Jizzax viloyati sessiyasida tashkiliy masala ko‘rilib, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha asosiy rejalar belgilab olindi

34

2 dekabr kuni Xalq deputatlari Jizzax viloyati kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirok etdi.

– Viloyatni qanday og‘ir sharoitlardan olib chiqqanimizni, Jizzaxning har bir tumanida bo‘layotgan katta-katta o‘zgarishlarni, odamlarning xursandchiligini ko‘rib, juda quvonaman va faxrlanaman, – dedi davlatimiz rahbari so‘zining avvalida.

O‘tgan davrda Jizzax viloyati respublikadagi sanoati eng tez o‘sayotgan hududga aylandi. Sakkiz yilda 6,5 milliard dollarlik investitsiya loyihalari ishga tushgan bo‘lsa, shuning 45 foizi sanoat hissasiga to‘g‘ri keladi. Jizzaxda yiliga 175 ming avtomobil ishlab chiqarish quvvatlari yaratildi.

Qisqa fursatda Zomin, Forish, Arnasoy tumanlari va Jizzax shahrida 2 milliard dollarlik 500 dan ziyod turizm hamda servis ob’ektlari ish boshladi. Arnasoy va Zominda 300 million dollar hisobiga 12 oy davomida to‘liq ishlaydigan kurort zonalari ishga tushgani, ularda aeroportlar barpo etilgani natijasida Jizzax eng jozibador turistik marshrutlardan biriga aylandi.

Sakkiz yil oldin Jizzaxdagi ish o‘rinlarining 42 foizi qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, bugun 310 mingga yaqin viloyat aholisi sanoat va servis sohalaridagi yuqori daromadli ishlar bilan band.

Paxtachilikka moslashgan viloyatning qishloq xo‘jaligi ham tubdan diversifikatsiya qilindi. Baxmal, G‘allaorol, Zomin, Yangiobod, Forish tumanlari bog‘dorchilikka ixtisoslashib, 28 ming gektar yangi bog‘ va tokzorlar barpo etildi. Mirzacho‘l, Do‘stlik, Zafarobod, Zarbdor, Paxtakor, Arnasoyning cho‘l hududlarida 12 ming gektar yerlarda ham bog‘ va sabzavot plantatsiyalari tashkil etildi.

Umuman, so‘nggi sakkiz yilda Jizzaxda sanoat 2,5 trilliondan 25 trillion so‘mga, xizmatlar 2,5 trilliondan 20 trillionga, qishloq xo‘jaligi 9 trilliondan 30 trillion so‘mga oshgani ta’kidlandi.

– Albatta, bu – katta islohotlarimizning boshlanishi. Jizzax viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti yo‘lida hali ko‘p ishlarni qilishimiz zarur, – dedi Prezidentimiz.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi.

Prezidentimiz Jizzax viloyati hokimi lavozimiga hokim vazifasini bajarib kelayotgan Ulug‘bek Mustafoyev nomzodini ilgari surdi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, Ulug‘bek Mustafoyev Jizzax viloyati hokimi etib tasdiqlandi.

Davlatimiz rahbari sanoat, investitsiya, turizm, qishloq xo‘jaligi, qurilish va infratuzilma sohalarini rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

Jizzaxning respublika avtomobilsozlik sanoatidagi ulushi 25 foizga yetgan. Navbatdagi vazifa zavodlar atrofida yondosh tarmoqlarni rivojlantirib, mahalliylashtirish darajasini oshirish va tannarxni kamaytirishdan iborat ekani qayd etildi.

Tadbirkorlarga qulay shartlarda tayyor binolarni taklif etish, butlovchi qismlarni validatsiya qilish xarajatlarining 50 foizini qoplab berish vazifalari belgilab olindi.

Viloyatda yiliga 1 ming tonna volfram qazib olish loyihasi amalga oshirilmoqda. G‘allaorol va Nuroboddagi loyihalar ishga tushsa, O‘zbekiston volfram ishlab chiqarish bo‘yicha yetakchi davlatlardan biriga aylanishi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga G‘allaoroldagi oltin resursiga ega istiqbolli maydonga investor jalb qilish, Forishdagi qo‘rg‘oshin-rux konida geologiya-qidiruv ishlarini yakunlash, Arnasoydagi uran zaxirasi aniqlangan konning texnik-iqtisodiy asosini yakunlash topshirildi.

“Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi 510 million dollarlik 30 ta loyiha hisobiga 10 mingga yaqin odamning bandligi ta’minlandi. Bu yerda yana 540 million dollarlik loyihalar jadal ketmoqda.

Tadbirkorlar yangi loyihalar uchun sanoat zonasini yetarli quvvatda elektr bilan ta’minlash va suv tozalash inshootini qurib berishni so‘ramoqda.

Energetika vazirligiga bu yerga 40 kilometr yuqori kuchlanishli tarmoq tortib kelib, 40 megavattli podstansiya qurish topshirildi. 2026 yil sanoat zonalari infratuzilmasini rivojlantirish dasturida “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida suv tozalash inshooti qurish uchun 100 milliard so‘m nazarda tutiladi.

Sanoatning energiya bilan ta’minlanganlik darajasini oshirish uchun joriy yil 200 megavatt, keyingi yil 300 megavattli quvvatlar yaratiladi. Bunga qo‘shimcha 30 megavattli 150 ta kichik va mini GESlar ishga tushiriladi.

