhbat bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo viloyatida infratuzilmani rivojlantirishga doir qarori asosida hududda 215 ta ko‘p qavatli uyni qamrab olgan maxsus manzilli ro‘yxat shakllantirilgan. Ushbu hujjat doirasida uylarning tom va fasad qismlarini ta’mirlash, issiqlik ta’minotini, muhandislik kommunikatsiya tarmoqlarini yaxshilash hamda atrof-muhitni obodonlashtirish ishlari rejalashtirilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Sirdaryo viloyat filialiga bordi.

Bu yerda ikki kun oldin Guliston shahridagi umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida gaz balloni portlashi oqibatida jarohat olganlar davolanmoqda.

Markaz rahbariyati va shifokorlar Prezidentimizga bemorlarning ahvoli va davolash jarayonlarining borishi haqida axborot berdi. Davlatimiz rahbari baxtsiz voqeada turli darajada tan jarohati olgan fuqarolar davolanayotgan palatalarga kirib, ulardan xabar oldi, oila a’zolari bilan suhbatlashdi.

Prezidentimiz mutasaddilarga jabrlanganlarga zarur barcha tibbiy yordam ko‘rsatilishini qat’iy nazoratga olish bo‘yicha topshiriq berdi. Baxtsiz hodisa oqibatida qurbon bo‘lganlarning oila a’zolariga hamdardlik bildirib, ularga moddiy yordam ko‘rsatish zarurligini qayd etdi.

Mas’ullar oldiga sodir bo‘lgan voqeaning sabablarini puxta o‘rganish, qonun ustuvorligini ta’minlash, kelgusida bunday holatlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligi ustidan nazorat ishlarini kuchaytirish vazifasi qo‘yildi.

Davlatimiz rahbari Guliston shahri jamoat transporti infratuzilmasini takomillashtirish maqsadida olib kelingan zamonaviy avtobuslar taqdimoti bilan ham tanishdi.

Guliston shahridagi ichki yo‘llar bo‘ylab qatnovlarni amalga oshirish maqsadida 52 ta avtobus olib kelindi. Ular “Yevro-5” standarti talablariga to‘liq javob beradi hamda tabiiy siqilgan gazda harakatlanadi.

Har biri 65 nafar yo‘lovchini qulay sharoitlarda manziliga yetkazishga mo‘ljallangan ushbu avtobuslar past polli bo‘lib, nogironligi bo‘lgan shaxslarning harakatlanishi uchun maxsus pandus uskunalari va alohida o‘rindiqlar bilan jihozlangan. Yo‘l haqi to‘lovlarini elektron tarzda ham amalga oshirish uchun “ATTO” tizimi o‘rnatilgan.

Aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyoji hisobga olinib, avtobuslar harakati Guliston shahrining 23 ta mahallasini to‘liq qamrab oluvchi jami 7 ta shahar ichki yo‘nalishida brutto-shartnoma asosida harakatlanadi.

Natijada avtobuslarning harakat intervali avvalgiga nisbatan 2 barobarga qisqarib, kuniga 29 ming nafar aholiga qulay, xavfsiz va arzon transport xizmatlari ko‘rsatilishi ta’minlanadi.

Yana bir jihat: mazkur qatnovlar orqali yiliga 38 milliard so‘mdan ziyod transport xizmatlari ko‘rsatiladi, 120 ta ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari mutasaddilarga yurtimiz shaharlarining jamoat transporti parklarini shunday zamonaviy avtobuslar bilan to‘ldirish ishlarini izchil davom ettirish, fuqarolarga sifatli xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Shu yerda kelgusida 11 metrli, uzoq masofaga mo‘ljallangan yana 30 ta avtobusni olib kelish rejasi haqida ma’lumot berildi. Ushbu loyiha amalga oshirilsa, qo‘shimcha yana 150 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Shundan so‘ng, xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida davlatimiz rahbari “Inson qadri uchun” degan ezgu tamoyil asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasi sifatida Sirdaryo viloyatidagi ulkan o‘zgarishlarni alohida ta’kidladi.

– Ilgari asosan qishloq xo‘jaligiga bog‘lanib qolgan bu zaminda so‘nggi yillarda sanoat, servis, turizm yo‘qdan bor bo‘ldi. Biznes muhiti butunlay o‘zgardi, ilg‘or tadbirkorlar qatlami shakllandi, – dedi davlatimiz rahbari.

