O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi  yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT

172

SiyosatTanlash

Ro‘yxatdan o‘ting
16:35 / 01.11.2025

2025 yil 1 noyabr kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi  yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Yalpi majlisning ikkinchi ish kuni “Sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlar tartibga solinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqishdan boshlandi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda qo‘llash, raqamli ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatini va ularning sifati yuqori darajada bo‘lishini ta’minlash, ushbu sohada malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tahlillar sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish hamda uni moliyalashtirish hajmi oshib borayotganini ko‘rsatmoqda.

Mazkur qonun bilan tegishli qonun hujjatlariga, jumladan, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunga sun’iy intellektni qo‘llash orqali yuzaga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, “sun’iy intellekt” tushunchasiga huquqiy ta’rif berilmoqda, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari hamda maxsus vakolatli organning vazifalari belgilanmoqda, axborot resurslarini yaratishda hamda axborot tizimlari ishida sun’iy intellektdan foydalanishning umumiy qoidalari hamda ushbu texnologiyalardan foydalanishda shaxsga doir ma’lumotlar daxlsizligini ta’minlashga qaratilgan qoidalar belgilanmoqda.

Senatorlarning fikricha, ushbu qonun sun’iy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga, undan foydalanishning umumiy asoslarini belgilashga hamda mazkur sohada yuzaga keladigan munosabatlarda fuqarolarning huquq va erkinliklarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatning 11-yalpi majlisida “Aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, nogironligini bo‘lgan shaxslarning jamiyatga moslashishi uchun qulay sharoitlar yaratish, shuningdek, kasbga o‘rgatish va imtiyozlar berish orqali ularning bandligini ta’minlash hamda moddiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, mazkur qonun ham ushbu islohotlarning mantiqiy davomi sifatida ishlab chiqilgan bo‘lib, bu boradagi ishlarni amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammolarning oldini olishga qaratilgan.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shaharsozlik hujjatlarida nogironligi bo‘lgan shaxslarga shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha loyihaning alohida bo‘limiga (qismiga) amal qilinmagan holda qurilishi tugallangan binolar va inshootlardan foydalanish uchun Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi organlari tomonidan ruxsatnoma berganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, qonun bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning tizimidagi idoralar xodimlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, xamda ularning qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablarini bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining  472-moddasi (Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni joylashtirishda qonunchilik talablarini buzish), 48-moddasi (Vasiylik huquqini suiiste’mol qilish), 511-moddasi (Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) bo‘yicha ma’muriy ishlarni ko‘rib chiqish jinoyat ishlari bo‘yicha sudlardan Ijtimoiy himoya milliy agentligi huzuridagi Ijtimoiy inspeksiya vakolatiga o‘tkazilmoqda hamda Ijtimoiy inspeksiya organlari tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy ishlar belgilab berilmoqda.

Eng muhim o‘zgarishlardan yana biri Ijtimoiy himoya yagona reyestriga yoki Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalar a’zolariga qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan homiylik tashkilotlari tomonidan soliq davri mobaynida bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravarigacha miqdorda to‘g‘ridan-to‘g‘ri beriladigan pul mablag‘lari tarzidagi homiylik xayriyalari uchun soliq solinmasligi, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslar, faxriylar, xotin-qizlar hamda bolalar jamoat birlashmalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun davlat boji belgilangan stavkaning 50 foizi miqdorida undirilishi mustahkamlanmoqda.

Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan ushbu qonunning qabul qilinishi ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining turmush darajasi yaxshilanishiga, ularga jamiyat va davlat hayotida to‘laqonli ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilishiga, ijtimoiy yordam va xizmatlar ko‘rsatishda ularga taalluqli bo‘lgan ma’lumotlarni (shifokor va bank siriga oid, notarial harakatlar, qimmatli qog‘ozlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni) o‘rganish orqali Davlat byudjetidan ijtimoiy himoyaga ajratilgan mablag‘larning manzilliligini ta’minlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Keyin yalpi majlisda “Pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida”gi  qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda pirotexnika buyumlarini qonunga xilof muomalasining oldini olish bo‘yicha tadbirlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Biroq mas’ul vazirlik va idoralar tomonidan aniq maqsadli tadbirlar o‘tkazilishiga qaramasdan, respublika hududiga pirotexnika vositalarini chetdan noqonuniy olib kirish holatlarini to‘liq qamrab olishning imkoni bo‘lmayotgani qayd etildi.

Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish, shuningdek, huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash chog‘ida mutanosiblikning konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlash maqsadida pirotexnika buyumlarining muomalasiga oid cheklovlarni qonun darajasiga olib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.

Mazkur qonun bilan pirotexnika buyumlari tushunchasi ochib berilmoqda. Pirotexnik tarkibning yonishi (portlashi) yordamida optik, akustik, elektr va boshqa vizual effektlarni hosil qilish uchun mo‘ljallangan qurilmalar pirotexnika buyumlari sinfiga kirishi, ushbu buyumlarning xavflilik I–V sinflariga bo‘linishi belgilanmoqda.

Bundan tashqari, pirotexnika buyumlarining erkin va cheklangan muomalasi belgilab qo‘yilmoqda.

Jumladan, xavflilikning I sinfiga kiruvchi pirotexnika vositalari, ya’ni bengal mayoqchalari, stol fontanlari, xlopushka kabi xavfli hudud radiusi 0,5 metrdan oshmaydigan pirotexnika buyumlari erkin muomalada bo‘lishi aniq qayd etilmoqda. Mazkur sinfga kiruvchi pirotexnika buyumlarini ishlab chiqarish, ularni saqlash, foydalanish va boshqa turdagi harakatlar uchun hech qanday taqiq bo‘lmaydi.

Fuqarolar va jamoat xavfsizligiga yuqori xavf manbai hisoblanishi sababli xavflilikning II sinfiga kiruvchi pirotexnika vositalarining, ya’ni petardalar, ochiq maydonlarda foydalanishga mo‘ljallangan pirotexnik fontanlar kabi xavfli hudud radiusi 5 metrgacha bo‘lgan pirotexnika buyumlarining muomalasi fuqarolar va yuridik shaxslar uchun to‘liq taqiqlanmoqda.

Xavflilikning II–V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tashish, jo‘natish, o‘tkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq davlat ishtirokidagi mudofaa sanoati korxonalari tomonidan ushbu buyumlarni ishlab chiqarishga, tayyorlashga, saqlashga, tashishga va o‘tkazishga ruxsat beriladi.

Xavflilikning III–V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlaridan mushakbozlik tashkil etilishi belgilangan ommaviy tadbirlar o‘tkazishda, xavflilikning II–V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlaridan sanoat va harbiy maqsadlarda O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanish mumkin bo‘ladi.

Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazorati O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, ichki ishlar va bojxona organlari tomonidan amalga oshirilishi mustahkamlanmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda pirotexnika buyumlaridan noqonuniy foydalanganlik (1851-modda) uchun belgilangan ma’muriy jazo chorasi kuchaytirilmoqda. Jumladan, ushbu turdagi qonunbuzarlik uchun amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdordagi jarima jazosi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma besh baravarigacha oshirilmoqda.

Senatorlar o‘z chiqishlarida mazkur qonun mamlakatimizga pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish sohasida samarali davlat nazoratini o‘rnatish, ular noqonuniy aylanishining oldini olish, shuningdek, iste’molchilarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlashga qaratilganiga alohida urg‘u berdi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni muhokama qildi.

