O‘zbekiston – Kuvayt hamkorligi mintaqaviy sheriklik rivojini ta’minlamoqda
O‘zbekiston va Kuvayt hamkorligi ikki davlatning xalqaro maydonda global barqarorlik, izchil taraqqiyot sari odimlashga qaratilgan keng qamrovli ustuvor maqsadlariga mos. Tashqi siyosiy kun tartibidagi o‘xshash qarashlar o‘zaro aloqalarni mustahkamlovchi muhim vositadir.
Ma’lumki, umumiy madaniyat, tarixiy va diniy qadriyat, urf-odat va an’analar muhim ahamiyatga ega omillar sifatida mazkur munosabatlarni rivojlantiradigan harakatlantiruvchi kuch vazifasini o‘taydi. Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston uchun Kuvayt Yaqin Sharqdagi ishonchli do‘st va hamkor davlat.
Kuvayt O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini birinchilardan bo‘lib – 1991 yil 30 dekabrda tan olgan. O‘sha paytdan e’tiboran davlatlarimiz tinchlik, iqtisodiy taraqqiyot, ikki xalq farovonligini ta’minlashga mushtarak intilish asosida do‘stona munosabat o‘rnatgan.

O‘zaro investitsiyani rag‘batlantirish va himoya qilish, madaniyat, san’at, savdo-iqtisodiyot, ilmiy-texnikaviy aloqalar, ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish, bojxona qo‘mitalari o‘rtasidagi sheriklik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimlar hamkorlikning huquqiy asosi hisoblanadi.
Ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabat 1994 yil iyul oyida o‘rnatilgan. 2001 yil Toshkentda Kuvayt Davlati elchixonasi, 2004 yil noyabrda esa Kuvaytda mamlakatimiz elchixonasi ochilgan. Hozirgacha uch marta oliy darajadagi tashrif amalga oshirilgan – 2004 hamda 2025 yil Kuvaytga, 2008 yil O‘zbekistonga.
2023 yil iyul oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqaviy aloqalari mavzusidagi xalqaro konferensiyada Kuvaytdan tashqi va Vazirlar Mahkamasi ishlari bo‘yicha davlat vaziri Shayx Ahmad Nosir Al-Muhammad As-Saboh boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi. Tashrif doirasida martabali mehmonni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev qabul qilgan edi.
Ushbu arab davlati Milliy Assambleyasi tarkibida Kuvayt – O‘zbekiston parlament do‘stlik guruhi ishlayapti. 2017 yil Oliy Majlis Qonunchilik palatasi huzurida “O‘zbekiston – Kuvayt” parlamentlararo hamkorlik guruhi tuzilgan.
Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hukumat komissiyasining o‘tgan yil noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida savdo aloqalari jarayonida tovarlar turini kengaytirish, imtiyozli savdo to‘g‘risida bitim imzolash, elektron tijorat bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, to‘siqlarni bartaraf etish, “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” va “Kuvaytda ishlab chiqarilgan” ko‘rgazmalarini o‘tkazish chora-tadbirlari kelishib olingan. Ayni payt sanoat kooperatsiyasi dasturi va ikki tomonlama sarmoyaviy shartnoma ishlab chiqilmoqda.
Har ikki tomon savdo-sotiqni rivojlantirish muhimligini e’tirof etadi va doimiy ravishda shu yo‘nalishda ish olib boradi. 2020 yildan buyon qariyb 7 barobar o‘sgan savdo aylanmasining asosiy yo‘nalishlari xizmat ko‘rsatish, mineral yonilg‘i, oziq-ovqat va kimyo mahsulotlari oldi-sotdisi hisoblanadi. Binobarin, hamkorlikni kengaytirish uchun hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlayotgan Kuvayt Arab iqtisodiy taraqqiyot jamg‘armasining moliyaviy va maslahat yordami bilan respublikamizda sog‘liqni saqlash, ta’lim, infratuzilma yo‘nalishlarida yirik ijtimoiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, umumiy qiymati 213,2 million dollarga teng 10 ta kredit bitimi, 2,5 million dollarlik texnik ko‘mak bo‘yicha 4 ta bitim imzolangan. Ayni payt “O‘zbekistonda maktabgacha ta’limni davlat-xususiy sheriklik asosida rivojlantirish” loyihasini moliyalashtirish masalasi hal qilinmoqda.
Mutaxassislar fikricha, savdo-sarmoyaviy sheriklik, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish uchun keng imkoniyat mavjud. Tahlillar savdo ta’minotini shakllantirish, qo‘shma korxonalar tashkil etish va yirik hududiy bozorlarga chiqish uchun o‘zaro tadbirkorlik imkoniyatlaridan samarali foydalanish mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 17-18 fevral kunlari Kuvaytga qilgan ilk rasmiy tashrifi O‘zbekiston Ko‘rfaz mintaqasida yangi ishonchli sherikka ega bo‘lganini ko‘rsatdi. Oliy darajadagi uchrashuvda kuzatilgan samimiylik, o‘zaro ishonch muhiti va imzolangan shartnomalar ko‘lami buni tasdiqlaydi.
Siyosiy va iqtisodiy muloqot yakuni tahlili asosida umumiy istiqbol yuzasidan muhim xulosalar chiqarish mumkin.
Ikki davlat munosabatida iqtisodiy hamkorlik ustuvor ahamiyat kasb etmoqda. Oliy darajadagi uchrashuv arafasida O‘zbekiston – Kuvayt biznes-forumi tashkil etildi. Tashrif doirasida davlatimiz rahbari tibbiyot sohasida “Gulf Care General Trading”, investitsiya-bank yo‘nalishida “Kamco Invest”, sarmoya bo‘yicha “Kuwait Investment Company”, moliyada “Al Imtiaz Investment Group”, energetika va infrastruktura bo‘yicha “Action Group Holdings”, transport sohasida “Agility Logistics” kabi qator yirik kompaniyalar rahbarlari bilan alohida uchrashuvlar o‘tkazdi.
Yuqoridagi misollar tomonlar uchun ishbilarmon doiralar muloqoti siyosiy muloqot ahamiyatidan kam emasligini ko‘rsatmoqda. Zero, davlatlarimiz xususiy tadbirkorlik rivojiga milliy iqtisodiyot drayveri sifatida qaraydi.
O‘zaro munosabatning keyingi taraqqiyoti birinchi navbatda O‘zbekiston va Kuvayt davlatlari aholisi uchun manfaatli bo‘lishi lozim. Shakllanayotgan yangi hamkorlik modelida ushbu tamoyil asosiy o‘rin tutadi. Zotan, mamlakatimiz yetakchisining Kuvaytga tashrifi ikki tomonlama munosabatning iqtisodiy tarkibini kengaytirish uchun favqulodda samarali bo‘ldi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston va Kuvayt o‘rtasidagi keng qamrovli hamkorlik har ikki davlat barqaror rivojlanishini ta’minlashning muhim shartlaridan biridir. Qolaversa, bu munosabatlar mustahkamlanishi mintaqalararo hamkorlikni yuksaltirishga ham xizmat qiladi.
Muharrama Pirmatova, O‘zA