Sakkiz yilda Sirdaryo viloyatiga 4 milliard dollar investitsiya kiritildi. Shu davr mobaynida 187 ta yirik quvvat ishga tushirilib, 120 mingta ish o‘rni yaratildi. 50 ga yaqin yangi turdagi mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Natijada sanoat hajmi 4 trillion so‘mdan 25 trillion so‘mga yetdi.

Ilgari dotatsiya olgan Guliston, Yangiyer shaharlari, Boyovut, Mirzaobod, Sayxunobod, Sirdaryo va Xovos tumanlari bugun o‘z xarajatini o‘zi qoplash darajasiga yetgani qayd etildi.

Sirdaryo tumanida kelgusi yili xitoylik sheriklar bilan 122 million dollarlik avtomobilsozlik loyihasi ishga tushiriladi. Yaqinda Qozog‘iston bilan hamkorlikda Sirdaryo tumanida Markaziy Osiyo xalqaro sanoat kooperatsiyasi markaziga start berildi. Ushbu markaz hududida qiymati 300 million dollarlik 14 ta sanoat korxonasi kelasi yilning birinchi choragi yakuniga qadar ish boshlashi, 2026 yilda yana 720 million dollarlik 40 ta yangi loyiha joylashtirilishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari Sirdaryoda bog‘cha, maktab, shifoxona o‘rinlarini ko‘paytirish, elektr, suv, kanalizatsiya va yo‘llarni yaxshilash borasida ham amalga oshirilgan ishlarga to‘xtalib o‘tdi. Birgina joriy yilning o‘zida aholi turmush sharoitini yaxshilash uchun 100 million dollar resurs yo‘naltirildi. Natijada 47 ta maktab, 45 ta bolalar bog‘chasi, 31 ta tibbiyot muassasasi, 5 ta sport va madaniyat maskani tubdan ta’mirlanib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi. Bu ishlar izchil davom ettirilib, kelasi yili yana 100 million dollar ajratilishi e’lon qilindi.

Sessiyada tashkiliy masala ham ko‘rildi. Prezidentimiz hokim vazifasini bajarayotgan Erkin Turdimov nomzodini Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga ilgari surdi.

Viloyat faollarining fikr-mulohazalari tinglanib, nomzod ovozga qo‘yildi. Ovoz berish natijasiga ko‘ra, Erkin Turdimov Sirdaryo viloyati hokimi lavozimiga tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari yangi hokim oldiga Sirdaryoni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalar qo‘ydi. Jumladan, kelasi yillar davomida viloyatga jami 3 milliard dollar investitsiya kiritish, eksport hajmini 500 million dollarga yetkazish, 185 ming aholini ish bilan ta’minlash bo‘yicha qat’iy ishlash zarurligi qayd etildi.

Yig‘ilishda viloyatda sanoat, servis, qishloq xo‘jaligini yanada rivojlantirish, infratuzilmani yaxshilash masalalari ko‘rib chiqildi.

So‘nggi yillarda xitoylik investorlar bilan hamkorlikda umumiy qiymati 500 million dollar bo‘lgan 31 ta korxona ishga tushirilib, 5 ming nafar fuqaro yuqori daromadli ish o‘rinlari bilan ta’minlandi. Xitoylik hamkorlar bilan yana 700 million dollarlik 40 ta loyiha bo‘yicha ishlar jadal davom etmoqda.

Yangiyer, Guliston va Shirin shaharlari, Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos tumanlari hisobiga “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasi hududi 1080 gektargacha kengaytirildi. Viloyat va tuman hokimlariga sanoat zonasiga qo‘shib berilgan maydonlarda kamida 4 milliard dollarlik loyihalarni boshlash muhimligi ko‘rsatib o‘tildi.

Buning uchun loyihalarning samaradorligini puxta hisoblab, investorlarga taqdimot qilish maqsadida Sirdaryo, Boyovut, Guliston, Mirzaobod, Oqoltin, Xovos tumanlari, shuningdek, Yangiyer, Guliston va Shirin shaharlari hokimlaridan iborat delegatsiyani Xitoyga yuborish topshirildi.

Qurilish materiallari bo‘yicha Szyansu, Shandun va Guandun, kimyo sanoati bo‘yicha Tyanszin, elektrotexnikada Futszyan va Gonkong, yengil sanoatda Shandun va Sinszyan, farmatsevtika sohasida Shanxay va Szyansi hududlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik o‘rnatish vazifasi qo‘yildi.

