Antoniu Koshta: EPCA – YeI va O‘zbekiston munosabatlarining muhim bosqichi

127

Yevropa kengashi Prezidenti Antoniu Koshta ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Yevropa Ittifoqi va O‘zbekiston o‘rtasidagi yangi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik bitimi (EPCA) “siyosiy va iqtisodiy aloqalarni chuqurlashtirish uchun ajoyib poydevor bo‘lishi”ni ta’kidlab, ushbu hujjatni ikki tomonlama munosabatlarning “muhim bosqichi” deb atadi.

Shuningdek, u Prezident Shavkat Mirziyoyevga tashrifi uchun minnatdorlik bildirib, “YeI ishonchli hamkor bo‘lib qolishi va qo‘shnichilikdan tanlov asosidagi strategik hamkorlikka o‘tish yo‘lida birdam ekani”ni qayd etdi.

Ma’lumki, bugun davlatimiz rahbari Yevropa kengashi va Yevropa komissiyasi Prezidentlari Antoniu Koshta va Ursula fon der Lyayen bilan uchrashdi.

Avvalroq tomonlar Bryusselda EPCA imzolanishi munosabati bilan qo‘shma bayonot e’lon qilishdi. Hujjatda ta’kidlanishicha, ushbu kelishuv siyosat, iqtisodiyot, barqaror rivojlanish va amaliy hamkorlikning boshqa qator yo‘nalishlaridagi aloqalarni kengaytirib, o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga ko‘taradi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, mavjud ikki tomonlama shartnomaviy-huquqiy bazani takomillashtirishga xizmat qiladigan EPCA YeI – O‘zbekiston munosabatlariga uzoq muddatli barqarorlik hamda aniqlik baxsh etishi kutilyapti.

Abduaziz Xidirov, O‘zA