Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanini yagona aglomeratsiya asosida rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqiladi

25

Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Qurilish va infratuzilma masalalari muhokama qilinar ekan, ijtimoiy xizmatlar, mehnat bozori va infratuzilmani markazdan uzoq mahallalar aholisiga yaqinlashtirish zarurligi qayd etildi.

Urbanizatsiya agentligi va viloyat hokimligiga Yevropadan mutaxassislarni jalb qilib, Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumanini yagona aglomeratsiya asosida rivojlantirish bo‘yicha master-reja ishlab chiqish topshirildi. Bunda Sharof Rashidov tumani va Jizzax shahri o‘rtasidagi 40 gektar bo‘sh maydon tanlab olinadi va keyingi yildan ushbu massivda 1 ming 200 xonadonli 50 ta ko‘p qavatli uy quriladi.

Master-rejada yangi massivda barpo etiladigan bog‘cha, maktab, shifoxona kabi ijtimoiy ob’ektlar, elektr, suv, yo‘l infratuzilmalari Jizzax shahri va Sharof Rashidov tumani aholisi uchun birdek xizmat qilishi, ikkita hududni bir-biri bilan bog‘laydigan yagona jamoat transporti tizimini yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilishi kerak.

Massiv hududida yagona ma’muriy markaz qurib, Sharof Rashidov tumanidagi barcha 21 ta davlat tashkilotini shu yerga ko‘chirish zarurligi qayd etildi.

O‘zA