Senatda mintaqada tinchlik, ishonch va do‘stlikni mustahkamlashga qaratilgan qonun ma’qullandi

Senat yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi va Tojikiston Respublikasi o‘rtasida uch davlatning davlat chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi Shartnomani (Xo‘jand, 2025 yil 31 mart) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun muhokama qilindi.
Mazkur Shartnoma Markaziy Osiyodagi uch qo‘shni davlat – O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston – davlat chegaralari tutashgan nuqtasini aniq belgilab, uning huquqiy asoslarini xalqaro hujjat darajasida mustahkamlaydi hamda qo‘shni davlatlar bilan chegara masalalarini hal etishda izchil va huquqiy asoslangan yondashuvni aks ettiradi.

Ma’lumki, ushbu tarixiy Shartnoma Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyoda yaxshi qo‘shnichilik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha tashabbuslari va sa’y-harakatlari bilan imzolangan edi.

Hujjat uch tomonlama kelishuvlarni institutsional darajada mustahkamlab, mintaqada huquqiy aniqlikni ta’minlash hamda davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik, yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan.
Senatorlar ta’kidlaganidek, mazkur Shartnoma Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi ishonch va do‘stlik rishtalarini mustahkamlash hamda mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.
N.Abduraimova,
A.Mamadaminov (surat), O‘zA