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shuningdek, respublikamizda milliy va xorijiy foydalanuvchilar uchun rasmiy statistika ma’lumotlarining ochiqligi va shaffofligini eng yuqori darajada ta’minlash, shu jumladan, iqtisodiyot sohalarining rivojlanish ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Qonun bilan “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi va “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunlarga qurilish oynasidan foydalanish natijasida yuzaga keladigan chiqindilarni qayta ishlash xarajatlarini qoplash uchun utilizasiya yig‘imini joriy etishni belgilovchi hamda ayrim qonunlarga O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining nomi va huquqiy maqomi o‘zgartirilishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar tomonidan ta’kidlanganidek, qonunning qabul qilinishi qurilish oynasi sanoatini rivojlantirishga, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, fuqarolar sog‘lig‘ini va atrof-muhitni o‘z iste’mol xususiyatlarini yo‘qotgan qurilish oynasidan hosil bo‘ladigan chiqindilarning zararli ta’siridan himoya qilish va qayta ishlash bilan bog‘liq faoliyatni rivojlantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, mamlakatning rasmiy statistika sohasidagi ma’muriy islohotlarni samarali amalga oshirish doirasida statistika organlarining faoliyatini takomillashtirishga hamda foydalanuvchilar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratadi.

Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shu bilan birga, yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi  qonun ham ko‘rib chiqildi.

Senatorlar tomonidan mamlakatimizda haydovchilar va piyodalarning yo‘l harakati qoidalariga rioya etish madaniyatini oshirish, haydovchilarni tayyorlash va qayta tayyorlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, yo‘l harakatining tashkil etilishini to‘liq raqamlashtirish uchun huquqiy asoslar yaratilganiga e’tibor qaratildi.

Buning natijasida joriy yilning 8 oyi davomida respublikamizdagi umumiy yo‘l-transport hodisalari 2,4 foizga, tan jarohati bilan bog‘liq holatlar 1,5 foizga, o‘lim bilan bog‘liq holatlar 5,6 foizga, piyodalar ishtirokida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari soni esa 1,6 foizga kamaydi.

Shu bilan birga, ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarimizda ma’muriy huquqbuzarliklarni sodir etishga nisbatan immunitetni shakllantirish, ularni qonunga itoatkor etib tarbiyalash borasida amalga oshirilayotgan ishlar kutilgan natijani bermayapti.

Ayrim xorijiy davlatlarda ma’muriy huquqbuzarliklar sodir etganlik uchun jarima jazolaridan tashqari “og‘zaki ogohlantirish” va “ogohlantirish” jazosi borligi, bunda birinchi marta kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan fuqarolarni jarimaga tortish o‘rniga, sodir etgan qilmishining ijtimoiy oqibatlarini tushuntirgan holda ogohlantirish amaliyotda bunday qilmishlar sodir etilishining oldini olishda yuqori natijalarga erishilayotganligi kuzatilmoqda.

Bundan tashqari, ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olish, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali aniqlanadigan huquqbuzarliklar doirasini belgilash, shuningdek, yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda ma’muriy jazo qo‘llanilishi muddatlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yo‘l harakati xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lgan kam ahamiyatli huquqbuzarliklar uchun ma’muriy ogohlantirish jazosi qo‘llanilishini, maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan ma’muriy huquqbuzarliklarning ro‘yxatini hamda bunday texnika vositalari orqali qayd etilgan huquqbuzarliklar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilishi muddatlari aniq belgilanishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Birinchidan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks yangi 171-modda bilan to‘ldirilib, foto va video qayd etish texnika vositalari orqali qayd etiladigan qoidabuzarliklarning turi aniq belgilanmoqda.

 

Ikkinchidan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 241-modda bilan to‘ldirilib, ma’muriy jazo sifatida ma’muriy ogohlantirish chorasi kiritilmoqda.

Uchinchidan, yo‘l harakati qoidalari buzilganligi maxsus texnika vositalari orqali qayd etilgan hollarda ma’muriy jazo huquqbuzarlik sodir etilgan kundan e’tiboran bir oydan kechiktirmay qo‘llanilishi aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Qonunning qabul qilinishi avtomobillardan foydalanishda aholiga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishiga, ma’muriy huquqbuzarliklarning oldini olishga, shuningdek, aholining davlat organlariga nisbatan ishonchini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi senatorlar tomonidan alohida e’tirof etildi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Bundan tashqari, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga valyuta hamda qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar muomalasi bilan bog‘liq munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun muhokama etildi.

