O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida do‘stlik rishtasi yanada mustahkamlanmoqda

O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari bugun mustahkam hamda o‘sish dinamikasiga ega. Bu munosabatlarni yanada kengaytirish va yangi mazmun bilan boyitish Indoneziya Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Siti Ruhayni Juxayatin uchun asosiy ustuvor vazifalardan biridir.
27 noyabr kuni mamlakatimizda yangi tayinlangan xorijiy elchilar tomonidan ishonch yorliqlarini topshirish tantanali marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezident Shavkat Mirziyoyev elchilarni chin ko‘ngildan tabriklab, ularning Yangi O‘zbekistondagi faoliyati do‘stona munosabatlar va sheriklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Marosimdan so‘ng elchi Siti Ruhayni Juxayatin o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– O‘zbekiston va Indoneziya munosabatlari yuz yildan ziyod davom etgan tarixiy asosga ega. Indoneziyaning birinchi Prezidenti Ahmad Sukarnoning O‘zbekistonga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish maqsadida amalga oshirilgan. Ushbu tashrif bugungi mustahkam hamkorlik poydevoriga aylandi.
Bu tarixiy asos va do‘stlik ko‘prigi bugungi kunda yangi mazmun kasb etmoqda. Menga ana shu hamkorlikni yanada kengaytirish vazifasi yuklangan. Biz O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning oqilona va ochiq siyosatini qo‘llab-quvvatlaymiz. Siyosiy, madaniy, ijtimoiy va iqtisodiy sohalarda samarali hamkorlikni davom ettiramiz.
O‘zbekistonning boy tarixiy merosi, ziyorat maskanlari va sayohat salohiyati kelgusi yillarda yana ko‘plab indoneziyalik sayyohlarni o‘ziga jalb etadi. Shuningdek, Indoneziyaning tabiiy go‘zalligi va madaniy merosi ham o‘zbekistonliklar uchun qiziq va manzur yo‘nalish bo‘lib qoladi.
O‘zbekistonda o‘zimni o‘z uyimdagidek his qilyapman. Shu yerda xizmat qilishdan minnatdorman. Umid qilamanki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar yanada chuqurlashib, rivojlanaveradi. Bu munosabatlar do‘st va birodar xalqlarimizning manfaati uchun xizmat qiladi.
O‘zA muxbiri Ikrom AVVALBOEV yozib oldi.