O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Prezident Olimpiadasi o‘yinlarining ochilish marosimidagi nutqi

29

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Muhtaram faxriylar, ustoz va murabbiylar, azmu shijoatli o‘g‘il-qizlarim!

Hurmatli mehmonlar!

Bugun sizlar bilan Yangi O‘zbekiston timsoli bo‘lgan mana shu muazzam Olimpiya shaharchasida Prezident Olimpiadasiga start beryapmiz.

Mamlakatimizda birinchi marta o‘tkazilayotgan, butun yurtimiz yoshlarini Olimpiya harakatining ezgu g‘oyalari asosida birlashtirayotgan ushbu sport bayrami barchamizga muborak bo‘lsin!

Aziz do‘stlar!

Biz islohotlarimizning ilk kunlaridanoq barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratyapmiz. So‘nggi sakkiz yilda byudjetdan sportga berilayotgan yillik mablag‘ 250 milliard so‘mdan 3 trillion so‘mga oshdi; trenerlarning o‘rtacha maoshi 7 barobar ko‘paydi; 250 dan ziyod yirik sport ob’ektlari yangidan qurildi, 100 ga yaqin ob’ekt rekonstruksiya qilindi; mahallalarda, ayniqsa, chekka-chekka qishloqlarda 2 mingga yaqin sport maydonchalari barpo etildi, ularning sonini har yili 500 taga oshirib boryapmiz; 14 ta olimpiya va paralimpiya markazlari to‘liq zamonaviy infratuzilma bilan ta’minlandi.

Bu ishlarimiz yurtimizning nufuzli xalqaro musobaqalarda yuqori natijalarga erishishi va sporti yuksak darajada rivojlangan davlatlar qatoridan joy olishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda. Jumladan, Parij Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarida mard va bahodir sportchilarimiz chinakam jasorat ko‘rsatib, 13-o‘rinni egallaganliklari har qanday tahsin va tasannolarga munosibdir.

Ana shunday zafarli yurishning davomi sifatida joriy yilda yoshlarimiz Jahon universiadasida 13-o‘rinni, Bahraynda o‘tkazilgan Yoshlar o‘yinlari va Saudiya Arabistonidagi Islom birdamligi musobaqalarida faxrli 2-o‘rinni egalladi.

Ayniqsa, o‘g‘il-qizlarimiz jahon, Osiyo va Olimpiya o‘yinlarida 50 dan ortiq rekord natijalarga erishgani yurtimizning xalqaro Olimpiya harakatidagi o‘rni va nufuzini yaqqol ko‘rsatib turibdi.

Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi ilk bor jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani xalqimiz 34 yil kutgan tarixiy voqea bo‘ldi.

Shu kunlarda shaxmat bo‘yicha jahon kubogi yarim finalida bir paytning o‘zida 2 nafar shaxmatchimiz qatnashdi. Hozirgina xushxabar oldik. 19 yoshli xalqaro grossmeysterimiz Javohir Sindorov Hindistonda o‘tayotgan mazkur nufuzli turnirda g‘alaba qozonib, jahon kubogini qo‘lga kiritdi. Endi u jahon toji uchun da’vogarlar turnirida ishtirok etadi va bunday natijalar butun xalqimizni albatta quvontiradi.

Hech shubhasiz, Yangi O‘zbekistonning sport tarixini ana shunday yuzlab irodasi mustahkam, jasur va matonatli, yuksak intellektual salohiyatga ega o‘g‘il-qizlarimiz yaratmoqda.

Bunday qahramon sportchilarimizga shon-sharaflar bo‘lsin! Ularning boshi uzra Vatanimiz bayrog‘i hamisha mag‘rur hilpirab tursin!

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Albatta, erishilgan natijalar o‘zimizniki. Eng muhimi, izlanish va harakatdan to‘xtab qolmasligimiz kerak.

Dunyoda barcha sohalar qatori sportda ham qanday keskin kurash va raqobat kechayotganini hammamiz ko‘rib turibmiz. Bu esa nufuzli xalqaro sport musobaqalari, jumladan, Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik tizimini yanada takomillashtirishni talab etmoqda.

Bu ishlarni eng quyi bo‘g‘in bo‘lgan mahalladan boshlash uchun joriy yil besh bosqichli ommaviy sport musobaqalari tizimiga 15 million aholi qamrab olindi.

Adaptiv sportga berilayotgan e’tibor tufayli so‘nggi uch yilda parasportchilar soni qariyb 7 karra oshib, 70 mingdan ortiq nogironligi bor shaxslar ommaviy sportga jalb etildi.

Sohani raqamlashtirib, shaffof tizim yaratganimiz hisobidan barcha 10 mingta maktab va 9 mingta mahalladagi o‘g‘il-qizlarimiz o‘z salohiyatini namoyon qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Endi eng iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish va ularni katta sportga yo‘naltirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim – Prezident Olimpiadasi o‘yinlarini boshlayapmiz.

Musobaqaning tuman va viloyat bosqichlarida umumta’lim maktablaridagi sport to‘garaklari, xususiy sport klublari va 310 ta sport maktabidan 100 mingdan ortiq yoshlarimiz ishtirok etdi.

