O‘zbekistonda ikkita muhim loyihaga start berildi
Dushanbe shahrida o‘tayotgan “Markaziy Osiyo – Rossiya” va Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi sammitlari doirasida O‘zbekistonda atomdan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha yirik loyihalarni boshlashga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Atom energiyasi agentligi direktori Azim Ahmadxo‘jayev va Rossiya Federatsiyasining atom energiyasi bo‘yicha “Rosatom” davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov va boshqalar ishtirok etdi. Ular teleko‘prik orqali Jizzax viloyati Forish tumanida kichik quvvatli atom elektr stansiyasi binosi uchun kotlovan qazish ishlarini boshlab berdilar. Shuningdek, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanida Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish loyihasini ishga tushirdilar.
Shu bilan Jizzax viloyatidagi kichik quvvatli atom elektr stansiyasi binosi uchun uchun kotlavan qazishga rasman kirishildi.
Ushbu AESning bunyod etilishi mamlakatimiz uchun tarixiy ahamiyatga ega. U mamlakatimizda elektr energiyasi ta’minati barqaror bo‘lishiga xizmat qiladi.
Loyiha Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Kelgusida ikki yirik va ikki kichik qudratli reaktor qurilishi rejalashtirilgan.
Bu jarayon butunlay xalqaro hamkorlik asosida amalga oshiriladi. Dunyodagi yetakchi ekspert-konsultantlar, sohada eng ilg‘or bo‘lgan davlatlardan esa zamonaviy texnologik yechimlar o‘rganilib, joriy etilyapti.
Muhimi, atom elektr stansiyasi qurilishi va uning keyingi faoliyatida MAGATE – Xalqaro atom energiyasi agentligining xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilinadi. Tu’kidlash joiz, bu tashkilot yadroviy energiyadan foydalanishning xavfsiz, tinch va barqaror bo‘lishini ta’minlovchi nufuzli tuzilma sanaladi.
Ushbu tashkilot ekspertlari tomonidan bugungi kunga qadar mamlakatimizda bir nechta maxsus missiyalar o‘tkazilgan. Xususan, milliy yadroviy infratuzilma tayyorgarligi baholandi, stansiya uchun tanlangan maydon va loyihalash ishlari tashqi omillar nuqtai nazaridan o‘rganildi. Har bir bosqichda ko‘rilayotgan ishlar xalqaro xavfsizlik standartlariga qanchalik mos ekani chuqur tahlil qilindi.
Jizzaxdagi AES ham aynan eng yuqori talablar asosida qurilayotgani sababli, uning xavfsizlik darajasi mustahkam bo‘ladi. Stansiyaning nafaqat qurilishi, balki keyingi faoliyati MAGATE tavsiyalari va xavfsizlik talablariga qat’iy muvofiq tarzda olib boriladi.
Natijada bu inshoot nafaqat barqaror va arzon elektr energiyasi bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi, balki ilmiy-tadqiqot sohalarida ham yangi imkoniyatlar ochadi.
Bu sohada mamlakatimizda milliy kadrlarni tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Prezidentning 2018 yil 20 iyuldagi tegishli qarori bilan, Toshkent shahrida Rossiyaning “MMFI” – Milliy tadqiqot yadro universiteti filiali tashkil etilgan edi. Filialning asosiy maqsadi yurtimiz sanoat tarmoqlari uchun yadro energetikasi, fizika va texnologik yo‘nalishlarda yuqori malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlashdir.
Bu muassasa yadro fizikasi va texnologiyasining eng muhim ilmiy, texnologik hamda ishlab chiqarish muammolarini hal etish xizmat qiladi. Shuningdek, fundamental va amaliy-ilmiy tadqiqotlar olib borishga qodir bo‘lgan mutaxassislarni xalqaro ta’lim standartlari darajasida tayyorlamoqda.
Xalqaro ekspertlar AES loyihasini xavfsiz, zamonaviy va mamlakatning energetik kelajagiga qo‘yilayotgan ulkan qadam deyishmoqda.
