Barcha davlat va xalqlarning manfaatlari uchun birdek dolzarb taklif va tashabbuslar

40

O‘zbekiston YUNESKOning teng huquqli a’zosi sifatida so‘nggi yillarda o‘zaro hamkorlikni yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun izchil harakat qilmoqda. Jumladan, 2027 yilgacha bo‘lgan besh yillik hamkorlik dasturi samarali amalga oshirilmoqda. Buyuk ajdodlarimiz — Abu Rayhon Beruniy, Ahmad Farg‘oniy, Amir Temur, Ali Qushchi, Kamoliddin Behzodning yubileylari, Xorazm Ma’mun akademiyasi singari ilmiy dargohlar, “Alpomish” eposi kabi adabiy yodgorliklarning tarixiy sanalari xalqaro miqyosda keng nishonlandi. YUNESKO shafeligida “Sharq taronalari”, “Maqom san’ati”, Baxshichilik, Hunarmandchilik, Etnosport festivallari muntazam o‘tkazib kelinmoqda. O‘zbekistonning tashabbusi bilan “Xiva jarayoni: Markaziy Osiyoda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish” rezolyutsiyasi, (2021 yil), “Kichik yoshdagi bolalarga g‘amxo‘rlik qilish va ta’lim berish bo‘yicha Toshkent deklaratsiyasi” hamda “Axborotdan erkin foydalanish xalqaro kuni munosabati bilan Toshkent deklaratsiyasi” (2023 yil) kabi muhim hujjatlar qabul qilindi. O‘zbekiston hamisha YUNESKO ishiga muhim hissa qo‘shib kelayotgan davlat sifatida uning faoliyatini yangi mazmun bilan boyitish uchun o‘z taklif va tavsiyalarini ilgari surib kelgan.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqida ham kun tartibidagi asosiy masalalar bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.

Ijtimoiy adolat tamoyili sari

Davlatimiz rahbari inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini joriy etish, ta’lim sohasida o‘zaro bilim va tajriba almashish uchun xalqaro muloqot formatini yaratish maqsadida Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish bo‘yicha taklifni ilgari surdi. Shuningdek, prezidentimiz Sun’iy intellektni ta’lim tizimiga keng joriy etish maqsadida yurtimizda YUNESKO ishtirokida “Sun’iy intellekt – maktab” namunaviy loyihasini amalga oshirishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, YUNESKO shafeligida barcha qit’alarning yetakchi oliygohlari, pedagogika va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ishtirokida Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar anjumanini o‘tkazishni taklif etdi.

Ushbu takliflarning ahamiyati juda keng va strategik bo‘lib, ular O‘zbekistonning ta’lim tizimini nafaqat milliy darajada modernizatsiya qilishga, balki xalqaro maydonda ham inklyuzivlik va texnologiyalar etikasi bo‘yicha yetakchilikni qo‘lga kiritishga qaratilgan.

YUNESKOning alohida ehtiyojli bolalar uchun Inklyuziv ta’limni rivojlantirish platformasini joriy etish taklifi ta’limdagi asosiy ijtimoiy adolat tamoyilini amalga oshirishga xizmat qiladi. Jismoniy yoki ijtimoiy xususiyatlaridan qat’iy nazar, har bir bolaga sifatli ta’lim olish imkoniyatini yaratish Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror Rivojlanish Maqsadlari (BRM 4) talablariga to‘liq mos keladi. YUNESKO platformasining joriy etilishi inklyuziv ta’lim sohasida eng yaxshi xalqaro tajribalar va metodologiyalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanilishini ta’minlaydi. Inklyuziv ta’lim bolalarning jamiyatga to‘liq integratsiyalashuviga yordam beradi, bu esa uzoq muddatda inson kapitalini oshirishga ko‘maklashadi.

YUNESKO ishtirokida “Sun’iy intellekt — maktab” namunaviy loyihasini amalga oshirish tashabbusi mamlakatning ta’lim tizimini raqamlashtirish va uni asrimiz talablariga moslashtirish borasidagi jiddiy qadamini ko‘rsatadi. YUNESKO bilan hamkorlik esa loyihaning xalqaro standartlarga mosligini, etik me’yorlarga rioya qilinishini va eng ilg‘or texnologiyalardan foydalanilishini kafolatlaydi.

