Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti ham O‘zbekistonga yetib keldi

55

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvida ishtirok etish uchun Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 15 noyabr kuni amaliy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Oliy martabali mehmonni “Toshkent-Humo” xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi.

Sammit kun tartibidan Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash, shuningdek, ustuvor sohalarda qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirish masalalari o‘rin olgan. Mintaqaviy va xalqaro siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashiladi.

Eslatib o‘tamiz, mintaqa davlatlari rahbarlarining muntazam maslahatlashuvlarini o‘tkazish tashabbusi O‘zbekiston yetakchisi tomonidan 2017 yilning sentyabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi.

A.RUSTAMOV, R.NAZARMATOV (surat), O‘zA