Yolgʻiz yashovchi keksalarga gʻamxoʻrlik ko‘rsatish — jamiyatning ma’naviy burchi

9

Keksalik — inson umrining eng e’tibor talab etadigan, eng nozik bosqichlaridan biridir. Ayniqsa, yolgʻiz yashayotgan nuroniylarning holidan xabar olish, ularni qo‘llab-quvvatlash — nafaqat bir oilaning, balki butun jamiyatning ma’naviy saviyasini ko‘rsatib turadigan mezondir. Axir keksa avlod — tariximizni yodda tutib turgan tirik xazina, ma’naviy ildog‘imizdir. Ularga hurmat ko‘rsatish, ehtiyojlarini qadrlash — bugungi burchimiz, ertangi avlodga esa o‘rnakdir.

Yoshi ulug‘ insonlar butun umrini mehnatga, oila va jamiyat manfaatiga bag‘ishlab kelgan. Ularning ko‘rgan-kechirganlari, saboq va nasihatlari yoshlar uchun hayot kitobi vazifasini o‘taydi. Milliy qadriyatlar, odob-axloq, mehr-oqibat, insoniylik kabi fazilatlar avloddan avlodga aynan keksalar vositasida o‘tadi. Shuning uchun ularga hurmat — bu faqat axloqiy talab emas, balki ma’naviy merosni asrab-avaylashning ham muhim shartidir.

Bugungi hayot sur’ati esa ba’zan o‘z taqozosini o‘tkazadi: farzandlarning yurt tashqarisida ishlashi, bandlik yoki ijtimoiy sharoitlar sabab ayrim keksalar yolgʻiz yashab qoladilar. Bunday pallada ular uchun eng katta ne’mat — bir og‘iz so‘ram, bir suhbat, bir yordam qo‘lidir.

Yolg‘iz qolgan keksa insonning ehtiyoji faqat moddiy yordam bilan cheklanmaydi. Ularning duch keladigan qiyinchiliklari ko‘p qirrali:

Ruhiy yolg‘izlik — suhbatdoshning yo‘qligi ruhiy tushkunlik, iztirob keltirishi mumkin.

Jismoniy qiynchiliklar — xarid qilish, ovqat tayyorlash, uy yig‘ishtirish kabi ishlarda qiynalishadi.

Tibbiy ehtiyojlar — yurak, diabet, qon bosimi kabi kasalliklar doimiy nazoratni talab qiladi.

Huquqiy va ijtimoiy masalalar — hujjat rasmiylashtirish, nafaqa bilan bog‘liq ishlar ham oson emas.

Xavfsizlik — kutilmagan holatlar, yiqilish, to‘satdan kasallanish xavfi mavjud.

Bu muammolarni yengillashtirish — jamiyatning har bir a’zosi zimmasidagi vazifa.

Keksalarga g‘amxo‘rlik deganda faqat moddiy yordam tushunilmaydi. Eng qadrlisi — insonning e’tibori, suhbatdosh bo‘lishi, holidan xabar olishi, bir chashka choy yonida suhbat qurishi. Ba’zan bir telefon qo‘ng‘irog‘i ham ularga mingta quvvat beradi.

Xalqimizning eng go‘zal an’analaridan biri — qo‘shnichilik va mahalla tizimi. Mahallada yolgʻiz keksa borligini bilgan insonning uning uyiga bir borib holidan xabar olishi — yaxshi fazilat emas, bu bizning milliy tarbiyaning asosi.

Quyidagi oddiy amallar esa nuroniylar hayotiga haqiqiy quvonch olib kelishi mumkin:

haftada bir-ikki marta hol-ahvol so‘rash,

uy yumushlarida yordam berish,

dorilarini olib berish,

ovqat yoki zarur buyumlar yetkazish,

bayramlarda tabriklash,

suhbatlashish, vaqt ajratish.

Bu e’tiborlar ko‘rinishidan oddiy, ammo keksa insonning ruhiy dunyosi uchun nihoyatda muhim.

O‘zbekistonda keksalarga g‘amxo‘rlik davlat siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biridir. “Keksalarni e’zozlash yili”, “Obod mahalla”, “Saxovat va ko‘mak” kabi dasturlar doirasida yolgʻiz keksalarga ijtimoiy himoya, tibbiy xizmat, kommunal imtiyozlar, moddiy yordam, uy sharoitlarini yaxshilash kabi ko‘plab choralar amalga oshirilmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, keksalarga e’tibor — bu jamiyatning buguniga berilgan baho, ertangi kuniga qo‘yilgan mustahkam poydevordir. Yolgʻiz yashayotgan keksalar hayotiga bir tomchi mehr ulashish — insoniylikning eng yuksak namunasidir.

 

M.Jumabaeva,  Shomanay rayonı “Insan” sociallıq xızmetler orayı psixologi