Jahon professional ta’lim sammitini o‘tkazish taklifi O‘zbekistonni professional ta’lim sohasidagi xalqaro muloqot va tajriba almashinuvi uchun markaziy maydonchaga aylantiradi. Xalqaro miqyosdagi bunday tadbirni o‘tkazish mamlakatning ta’lim sohasidagi ochiqligi va islohotlarga tayyorligini namoyish etadi.

YUNESKO shafeligida Sun’iy intellekt etikasi bo‘yicha xalqaro ekspertlar anjumanini o‘tkazish taklifining eng muhim jihati shundaki, mamlakat Sun’iy intellekt texnologiyalarini faqat joriy etish bilan cheklanmasdan, balki ularni mas’uliyatli va etik jihatdan to‘g‘ri qo‘llashga e’tibor qaratmoqda. Anjuman Sun’iy intellekt tizimlaridagi potensial xavflarni (masalan, noxolislik, ma’lumotlar maxfiyligi, o‘qituvchilarning rolining o‘zgarishi) muhokama qilishga va ularni bartaraf etish uchun xalqaro me’yorlarni ishlab chiqishga yordam beradi. Sun’iy intellekt etikasi hozirda global siyosiy va ilmiy kun tartibining eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi. Bunday anjumanni o‘tkazish O‘zbekistonni bu sohada faol va yetakchi pozitsiyaga olib chiqadi.

Noyob meroslar — bebaho meros

Davlatimiz rahbari konferensiyada noyob meros ob’ektlari bo‘lgan xalq og‘zaki ijodiyoti, qo‘lyozmalar, arxivlar va qimmatli tarixiy hujjatlar, madaniy ma’lumotlarni saqlash, ularning barcha uchun ochiqligini ta’minlash maqsadida yaratilgan YUNESKOning “Jahon xotirasi” dasturini rivojlantirish, dunyo ma’naviy xazinasini jamlagan ushbu dastur yaratilgan sanani har yili nishonlash maqsadida 19 noyabrni — Hujjatli meros xalqaro kuni, deb e’lon qilish, shuningdek, YUNESKO tuzilmasiga kiradigan Raqamli meros bo‘yicha xalqaro institutni tashkil etish taklif qilindi. Bundan tashqari, qadimiy Buxoroda 2027 yili hunarmandchilik yo‘nalishida xalqaro kongressni qabul qilish taklifi bildirildi.

“Jahon xotirasi” dasturi noyob xalq og‘zaki ijodiyoti, qo‘lyozmalar, arxivlar va boshqa qimmatli tarixiy hujjatlarni saqlashga qaratilgan. Bu kabi ob’ektlar har bir millat va jamiyatning o‘ziga xos madaniyatini, tarixini va bilimlarini aks ettiradi. Ularni saqlash orqali biz kelajak avlodlarga boy ma’naviy xazinani yetkazamiz. 19 noyabrni — Hujjatli meros xalqaro kuni, deya e’lon qilish, butun dunyoda hujjatli merosning ahamiyatiga e’tiborni qaratishga xizmat qiladi. Bu kun orqali odamlar o‘zlarining madaniy va tarixiy hujjatlariga e’tibor berishga, ularni saqlash va o‘rganishga rag‘batlantiriladi. Dasturning asosiy maqsadlaridan biri — bu madaniy ma’lumotlarni barcha uchun ochiqligini ta’minlash. Bu esa tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilikning tarixiy manbalarga osonroq kirishini, ulardan foydalanishini va bilim olishini anglatadi.

YUNESKO tuzilmasiga kiradigan Raqamli meros bo‘yicha xalqaro institutni tashkil etish esa zamonaviy texnologiyalar yordamida madaniy merosni raqamlashtirish, uni saqlash va tarqatish imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu, ayniqsa, fizik yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostida bo‘lgan yoki juda kam nusxada mavjud bo‘lgan hujjatlar uchun muhimdir. Ushbu dastur va takliflar butun dunyo miqyosida madaniy merosni saqlash borasidagi hamkorlikni kuchaytiradi. Turli davlatlarning tajriba almashishi, birgalikda loyihalar amalga oshirishiga sharoit yaratadi.