Shuningdek, Guliston shahrida kamida 5 ming ish o‘rniga ega “O‘zbekiston – Shanxay hamkorlik tashkiloti” savdo va sanoat zonasi tashkil etilishi belgilandi. Bu yerdagi ob’ektlar tayyor loyiha sifatida tadbirkorlarga sanoat ipotekasi yoki lizing asosida taklif etiladi.

Toshkent shahridagi sanoat korxonalarini bosqichma-bosqich poytaxtdan tashqariga ko‘chirish jarayonida “Sirdaryo” erkin iqtisodiy zonasidagi bo‘sh yerlar mavjud quvvatlarni joylashtirish uchun katta imkoniyat ekani ta’kidlandi.

Shu bois, poytaxtdan o‘z korxonasini Sirdaryoga ko‘chirish istagida bo‘lgan tadbirkorlarga sanoat zonasidagi yerlar soddalashtirilgan tartibda, chegirma bilan taqdim etiladi, ularga 10 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi, xomashyoni temir yo‘l orqali tashishda arzonlashtirilgan tariflar qo‘llanadi.

Yig‘ilishda tadbirkorlik va servis infratuzilmasini rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.

2026 yilda viloyat infratuzilmasini yaxshilashga 1,5 trillion so‘m, tadbirkorlik loyihalari uchun 10 trillion so‘m resurs ajratish rejalashtirilgan. Shuning 753 milliard so‘mi ilk bor Sirdaryo viloyati va tuman byudjetlariga mahallalar sharoitini yaxshilash uchun yo‘naltiriladi.

Prezidentimiz aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangicha yondashuvlar, samarali yechimlarni joriy etish uchun doim izlanish, o‘rganish va tajriba orttirish juda muhimligini ta’kidladi.

Shu maqsadda 11 ta tuman hokimining birinchi o‘rinbosarini Pekindagi Kambag‘allikka qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro markazda amaliyot o‘tashini tashkil qilish, sirdaryolik 50 ta yoshni Pekin shahrida avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kurslarda o‘qitish topshirildi.

Shuningdek, Guliston universiteti qoshida Xitoyning “Lu Ban ustaxonasi” dasturi doirasida kasb-hunarga o‘qitish markazini, Sirdaryo tumanidagi tibbiyot texnikumi negizida esa Xitoy bilan hamkorlikda farmatsevtika texnologiyalari yo‘nalishida oliygoh tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalari ham atroflicha ko‘rib chiqildi.

Ekin yerlarida suv ta’minotini yaxshilash maqsadida kelasi yili Boyovut tumanida sig‘imi 100 million kub metr bo‘lgan “Sultonhovuz” suv ombori qurilishi boshlanadi. Bu orqali Boyovut, Guliston, Sayxunobod, Sirdaryo va Mirzaobod tumanlaridagi 110 ming gektarda yiliga ikki marta hosil olish imkoniyati yaratiladi.

Yig‘ilishda aholi va tadbirkorlarning hayotini yengillashtirishga qaratilgan tashabbuslarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

A-373 yo‘lining Sayxunobod va Guliston tumanlaridan o‘tuvchi 37 kilometr qismini oltita tasmali qilib rekonstruksiya qilish ishlarini boshlash topshirildi. Boyovut, Guliston, Xovos, Mirzaobod, Sirdaryo va Sayxunobodning 18 ta mahallasidagi 67 kilometr yo‘lni sement-beton qoplamaga o‘tkazish rejalashtirilgan.

Ikki kun oldin Guliston shahri Taraqqiyot mahallasidagi buyum bozori hududida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchalaridan birida gaz balloni portlashi natijasida 29 nafar fuqaro jarohat oldi.

Afsuski, mazkur baxtsiz hodisada qurbonlar ham bor. Prezidentimiz halok bo‘lganlarning oila a’zolariga chuqur hamdardlik bildirdi. Uch kun muddatda qurbonlarning oilasiga 100 million so‘mdan moddiy yordam ajratish topshirildi.

– Bugun sizlar bilan viloyatni yanada rivojlantirish, aholi va tadbirkorlarning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish bo‘yicha katta-katta reja va maqsadlarni belgilab oldik. Hech shubhasiz, sirdaryoliklarning bunyodkorlik, tashabbuskorlik va fidoyilik fazilatlariga tayanib, bu marralarga albatta erishamiz, – dedi Prezidentimiz yig‘ilish yakunida.

Sessiya davomida mutasaddilarning hisobotlari, ishtirokchilarning fikr va takliflari tinglandi.

Shu bilan davlatimiz rahbarining Sirdaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Abdulaziz RUSTAMOV,

G‘ulom PRIMOV,

O‘zA maxsus muxbirlari