Nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha parlament so‘rovi yuborildi

53

Senat yalpi majlisida oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga parlament so‘rovini yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, oila munosabatlarini tartibga soluvchi 20 qonun, Prezidentning 32 farmon va qarori, Vazirlar Mahkamasining 45 qarori qabul qilingan. Yangilangan Konstitutsiyada davlatning oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy va huquqiy shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qo‘yilgan.

Nizoli oilalar bilan individual ishlash daftari, “Oqila ayollar” harakati va mahalla instituti hamkorligida oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha maqsadli ishlar yo‘lga qo‘yilgan. Sud organlari tizimida ham innovatsion yondashuv joriy qilinib, “Oila sudyalari” instituti tajriba sifatida amalga kiritilgan.

Shu bilan birga, tahlillar sohada ayrim muammolar saqlanib qolayotganini ko‘rsatmoqda. Jumladan, 2024 yilda 271 ming 776 nikoh tuzilgan bo‘lsa, shu davrda nikohdan ajralishlar soni 45 ming 135 tani tashkil etgan. O‘tgan yilda nikohdan ajralishlarning 28,5 foizi 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga to‘g‘ri kelgan.

Nikohdan ajralishlarning eng ko‘pi Toshkent shahri, Farg‘ona, Andijon va Samarqand viloyatlarida kuzatilgan. Joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida 95 ming 275 nikoh tuzilgan bo‘lib, nikohdan ajralishlar soni 23 ming 338 (24 foiz)ni tashkil etgan holda o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foiz (871)ga ortgan. Respublikaning 112 tuman va shaharida nikohdan ajralishlar soni o‘sgan.

Nikohdan ajralishlarning sabablari tahlili ularning oldini olish mumkin bo‘lgan holatlar ham borligini ko‘rsatgan. Jumladan, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 2024 yilda nikohdan ajratishga doir 32 ming 217 ariza qanoatlantirilgan. Shundan 17 ming 535 holatda xarakter to‘g‘ri kelmasligi, 1 ming 807 holatda boshqa nikoh munosabatiga kirishganligi, 1 ming 222 holatda oilaga tayyor emasligi, 1 ming 33 ta holatda o‘zaro ishonchsizlik sabab qilib ko‘rsatilgan.

Bundan tashqari, 2024 yilda FHDYO organlarida 7,5 mingga yaqin oila o‘zaro oilaviy kelishmovchilik sababli ajratilgan.

Nikoh yoshini qisqartirish amaliyoti ham qator savollarni keltirib chiqarmoqda. O‘tgan besh yilda hokimlar qarorlari asosida 391  holatda nikoh yoshi qisqartirilgan.

Nikoh yoshiga yetmagan shaxs bilan nikoh munosabatlariga kirishish, voyaga yetmagan farzandni turmushga berish yoki uylantirish, shuningdek, diniy marosimlarni amalga oshirish holatlari ko‘payayotgani qayd etildi.

Muhokama yakunida Oila va xotin-qizlar qo‘mitasiga tegishli parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risida Senat qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova,

 A.Mamadaminov (surat), O‘zA