Qadimiy Buxoroda 2027 yili hunarmandchilik yo‘nalishida xalqaro kongressning Buxoroda o‘tkazilishi, bu sohadagi zamonaviy yutuqlarni, an’anaviy texnikalarni va yangicha yondashuvlarni muhokama qilishga imkon beradi. Buxoro — jahon sivilizatsiyasining qadimgi markazlaridan biri bo‘lib, o‘zining betakror me’moriy yodgorliklari va an’anaviy hunarmandchilik maktablari bilan mashhur. Kongressni qabul qilish, shaharning dunyoviy madaniyat va hunarmandchilikdagi o‘rnini yanada mustahkamlaydi, turizmni rivojlantirishga xizmat qiladi. Kongress O‘zbekiston va boshqa davlatlardan kelgan hunarmandlar, ustalar, mutaxassislar uchun o‘z ishlarini namoyish etish, tajriba almashish va yangi aloqalar o‘rnatish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi. Xalqaro tadbirlar, mahalliy iqtisodiyotni rivojlantirishga, yangi ish o‘rinlari yaratishga va madaniy almashinuv orqali ijtimoiy munosabatlarni mustahkamlashga ko‘maklashadi.

Bilim va tajriba almashish taraqqiyotga yetaklaydi

Prezidentimizning xotin-qizlarning yetakchilik qobiliyati va kompetensiyasini ta’minlash uchun a’zo davlatlarning eng ilg‘or tajriba va amaliyotini o‘rganish, bilimlar almashish maqsadida Xotin-qizlar yetakchiligi bo‘yicha YUNESKO akademiyasini tashkil etish, Samarqandda barcha qit’alarning mashhur tadqiqotchilari, san’at namoyandalari, pedagog va ixtirochi xotin-qizlarning Ta’lim, madaniyat va fan sohasidagi global forumini o‘tkazish taklifi bugungi kunda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.

Akademiya xotin-qizlarni yetakchilik lavozimlariga tayyorlash, ularning zamonaviy dunyo talablariga mos keladigan ko‘nikma va bilimlarga ega bo‘lishlarini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, jamiyatning barcha jabhalarida xotin-qizlarning rolini va ta’sirini kuchaytiradi. Akademiya muammoli masalalarni hal qilish, qaror qabul qilish, jamoani boshqarish, innovatsion loyihalarni amalga oshirish kabi yetakchilik kompetensiyalarini shakllantirishga qaratilgan maxsus dasturlarni taklif etishi mumkin. Akademiya turli mamlakatlardan kelgan xotin-qiz yetakchilarni, tadqiqotchilarni va mutaxassislarni birlashtirib, o‘zaro hamkorlik va tajriba almashish uchun global platformani yaratadi. YUNESKOning asosiy maqsadlaridan biri — inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni targ‘ib qilish va ta’lim, madaniyat, fan orqali tinchlikni mustahkamlash. Akademiya bu maqsadlarga erishishda muhim o‘rin tutadi.

Samarqandda Ta’lim, madaniyat va fan sohasidagi global forum orqali turli qit’alarning eng ilg‘or tadqiqotchilari, san’at namoyandalari, pedagoglar va ixtirochi xotin-qizlar birlashib, bu sohalardagi dolzarb muammolarni muhokama qilishadi va ularga yechim topish yo‘llarini izlashadi. Samarqand, o‘zining boy tarixi va madaniy merosi bilan, bu kabi yirik xalqaro tadbirlarni o‘tkazish uchun juda mos makon. Forum o‘tkazish shaharning dunyoviy intellekt va madaniyat markazi sifatidagi obro‘sini yanada oshiradi. Turli mamlakatlar va sohalardan kelgan mutaxassislarning uchrashuvi yangi hamkorlik aloqalarining o‘rnatilishiga, innovatsion g‘oyalarning paydo bo‘lishiga va ularning amalga oshirilishiga turtki beradi.