Mirzo Ulug‘bek tumanida O‘zbekiston Respublikasi Yadro tibbiyoti markazini tashkil etish loyihasiga ham start berildi. Markaz qurilishiga ramziy tamal toshi qo‘yildi.
Tadbirda sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov, S.Berezin nomidagi tibbiyot instituti boshqaruv raisi Arkadiy Stolpner, soha mutaxassislari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari darajasida erishilgan kelishuvlarning mantiqiy davomi bo‘lib, ikki davlat hamkorligining yana bir yorqin namunasi sanalishi qayd etildi.
Yadro tibbiyoti markazi faqat klinika emas, balki mamlakat tibbiyotini yangi bosqichga olib chiqadigan ilmiy, amaliy va ijtimoiy ahamiyatga ega yirik tashabbusdir. U inson hayotini saqlash, kasalliklarni erta aniqlash va milliy tibbiyot salohiyatini oshirishda hal qiluvchi o‘rin tutadi.
Ma’lum qilinishicha, loyiha bosqichma-bosqich amalga oshiriladi. Unga tayyorgarlik jarayonida xalqaro yadro tibbiyotining hozirgi holati chuqur tahlil qilindi. Yetakchi mamlakatlar tajribasi o‘rganildi va ularning samarali yechimlari o‘zaro taqqoslab chiqildi.
Markaz S.Berezin nomidagi tibbiyot instituti (MIBS) ishtirokida investitsiya kiritish formatida barpo etiladi. Ob’ektning umumiy maydoni 12 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Bu hududda muhandislik, geologik, ekologik va boshqa loyihaoldi tadqiqotlar amalga oshirildi.
Markazda diagnostika va radiojarrohlikdan tortib, saratonning eng murakkab shakllarini davolash uchun proton terapiyasini joriy etish rejalashtirilgan. Birinchi bosqichda pozitron-emission tomografiya (PET/KT), siklotron majmuasi va radiofarmpreparatlar laboratoriyasi bilan jihozlangan yadro diagnostika markazi tashkil etiladi. Keyingi bosqichlarda radionuklid terapiyasi yo‘lga qo‘yilib, izotop tadqiqotlari ko‘lami kengaytiriladi.
Ma’lumki, bu turdagi tashxis va davolash xizmatlari chet elda juda qimmat turadi. Yadro tibbiyoti markazi faoliyat boshlagach, fuqarolarimiz zamonaviy xizmatlarni o‘z yurtimizda qulay sharoitda olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Markaz faoliyati natijasida yiliga 8 ming nafar bemorda kasallikni ilk bosqichdayoq aniqlash imkoni bo‘ladi. Bu esa to‘liq shifo topish ehtimolini bir necha barobar oshiradi. Shu bilan birga, loyiha mamlakatda tibbiy turizmni rivojlantirishga ham zamin yaratadi.
Loyihaning yana bir muhim jihati yuzdan ziyod yuqori texnologiyali ish o‘rni yaratilishidir. Markaz faoliyati orqali yadro tibbiyoti sohasida milliy kadrlar bazasi shakllanadi. Bu muassasa faqat tashxis va davo bilan cheklanmaydi, balki ilmiy izlanishlar, yangi usullar sinovi va malakali mutaxassislar tayyorlash uchun ham platforma vazifasini bajaradi.
Loyiha doirasida yadroviy texnologiyalardan foydalangan holda zamonaviy tashxis va davolash usullari joriy etiladi. Onkologiya va radiologiya sohasida kadrlar salohiyati, infratuzilma va ilmiy baza yanada rivojlanadi. Bu orqali mamlakat tibbiyotida yangi bosqich boshlanadi. Inson salomatligini muhofaza qilishda aniqlik, samaradorlik va zamonaviy yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Ikrom AVVALBOEV,
Abdujalol QAYUMOV,
O‘zA muxbirlari