So‘nggi yillarda qimmatbaho metallar va toshlar muomalasi sohasida yuzaga kelgan huquqiy bo‘shliqlar ushbu qonunning qabul qilinishiga sabab bo‘ldi. Xususan, 2019 yilda “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri qabul qilinganda “valyuta qimmatliklari” tushunchasidan qimmatbaho metall va toshlar chiqarib tashlangan edi. Bu esa sud-tergov amaliyotida ularning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq ishlarda javobgarlik masalasini ochiq qoldirgan.

Bu kabi huquqiy bo‘shliqlar “qora bozor”da noqonuniy muomala hajmining keskin oshishiga olib kelmoqda. So‘nggi 5 yilda qimmatbaho metall va toshlarning noqonuniy muomalasi bilan bog‘liq 100 dan ortiq holat aniqlanib, qariyb 50 milliard so‘mlik oltin, kumush, olmos va zumradlar musodara qilingan. Qonunchilikdagi nomutanosibliklar qonuniy imtiyozlarga ega bo‘lgan 2 mingga yaqin tadbirkorlik sub’ektlarining ham faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, “qora bozor”da 550-600 million dollarlik tilla buyumlar norasmiy aylanmoqda, mustaqil oltin izlovchilar tomonidan topshiriladigan oltin hajmi 2020 yildagi 40 kilogrammdan 2023 yilga kelib 100 baravarga kamaygan.

Mazkur qonun muhim o‘zgartirishlarni o‘z ichiga oladi.

Jumladan, Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirishlar kiritildi. Jumladan, qonun bilan Jinoyat kodeksining 177-moddasida hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 170-moddasida qimmatbaho metallar va toshlarni qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish uchun aniq javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Tushunchalarga aniqlik kiritildi, xususan, qonunchilikka “qimmatbaho metallar” va “qimmatbaho toshlar” kabi yangi tushunchalar kiritilib, mavjud atamalar yangi tahrirdagi “Valyutani tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiqlashtirilmoqda.

Majburiy sotuv uchun javobgarlik bekor qilinmoqda, ya’ni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 171-moddasida valyuta tushumining bir qismini majburiy sotishdan bo‘yin tovlaganlik uchun belgilangan ma’muriy javobgarlik chiqarib tashlanmoqda.

Senatorlar o‘z chiqishlarida mazkur qonunning qabul qilinishi qimmatbaho metallar va toshlar muomalasi bilan bog‘liq qonun hujjatlarining bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyat uchun jazoning muqarrarligini ta’minlashga alohida urg‘u berdi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlisda “Oliy ta’limga oid malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyani (Parij, 2019 yil 25 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Mazkur Konvensiyaning asosiy maqsadi milliy ta’lim tizimlarining xalqaro integratsiyalashuvini ta’minlash, oliy ta’lim sohasidagi malakalarni barcha davlatlarda tan olish jarayonlarini soddalashtirish va ta’limga oid hujjatlarning umume’tirof etilishini ta’minlashdan iborat.

Ta’kidlanganidek, bu xalqaro hujjat BMTning oliy ta’lim sohasidagi ilk global shartnomasi bo‘lib, u dunyo miqyosida malakalarni adolatli va shaffof baholash, mintaqalararo akademik mobillikni rivojlantirish hamda talabalar, o‘qituvchilar va tadqiqotchilarning erkin harakatlanishini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi. Shu bilan birga, Konvensiya ta’lim hujjatlarini tan olishda umumiy tamoyillarni belgilaydi.

Senatorlar ta’kidlaganidek, qonunning qabul qilinishi fuqarolar uchun ta’lim olishda qulayliklar yaratish, ta’lim sifati va raqobatbardoshligini oshirish, akademik mobillikni kengaytirish, xorijiy mehnat bozoriga kirish imkoniyatlarini kengaytirish hamda milliy oliy ta’lim tizimini global ta’lim makoniga integratsiya qilishga xizmat qiladi.