Forum xotin-qizlarning ta’lim, madaniyat va fan sohalaridagi munosib hissalarini, ularning erishayotgan yutuqlarini keng namoyish etish uchun maydoncha bo‘ladi. Bu esa boshqa xotin-qizlarni ham ushbu yo‘nalishlarda faol bo‘lishga rag‘batlantiradi. Umuman olganda, ushbu takliflar xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, global miqyosda ta’lim, madaniyat va fanni rivojlantirishga qaratilgan muhim va yuqori ahamiyatga ega tashabbuslardir.

“Yashil” dasturlar barqaror kelajak kafolati

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan atrof-muhitga mas’uliyat bilan yondashayotgan, “yashil” dasturlarni muvaffaqiyatli tatbiq etayotgan shaharlarni alohida e’tirof etish va rag‘batlantirish bo‘yicha “YUNESKOning Ekologik poytaxti” global tashabbusi ham bugungi kunda g‘oyat dolzarb ahamiyatga ega. Bundan tashqari, Prezidentimiz YUNESKO Ijroiya Kengashining “Globallashuv va iqlim o‘zgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiyasini ishlab chiqishga chaqirdi. Mazkur masala bo‘yicha Xiva shahrida xalqaro simpozium o‘tkazish taklif etildi.

“YUNESKOning Ekologik poytaxti” global tashabbusi atrof-muhitni muhofaza qilish, “yashil” texnologiyalarni qo‘llash, chiqindilarni kamaytirish va qayta ishlash, energiya tejovchi va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish kabi ekologik barqarorlikka erishayotgan shaharlarni rag‘batlantiradi. Bu esa global ekologik muammolarni hal qilishga xizmat qiladi. Muvaffaqiyatli “yashil” dasturlarni tatbiq etayotgan shaharlarni e’tirof etish, ularning tajribalarini boshqa shaharlarga o‘rnak qilishga imkon beradi. Bu esa butun dunyo bo‘ylab ekologik toza rivojlanish modellarining tarqalishiga yordam beradi. “Ekologik poytaxt”larni tanlash jarayonida shahar aholisining ekologik madaniyati, tabiatga bo‘lgan munosabati ham inobatga olinadi. Bu esa aholining ekologik masalalarga bo‘lgan mas’uliyatini oshiradi.

“Globallashuv va iqlim o‘zgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylash bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risida”gi rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqish tashabbusi ham beqiyos ahamiyatga ega. Gap shundaki, iqlim o‘zgarishlari (suv toshqinlari, qurg‘oqchilik, ekstremal ob-havo hodisalari) ko‘plab moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’ektlariga jiddiy xavf tug‘diradi. Mazkur rezolyutsiya loyihasi bu xavf-xatarlarni baholash va ularga qarshi kurashish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqishga yo‘naltirilgan. Rezolyutsiya loyihasini ishlab chiqish va muhokama qilish, turli mamlakatlarning madaniy merosni himoya qilish borasidagi sa’y-harakatlarini birlashtiradi. Bu esa umumiy muammolarga birgalikda yechim topish imkonini yaratadi.

Madaniy merosni asrashda zamonaviy yondashuvlarni ishlab chiqish: Globallashuv va iqlim o‘zgarishlari sharoitida madaniy merosni asrab-avaylashning yangi, samarali usullarini, texnologiyalarini va strategik yondashuvlarni o‘rganish va joriy etish zarur. Xivada o‘tkaziladigan xalqaro simpozium bu borada muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi. Xiva — YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, o‘zining noyob arxitekturasi bilan mashhur shahar. Iqlim o‘zgarishlari bunday qadimiy shaharlar uchun ham jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin. Mazkur tadbirlarning Xivada o‘tkazilishi, shaharning madaniy qadriyatlarini targ‘ib etish bilan birga, uning ekologik masalalarda ham faol ishtirok etayotganini ko‘rsatadi.

