Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari BMT minbarida nutq so‘zlaydi
AQSH Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti qarorgohida Bosh Assambleyaning yubiley – saksoninchi sessiyasi (UNGA-80) davom etmoqda.
Mazkur nufuzli anjumanda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari ham qatnashib, nutq so‘zlashi kutilyapti, deya xabar bermoqda “The Times of Central Asia” nashri.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 sentyabrgacha davom etadigan tashrif bilan Nyu-York shahrida bo‘lib turibdi. Davlatimiz rahbari rejasiga umumiy munozara ochilishi kunida nutq so‘zlash, shuningdek Bosh kotib Antonio Guterrish va qator davlat rahbarlari bilan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazish kiritilgan.
Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart Toqayev ham ayni payt Nyu-Yorkda. Uning ma’muriyati sessiya davomida milliy bayonot taqdim etilishi, yuqori darajali hafta doirasida ayrim davlatlar yetakchilari bilan uchrashuv uyushtirilishini tasdiqladi.
Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov 25 sentyabrgacha Nyu-Yorkda bo‘lishi rasman tasdiqlangan. U umumiy muhokamada nutq so‘zlaydi, Xavfsizlik Kengashining sun’iy intellekt bo‘yicha munozarasi va yuqori darajali iqlim bo‘yicha tadbirda qatnashadi. Shuningdek, Bosh kotib Antoniu Guterrish hamda turli mintaqalar rahbarlari bilan suhbatlashadi.
Tojikiston Prezidenti matbuot xizmati 21 sentyabr kuni Emomali Rahmon Qo‘shma Shtatlarga yo‘l olgani haqida xabar bergan edi. Ushbu qardosh yurt yetakchisi ham umumiy munozarada so‘zga chiqadi.
Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov 21 sentyabr kuni Ashxoboddan Nyu-Yorkka xizmat safari bilan yetib borgani ma’lum. Davlat ommaviy axborot vositalari uning “UNGA-80”da ishtirokini tasdiqladi.
O‘tkir Mirzo tayyorladi.
O‘zA