Viloyatda infratuzilmani yaxshilash va tadbirkorlikni rivojlantirish uchun kelasi yil qariyb 10 trillion so‘m resurs berilishi e’lon qilindi.

Baxmal va Zomin tumanlaridagi tog‘li hududlarni yagona turizm halqasiga birlashtirish orqali yuzlab servis ob’ektlarini ishga tushirish, minglab odamlarni ishli qilish, turizm eksportini karrasiga oshirish mumkinligi ta’kidlandi.

Mutasaddilarga kelgusi yilda “Zomin – Baxmal – G‘allaorol” yo‘lining 158 kilometr qismini ta’mirlashni boshlash topshirildi. Baxmal tumanida 39 gektar maydonda 40 million dollar investitsiya hisobiga turizm klasterini tashkil qilish tashabbusi ma’qullandi. Baxmalga ham “turizm tumani” maqomi berilishi belgilandi.

Arnasoy aeroportida katta samolyotlarni ham qabul qilish imkonini yaratish zarurligi qayd etildi. Bundan tashqari, Aydar-Arnasoy ko‘ligacha temir yo‘l ham olib kelinadi.

Prezidentimiz qishloq xo‘jaligiga alohida e’tibor qaratdi.

Viloyatdagi jami 900 ming gektar lalmi va yaylov yerlarining 110 ming gektari zaxirada turgani, ularda ozuqa, moyli ekinlar ekish va sanoat bog‘larini yaratish orqali kamida 20 ming odamni ishli qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Shuningdek, viloyatdagi ko‘plab chorvador va fermerlar ozuqa va meva-sabzavot yetishtirishda suv nasosiga sarflangan elektr uchun subsidiyani har oyning boshida to‘lab berishni so‘ragan. Mutasaddilarga butun respublikada ushbu subsidiyalarni oy boshida beradigan tizim qilish muhim ekani ko‘rsatib o‘tildi.

Kartoshkachilikni rivojlantirish borasida Jizzax viloyati namuna bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi. 2026 yildan boshlab kartoshka yetishtiruvchilarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlari joriy etilishi belgilandi.

Bunda mineral o‘g‘it, texnika, yoqilg‘i va boshqa xarajat uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan bir yil muddatga 12 foizli kredit ajratiladi. Kreditlarning 50 foizgacha qismiga kafillik taqdim etiladi, sug‘orish nasoslariga quyosh paneli o‘rnatish xarajatining yarmi qoplab beriladi.

Kelgusi yildan sug‘orish nasoslarining elektr xarajatini 50 foizi qoplab beriladi, chetdan olib kelingan kartoshka ekish va yig‘ib olish texnikalari bojxona bojlaridan ozod qilinadi.

Shuningdek, superelita va elita urug‘larini fermerlarga yetkazib berishgacha bo‘lgan davrda muzlatkichli omborxonalarda saqlash xarajatining 50 foizini qoplab berish mexanizmi joriy qilinadi.

Bundan tashqari, Baxmaldagi bog‘dorchilik xo‘jaliklari uchun bir qator yangiliklar e’lon qilindi. Xususan, intensiv bog‘ tashkil qilishda 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan 14 foizdan kredit beriladi. Mevaning turiga qarab, shpalerlar uchun 20 ming so‘mdan 70 ming so‘mgacha subsidiya ajratiladi.

Shuningdek, muzlatkichli omborlar uchun kredit foizini asosiy stavkadan oshgan 8 foizgacha qismi qoplab beriladi. Meva-sabzavot eksportchilari va bog‘bonlarga ham qadoqlash xarajatlarining 50 foizini qoplash uchun subsidiya to‘lanadi.

Umuman, kelasi yili bog‘dorchilik bo‘yicha Baxmalda tajriba maktabi yaratilib, ushbu imtiyozlar butun respublikada joriy qilinadi.

AQSHlik hamkorlar bilan Zominda parrandachilik bo‘yicha yirik naslchilik korxonasi tashkil qilinmoqda. Ushbu klasterda 100 ming bosh quvvatdagi birinchi naslli ona tovuq va 9 million dona inkubasion tuxum ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Bu unikal loyiha respublikada parrandachilikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.

Qurilish va infratuzilma masalalari muhokama qilinar ekan, ijtimoiy xizmatlar, mehnat bozori va infratuzilmani markazdan uzoq mahallalar aholisiga yaqinlashtirish zarurligi qayd etildi.

Urbanizatsiya milliy qo‘mitasi va viloyat hokimligiga Yevropadan mutaxassislarni jalb qilib, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanini yagona aglomeratsiya asosida rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish topshirildi.

Viloyat aholisining talab va istaklarini inobatga olib, Jizzax shahridagi tirbandlikni bartaraf etish uchun 10 kilometrli aylanma yo‘l quriladi. Shuningdek, Dashtobod shaharchasi va Xovos tumani o‘rtasidagi temir yo‘l ustidan ham yangi ko‘prik qurilishi boshlandi.

– Bugun sizlar bilan viloyatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha oldimizda turgan yangi vazifalarni belgilab, asosiy masalalarni muhokama qilib oldik. Bu sa’y-harakatlar va qabul qilayotgan qarorlarimizdan maqsad bitta – shu yerda yashab, mehnat qilayotgan odamlarni rozi qilish, viloyatni har tomonlama rivojlangan hududga aylantirish, – dedi davlatimiz rahbari yig‘ilish yakunida.

Sessiya davomida viloyat va tuman hokimlarining hisobotlari, faollarning fikrlari tinglandi.