Media savodxonlik — yoshlarni manipulyativ ta’sirlardan himoya qilishning eng samarali yo‘lidir

Bugungi kunda virtual makonda noxolis axborotlarni tarqatish, jamoatchilik fikrini chalg‘itish, diskriminatsiyaga qarshi birgalikda samarali choralar ko‘rish jiddiy zaruratga aylanmoqda. Shu boisdan ham davlatimiz rahbari tomonidan Raqamli transformatsiya muhitida dunyoqarashi shakllanayotgan yosh avlodning eng yaxshi ijodiy ishlari, multimedia g‘oyalarini o‘zaro almashish uchun Bolalar madaniy kontenti xalqaro festivalini o‘tkazish tashabbusi dolzarb ahamiyatga ega. Virtual makonda noxolis axborotlar, diskriminatsiya va salbiy kontent ko‘paygan bir paytda, festival yosh avlod uchun ijobiy, madaniy qadriyatlarga boy va ta’lim beruvchi multimedia kontentini yaratish va tarqatishga rag‘bat beradi. Festival bolalar va o‘smirlarga o‘zlarining eng yaxshi ijodiy ishlarini, multimedia g‘oyalarini namoyish etish imkonini beradi. Bu esa ularning ijodiy fikrlashini, yangi texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini va dunyoqarashini shakllantirishga yordam beradi. Xalqaro festival turli mamlakatlardan kelgan bolalar va yoshlarning madaniyatlarini, urf-odatlarini aks ettiruvchi kontentlarni o‘zaro almashishiga sharoit yaratadi. Bu esa yosh avlodda bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va global madaniyatga qiziqishni oshiradi. Festival yoshlarni raqamli vositalarni faqat iste’mol qilish emas, balki ulardan ijodiy va maqsadli foydalanishga, ya’ni kontent yaratuvchi bo‘lishga undaydi. YUNESKOning Media savodxonlikni rivojlantirish bo‘yicha keng qamrovli strategiyasi insonlarga axborotni tanqidiy baholash, manbalarni tekshirish va uning maqsadini tushunish ko‘nikmalarini beradi. Noxolis axborotlar va dezinformatsiya ko‘pincha jamoatchilik fikrini chalg‘itish, diskriminatsiyani kuchaytirish yoki yoshlarni radikal g‘oyalarga jalb qilish maqsadida ishlatiladi. Media savodxonlik strategiyasi yoshlarni bunday manipulyativ ta’sirlardan himoya qilishning eng samarali yo‘lidir.

Tinchlik va bag‘rikenglik — Islomning haqiqiy mohiyati

Dunyoda dinlararo ziddiyatlar tobora kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda bag‘rikenglik, o‘zaro tushunish va totuvlik kabi umuminsoniy g‘oyalarni keng targ‘ib etish har qachongidan ham muhim.

Islom madaniyati va ma’rifatini dunyoga tarannum etish orqali radikalizm va islomofobiyaga qarshi samarali kurashish mumkin. Prezidentimiz bu borada O‘zbekistonda amalga oshirilgan noyob loyihalar — Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahouddin Naqshband tadqiqot markazlari salohiyatidan birgalikda foydalanishga chaqirdi. Dunyoda turli din va e’tiqod vakillari o‘rtasidagi keskinliklar, nizolar va islomofobiya kabi salbiy holatlar ko‘payib bormoqda. Bu esa jahon tinchligi va barqarorligiga jiddiy tahdid solmoqda. Islomning haqiqiy mohiyati, uning tinchlik, bag‘rikenglik, ilm-fan va sivilizatsiya rivojiga qo‘shgan hissasini ochib berish orqali, ko‘p hollarda noto‘g‘ri tushuniladigan yoki buzib ko‘rsatiladigan Islomga bo‘lgan salbiy qarashlarni (islomofobiya) yengish mumkin. Islom madaniyati va ma’rifatining boyligini, uning umuminsoniy qadriyatlarga mosligini ko‘rsatish, turli madaniyat va din vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hurmat va tushunishni oshirishga xizmat qiladi. Bu kabi loyihalarning tashabbuskori bo‘lish orqali O‘zbekiston Islom dunyosida va jahon miqyosida madaniyat va ma’rifat, bag‘rikenglik va totuvlikni targ‘ib qiluvchi markaz sifatida o‘zining o‘rnini mustahkamlaydi.

Xulosa qilib aytganda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqida bildirilgan taklif va tashabbuslar barcha davlat va xalqlarning manfaatlari uchun birdek dolzarb va ahamiyatlidir.

Fazliddin Abilov

“Xalq soʻzi”