Shuningdek, Global konvensiya oliy ta’lim va mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim huquqiy platforma sifatida ahamiyat kasb etadi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar tomonidan yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida uch davlatning davlat chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi Shartnomani (Xo‘jand, 2025 yil 31 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun muhokama qilindi.

Mazkur Shartnoma Markaziy Osiyodagi uch qo‘shni davlat –O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston – davlat chegaralari tutashgan nuqtasini aniq belgilab, uning huquqiy asoslarini xalqaro hujjat darajasida mustahkamlaydi hamda qo‘shni davlatlar bilan chegara masalalarini hal etishda izchil va huquqiy asoslangan yondashuvni aks ettiradi.

Ma’lumki, ushbu tarixiy Shartnoma Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha tashabbuslari va sa’y harakatlari bilan imzolangan edi.

Hujjat uch tomonlama kelishuvlarni institutsional darajada mustahkamlab, mintaqada huquqiy aniqlikni ta’minlash hamda davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik, yaxshi qo‘shnichalik va do‘stlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan.

Muhokamada so‘zga chiqqan senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur Shartnoma Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, qardosh xalqlar o‘rtasidagi ishonch va do‘stlik rishtalarini mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuningdek, Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga parlament so‘rovini yuborish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, oila munosabatlarini tartibga soluvchi 20 ta qonun, Prezidentning 32 ta farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 45 ta qarori qabul qilingan. Yangilangan Konstitutsiyada davlatning oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qo‘yilgan.

Shuningdek, nizoli oilalar bilan individual ishlash daftari, “Oqila ayollar” harakati va mahalla instituti hamkorligida oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha maqsadli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Sud organlari tizimida ham innovatsion yondashuv joriy qilinib, “Oila sudyalari” instituti tajriba sifatida amalga kiritilgan.

Shu bilan birga, tahlillar sohada ayrim muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, 2024 yilda 271 776 ta nikoh tuzilgan bo‘lsa, shu davrda nikohdan ajralishlar soni 45 135 tani tashkil etgan. O‘tgan yilda nikohdan ajralishlarning 28,5 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga to‘g‘ri kelgan.

Nikohdan ajralishlarning eng ko‘pi Toshkent shahri (5 913 ta), Farg‘ona (4 800 ta), Andijon (4 781 ta) va Samarqand viloyatlarida (4 599 ta) kuzatilgan.

Joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida 95 275 ta nikoh tuzilgan bo‘lib, nikohdan ajralishlar soni 23 338 tani (24 foizni) tashkil etgan holda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga (871 taga) ortgan. Respublikaning 112 ta tuman va shahrida nikohdan ajralishlar soni o‘sgan.

Nikohdan ajralishlarning sabablarini tahlil qilish oldini olish mumkin bo‘lgan holatlar ham borligini ko‘rsatmoqda.

Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2024 yilda nikohdan ajratishga doir 32 217 ta ariza qanoatlantirilgan, shundan 17 535 ta holatda (54 foiz) xarakter to‘g‘ri kelmasligi, 1 807 ta holatda (6 foiz) boshqa nikoh munosabatiga kirishganligi, 1 222 ta holatda (4 foiz) oilaga tayyor emasligi, 1 033 ta holatda (3 foiz) o‘zaro ishonchsizlik sabab qilib ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, 2024 yilda FHDYO organlarida 7 499 ta oila o‘zaro oilaviy kelishmovchilik sababli ajratilgan.

Nikoh yoshini qisqartirish amaliyoti ham qator savollarni keltirib chiqarmoqda. O‘tgan besh yilda hokimlar qarorlari asosida 391 ta holatda nikoh yoshi qisqartirilgan.

Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh munosabatlariga kirishish, voyaga yetmagan farzandni turmushga berish yoki uylantirish, shuningdek, diniy marosimlarni amalga oshirish holatlari ko‘payayotgani qayd etildi.

Muhokama yakunida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga tegishli parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.

Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 15 ta masala, shu jumladan, 14 ta qonun ko‘rib chiqildi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n birinchi yalpi majlisi yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati 

Axborot xizmati