Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizdagi yangilanishlarga alohida to‘xtaldi
–Biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang holda, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy Yangi O‘zbekistonni barpo etish siyosatini olib bormoqdamiz. Buning uchun ortga qaytmas islohotlarimizni izchil davom ettiryapmiz.
Ustuvor maqsadimiz – mamlakatimizda yashayotgan har bir oilaning, har bir fuqaroning hayotini tubdan o‘zgartirish, inson qadri va farovonligini oshirishdir,– dedi davlatimiz rahbari.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasini 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqartirishga erishilgani ta’kidlandi. Bunga, avvalo, ta’lim va ilm-fan sohasini o‘zgartirish, innovatsion tarmoqlar va texnologik sanoat korxonalarini barpo etish, “yashil” energetika va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, kichik biznesni har tomonlama rivojlantirish va natijada millionlab ish o‘rinlari yaratish orqali erishilmoqda.
Mamlakatimizda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani, yoshlarimizning oliy ta’lim bilan qamrovi esa 9 foizdan 42 foizga yetgani qayd etildi. Eng asosiysi – o‘qituvchi va ustozlik kasbining obro‘si va nufuzini keskin oshirishga hal qiluvchi masala sifatida qaralmoqda.
O‘zA