Viloyat hokimlari o‘zlari bosh bo‘lib, joylarda eng yuqori natijaga erishgan 3 mingdan ziyod o‘g‘il-qizlarimizni Prezident Olimpiadasiga olib keldi. Ular sportning 10 ta yo‘nalishi bo‘yicha o‘zaro bellashuvlarni boshladi. G‘oliblar maxsus sovrinlar va pul mukofotlari bilan taqdirlanadi. Eng asosiysi, ular terma jamoalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘naltiriladi.

A’lo darajadagi tayyorgarlikni davom ettirish uchun ular Olimpiya va Paralimpiya markazlariga qabul qilinadi hamda har biriga stipendiya beriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, bundan buyon har yili o‘tkaziladigan Prezident Olimpiadasi yangi iqtidorlarni kashf qilib, samarali seleksiya tizimiga aylanadi.

Kelgusi yildan boshlab suv sporti, velosport, triatlon, qilichbozlik va jamoaviy o‘yinlar bo‘yicha ham musobaqalar o‘tkazilib, Prezident Olimpiadasidagi sport turlari 20 taga yetkaziladi.

Sport vazirligi, Olimpiya qo‘mitasi, sport federatsiyalari Prezident Olimpiadasining har bir bosqichiga xalqaro sport talablarini to‘liq tatbiq qiladi; yuqori mahoratli sportchilarni tayyorlash uchun trenerlarni zamonaviy metodologiya va yondashuvlar asosida o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yadi; musobaqa natijalarini ochiq va shaffof baholash uchun hakamlarning salohiyatini oshirib boradi.

Viloyat hokimlari sport turlaridan kelib chiqib, sport maktablari va to‘garaklaridagi sharoitlarni yaxshilab, zamonaviy inventarlar bilan to‘liq ta’minlaydi; har yili kamida 10 tadan mahallada zamonaviy sport zallarini qurib, xususiy sport klublarining boshqaruviga beradi.

Xabaringiz bor, kelgusi yil 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi, 2027 yilda 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida jahon chempionati hamda 2029 yilda Yoshlar Osiyo o‘yinlari O‘zbekistonda o‘tkaziladi.

Bugungi tadbirimiz bo‘lib o‘tayotgan ushbu muhtasham Olimpiya shaharchasi, joylarda barpo etilayotgan zamonaviy sport infratuzilmalari mana shunday nufuzli xalqaro turnirlarni yuksak saviyada tashkil etish uchun katta zamin yaratmoqda. Bunday yirik musobaqalar xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun katta bayram, katta mahorat maktabi bo‘ladi, mamlakatimizning do‘stlik va hamkorlik diyori sifatidagi xalqaro obro‘-e’tiborini yanada oshiradi.

Prezident Olimpiadasi tizimi esa hech shubhasiz, bunday musobaqalarga javohir sportchilarni tanlab olishga, xususan, 2028 yilda Los-Anjelesda o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari uchun har bir hududdan litsenziyalar sonini ko‘paytirishga xizmat qiladi.

Kelgusida ularning orasidan Bahodir Jalolov, Ulug‘bek Rashidov, Diyora Keldiyorova, Akbar Jo‘rayev kabi jahon va Olimpiya chempionlari albatta yetishib chiqishiga ishonaman.

Hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Donishmandlar aytganlaridek, irodasi kuchli inson, xalq va millatni yengib bo‘lmaydi.

Ayniqsa, sport qanday buyuk kuch, qanday yuksak o‘rnak va namuna ekanini bugungi tantanali marosimda ishtirok etayotgan siz, hurmatli sportchilarimiz, soha faxriylari, ustoz-murabbiylar yaxshi bilasiz.

Agar sizlar o‘zingizdagi katta tarbiyaviy salohiyat va hayotiy tajribani yoshlarimizga singdirsangiz, ularni bilimli va aqlli, vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga hissa qo‘shsangiz, sizlardan xalqimiz ham, Prezident ham minnatdor bo‘ladi. Chunki turli zararli g‘oya va ta’sirlar kuchayib borayotgan hozirgi murakkab davrda yosh avlodimizni har tomonlama sog‘lom etib tarbiyalash hal qiluvchi ahamiyat kasb etmoqda.

Men bu borada sportni tarbiyadan, tarbiyani esa sportdan ayri holda tasavvur etolmaydigan sizdek hurmatli sportchilar, faxriylarimiz va ustoz-murabbiylarga tayanaman.

Aziz sportchi o‘g‘il-qizlarim!

Hech qachon unutmang, sizlar mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan Prezident Olimpiadasi qatnashchilarisiz. Ana shunday nom bilan tarixga kirasiz. Ushbu yuksak maqomga munosib bo‘lib, barchangiz mahorat, halollik va jasorat namunalarini ko‘rsatasiz deb ishonaman.

Sportning murakkab va mas’uliyatli yo‘lida zimmangizda hali aziz Vatanimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, uni jahonga tarannum etishdek buyuk vazifalar turibdi.

Ana shunday ulug‘ va muqaddas burchni ado etishga hozirdan tayyor bo‘ling!

Izlanish, o‘rganish va chiniqishdan hech qachon to‘xtamang!

Doimo shijoat va qat’iyat bilan, dadil olg‘a bosavering!

Bu yo‘lda davlatimiz, Prezident sizlar uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib beradi.

Barchangizga omad va zafarlar yor bo‘lsin, aziz farzandlarim!